ISTIQBOLLI HAMKORLIK SAMARALARI
O‘zbekiston Prezidentining Ozarboyjonga tashrifiga doir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning taklifiga binoan 2012 yil 11-12 oktyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Boku shahrida bo‘ladi.
Oliy darajadagi muzokaralar chog‘ida o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar bo‘yicha fikr almashish rejalashtirilmoqda.
Rasmiy tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonotini qabul qilish, O‘zbekiston va Ozarboyjon o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan boshqa hujjatlar imzolanishi mo‘ljallanmoqda.
O‘zbek va ozarboyjon xalqlari o‘rtasidagi asrlar davomida mustahkamlanib kelayotgan yaqin do‘stlik va birodarlik aloqalari, madaniyat, til, din va an’analarning mushtarakligi mamlakatlarimizning keng va o‘zaro manfaatli hamkorligi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Toshkent va Bokuda o‘zaro ishonch, do‘stlik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillariga asoslangan aloqalar yuksak qadrlanadi. Muntazam ravishda oliy darajadagi uchrashuvlar o‘tkazib kelinayotgani buning yorqin tasdig‘idir. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2008 yilning sentyabr oyida Ozarboyjon Respublikasiga rasmiy tashrifi, shuningdek, Ozarboyjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning 2010 yilning sentyabrida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi asnosida imzolangan hujjatlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qilayotir.
Mamlakatlarimiz mustaqillikka erishganidan keyin an’anaviy do‘stlik va hamkorlik aloqalari yangi zamon ruhida rivojlana boshladi.
O‘zaro munosabatlarni rivojlantirishdan O‘zbekiston ham, Ozarboyjon ham manfaatdor. Bugungi kunda O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi do‘stona aloqalar savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishlar qatori madaniy sohada ham faol rivojlanmoqda.
O‘zbekistondagi Respublika Ozarboyjon milliy madaniyat markazi ham ikki birodar xalqning do‘stona munosabatlarini yanada mustahkamlashga, madaniy aloqalarni izchil rivojlantirishga xizmat qilayotir. Ushbu markaz O‘zbekistonda Ozarboyjon madaniyati, tili, an’ana va qadriyatlari, urf-odatlarini saqlash va rivojlantirishga, shuningdek, mamlakatimizda millatlararo aloqalarni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shayotir.
– Bugungi kunda O‘zbekistonda qirq mingdan ziyod Ozarboyjon diasporasi vakili yashaydi, – deydi Respublika Ozarboyjon milliy madaniyat markazi boshqaruvi raisi Mobil Mamedov. – Ular O‘zbekistonning ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy hayotida faol ishtirok etayotir. Ilm-fan, ta’lim va sport jabhalarining rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. Aytish joizki, mamlakatimizda barcha millat va elat vakillarining o‘z milliy urf-odat va an’analari, qadriyatlarini tiklash va rivojlantirishi uchun qulay sharoit va keng imkoniyatlar yaratilgan. Bunday muhit, samimiy va do‘stona munosabat O‘zbekistonda yashayotgan turli millat vakillarining ahil-inoq, tinch-totuv, bir oiladek yashashiga xizmat qilmoqda.
O‘zbekiston va Ozarboyjon vakillari ikki mamlakatda o‘tadigan turli madaniyat va san’at festivallarida, forum va ko‘rgazmalarda muntazam ishtirok etib keladilar. Jumladan, ozarboyjonlik san’atkorlar har ikki yilda Samarqandda o‘tkaziladigan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining doimiy va faol qatnashchilari bo‘lib, unda bir necha bor sovrinli o‘rinlarni egallagan.
O‘zbek va ozarboyjon xalqlarining adabiy merosi umumiy, madaniyat va san’ati mushtarakdir. Ozarboyjonda Navoiy yoxud Bobur, O‘zbekistonda Nizomiy yoki Fuzuliy asarlarini o‘qimagan kishini topish qiyin. Bokuda Navoiy haykali, Toshkentda Nizomiy haykali bunyod etilgani ikki mamlakatning bir-birining madaniyatiga bo‘lgan yuksak ehtiromidan dalolatdir.
O‘zbekistonda istiqomat qiluvchi ozarboyjonliklarni birlashtiruvchi tashkilotimizning asosiy vazifalari mamlakatimizda ozarboyjon madaniyatini saqlash va rivojlantirish barobarida o‘zbekistonliklarni Ozarboyjon tarixi, tili va madaniyati bilan tanishtirish, yurtimizda tinchlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashga hamda o‘sib kelayotgan yosh avlodni insonparvarlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga ko‘maklashish, shuningdek, ikki xalqning madaniy aloqalarini taraqqiy ettirishga hissa qo‘shishdan iborat.
Markazimiz ozarboyjon madaniyati, tili, adabiyoti, xalq amaliy san’ati, milliy sport turlari va milliy taomlarini o‘rganishga ixtisoslashgan to‘garaklar hamda musiqiy va ijodiy studiyalar tashkil etish bilan ham shug‘ullanadi. Bunday to‘garaklarga mamlakatimizda istiqomat qiluvchi barcha millat vakillari qatnashishi mumkin. Markaz turli seminar va tadbirlar, ko‘plab tanlovlar, ilmiy va madaniy anjumanlar, konferensiyalar o‘tkazish, iqtidorli yoshlarni O‘zbekistonda va xorijda oliy ta’lim olishi uchun ko‘maklashish, ozarboyjon tilidagi adabiyotlar kutubxonasi jamg‘armasini tashkil etish borasida ham qator sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Joriy yilning Vatanimizda Prezident Islom Karimov tomonidan “Mustahkam oila” yili deb e’lon qilingani munosabati bilan tashkilotimiz va uning hududiy bo‘linmalari ozarboyjon diasporasi vakillarining oilaviy munosabatlarini va qadriyatlarini mustahkamlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Shuni alohida qayd etish joizki, xalqlarimiz o‘rtasidagi qardoshlik rishtalari, o‘zaro do‘stona aloqalar bugungi kunda izchil mustahkamlanib borayotir. O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi munosabatlar barcha sohalar qatori madaniy yo‘nalishda ham jadal taraqqiy etib borayotgani bizni g‘oyat quvontiradi. Markazimiz bu boradagi ishlarni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shayotganidan mamnunmiz. O‘zbekiston bilan Ozarboyjon o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli, ishonch va hurmat tamoyillariga asoslangan hamkorlik aloqalari bundan keyin ham izchil rivojlanib boraverishiga ishonamiz.
Iroda UMAROVA,
O‘zA muxbiri