Mard o‘g‘il keltirgan sharaf

Bu xushxabar Jag‘alboyli qishlog‘iga bir zumda tarqaldi. Faxriddinga havas qilgan, harbiy bo‘lishni ko‘ngliga tukkan yigitlar uning uyiga kelib, ota-onasi, yaqinlarini tabrikladi.

…Faxriddin Abdullayev bolaligidan harbiylikka havasmand edi. Bolalik orzulari yillar o‘tgani sayin aniq maqsadga aylandi. Shu bois u o‘rta maktabni tamomlagach, muddatli harbiy xizmatga otlandi. 2008 yili Chirchiq Oliy tank qo‘mondonlik-muhandislik bilim yurtini imtiyozli diplom bilan tamomladi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga qarashli harbiy qismda vzvod komandiri.

Prezidentimiz rahnamoligida Vatanimiz xavfsizligini, xalqimizning osoyishtaligini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Dunyoning turli mintaqalarida davom etayotgan nizolar, harbiy qarama-qarshilik va mojarolar, terrorizm xurujlari xalqaro xavfsizlikka jiddiy tahdid solayotir. Mamlakatimiz osoyishtaligiga raxna solishi mumkin bo‘lgan ana shunday xavf-xatarlarni har tomonlama tahlil etish asosida Qurolli Kuchlarimizning salohiyati va kuch-qudratini yuksaltirishga qaratilayotgan e’tibor o‘zining ulkan samaralarini bermoqda.

Istiqlol har bir yigitga o‘z Vatanida, o‘zining milliy armiyasida xizmat qilish imkonini berdi. Bugun qaysi ota-ona bilan gaplashmang, farzandini armiyaga yuborish niyatida ekanini faxr bilan tilga oladi. Chunki ular armiyada askarning qanday shart-sharoitda xizmat qilayotgani, muddatli harbiy xizmat davomida jismoniy, aqliy va intellektual salohiyati yanada yuksalishini, xizmatni o‘tab qaytgan o‘g‘li o‘qish yoki ishga kirishda ko‘plab imtiyozlarga ega bo‘lishini yaxshi biladi.

– Milliy armiyamizda xizmat qilish har bir yigit uchun ulkan sharafga aylandi, – deydi kapitan Faxriddin Abdullayev. – O‘zim ham harbiy kasbni tanlaganimdan faxrlanaman. Bu kishiga ulkan mas’uliyat ham yuklaydi. Negaki, harbiy xizmatchi har doim odamlarning nazarida bo‘ladi. Ko‘pchilik unga havas bilan qaraydi, undan o‘rnak olishga harakat qiladi.

Jismoniy tarbiya va sport harbiy xizmatda muhim o‘rin tutadi. Buning amaldagi ro‘yobini Faxriddinning muvaffaqiyatlari misolida ko‘rish mumkin. U harbiy uch kurash bo‘yicha yirik musobaqalarda bir necha bor zafar quchgan.

F.Abdullayev 2010 yilda Prezidentimiz tashabbusi bilan Qurolli Kuchlarimiz tizimida tashkil etilgan “Eng ilg‘or mutaxassis” ko‘rik-tanlovining mamlakat bosqichida “Eng ilg‘or guruh komandiri”, 2012 yilda “Eng ilg‘or vzvod komandiri” nominatsiyalarida birinchi o‘rinni egallagan. Faxriddinga bugun ko‘pchilik safdoshlari va hamkasblari havas qiladi.

Ta’kidlash joizki, mamlakatimizda mard va jasur, Vatanga sadoqatli, el-yurt xizmatiga kamarbasta insonlar yurtimizni yanada taraqqiy ettirish, uning tinchligi va xavfsizligini ta’minlashda fidoyilik ko‘rsatib kelmoqda. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Mardlik” ordeni o‘z mazmun-mohiyati va ahamiyati bilan ana shunday insonlarni taqdirlashga qaratilgan. 2012 yil 11 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq “Mardlik”ordeni bilan o‘zini Vatanni himoya qilish va yurt xizmatiga bag‘ishlagan, mardlik hamda jasorat ko‘rsatgan O‘zbekiston Respublikasining harbiy xizmatchilari va boshqa fuqarolari mukofotlanadi.

Yana o‘qing:  Baxt – tinch osmon ostida har bir soniyani to‘g‘ri sarflashdir!

Prezidentimiz Islom Karimovning 2013 yil 23 avgustdagi farmoniga muvofiq kapitan Faxriddin Abdullayev ham “Mardlik” ordeni bilan taqdirlangan.

– Davlatimiz rahbari har yili Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida biz, harbiylarning mas’uliyatli va sharafli xizmatimizni alohida e’tirof etib, bundan buyon ham yurtimiz tinchligini ishonchli himoya qilish, zamonaviy harbiy texnika va qurol-yarog‘larni mukammal o‘rganib, ularni qo‘llash sirlarini puxta o‘zlashtirishimiz, harbiy san’atni hamisha muvaffaqiyat bilan amaliyotga tatbiq etish bilan birga, ma’naviy yetuk bo‘lishimiz zarurligini ta’kidlaydi, – deydi “Mardlik” ordeni sohibi, kapitan F.Abdullayev. – Bu yuksak mukofot yurtimiz tinchligi uchun fidokorona xizmat qilayotgan barcha hamkasblarimga ko‘rsatilgan yuksak rag‘bat, bildirilgan oliy ishonchdir.

…Bugun Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanidagi Jag‘alboyli qishlog‘ida Asliddin aka Abdullayev va Guliston opa Otaqulovaga ko‘pchilik havas qiladi. Ularning o‘g‘li Faxriddin harbiylikni tanlab nafaqat el-yurtimiz osoyishtaligiga hissa qo‘shmoqda, balki muvaffaqiyatlari bilan ota-onasi ko‘ksini tog‘dek ko‘tarmoqda, Vatani oldidagi farzandlik burchini sharaf bilan ado etmoqda.

Ziyodulla JONIBEKOV,

O‘zA muxbiri

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: