Tug‘ilajak bolaning jinsini oldindan rejalashtirish mumkinmi?
Ayollar salomatligi ko‘p jihatdan erkaklar sog‘lig‘idan farq qiladi. Chunki ayollarning sog‘lig‘i – bu aholi sog‘lig‘ining bir qismidir, bunda sog‘liqni saqlash JSST tomonidan «kasallik yoki kasallikning yo‘qligi emas, balki to‘liq jismoniy, ruhiy va ijtimoiy farovonlik holati» sifatida belgilanadi.
Shu bois, ayol uning salomatligi butun hayoti, hatto kelajak avlodining taqdiriga ta’sir qilishini hech qachon unutmasligi kerak. Sog‘liqni ta’minlash uchun nafaqat o‘z vaqtida davolanish, balki ginekologik kasalliklar rivojlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun profilaktika choralarini ko‘rishi lozim.
Ayollar salomatligi, unga e’tibor qaratishni qachondan boshlash lozimligi to‘g‘risida batafsil ma’lumot olish uchun SSV Matbuot xizmati Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Shaxnoza Zufarovaga murojaat qildi.
– Ginekologlar ayollar salomatligi to‘g‘risida qayg‘urishni qizlik davridanoq boshlash lozimligi haqida ko‘p bora ta’kidlashadi. Hozirgi vaqtda onalarimizning o‘z qizlari salomatligiga e’tiborini qanday baholaysiz?
– Bolalikdan o‘smirlik yoshiga qadam qo‘ygan har bir o‘g‘il-qiz organizmida o‘ziga xos o‘zgarishlar kuzatiladi. Ayniqsa, qiz bola salomatligiga alohida e’tibor berish lozim.
Balog‘at yoshiga yetgach, o‘cmirning fe’l-atvori, tashqi ko‘rinishida sezilarli darajada o‘zgarishlar yuz beradi. Ota-onalar bu davrda o‘z farzandlari bilan yaqindan do‘st bo‘lishlari kelajakda kelib chiquvchi jiddiy muammolar yuzaga kelishining oldini oladi.
Hozirgi kunda turmushga chiqmagan qizlarini ginekolog qabuliga olib borish zarurligini ota-onalarimiz tushunib yetishmoqda, deb o‘ylayman.
Respublika aholi reproduktiv salomatligi markazi xodimlari tomonidan bu borada bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Mahalla faollari, maktab va kollej o‘quvchi qizlari, shuningdek oliygoh yoshlari o‘rtasida ma’ruza va ochiq darslar orqali tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
Yurtimizning shahar va qishloqlarida 2018 yildan boshlab har bir oilaviy poliklinika va qishloq vrachlik punktlarida «Qizlar xonasi», ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarda esa «Qizlar salomatlik markazlari» faoliyat yuritmoqda. «Qizlar salomatlik markazlari»da bolalar ginekologlari xonasi alohida ajratilgan bo‘lib, qiz bolalar hech qanday uyalish, qo‘rqish, navbatda uzoq kutish kabi holatlardan holi tarzda mutaxassis tavsiyalarini olishmoqda.
O‘rta maktab o‘smir qizlari o‘rtasida tor mutaxassislar: bolalar ginekologi, endokrinolog, dermatolog, pediatr tomonidan dispanserizatsiya o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha qizlarni hududiy poliklinikalarning qizlar salomatlik markazlari mutaxassisiga yuborilib, sog‘lomlashtirish ishlari olib borilmoqda.
– Qiz o‘stirayotgan onalarga mutaxassis sifatida tavsiyalaringiz?
– Ona o‘z qizi uchun birinchi ustoz va asosiy o‘rnak bo‘ladigan shaxsdir. U o‘zi va qizining salomatligi uchun mas’ul. Shuning uchun ham quyidagi amallarni o‘zi bajarishi va qizini ham shunga o‘rgatib borishi lozim:
- shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish;
- og‘iz bo‘shlig‘i (tishlarni, tomoqni) o‘z vaqtida davolash;
- ratsional ovqatlanishiga e’tibor berish;
- ginekolog, endokrinolog kabi tor soha mutaxassislari tibbiy ko‘rigidan hamda UTT tekshiruvidan o‘z vaqtida o‘tish;
- muntazam ravishda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish;
- sog‘lom turmush tarziga rioya etish;
- zararli odatlarni tark etish.
Ochiq havoda ko‘proq sayr qilish ruhiy va jismoniy salomatlikni asrash uchun katta yordam beradi. Zero, sog‘lom onadan sog‘lom bola dunyoga keladi.
– Afsuski, bugungi kunda bepushtlik dardidan aziyat chekayotgan juftliklarimiz ham bor. Tajribali mutaxassis sifatida buning sabablari haqida nimalar deya olasiz?
– Albatta, bepushtlikdan aziyat chekayotgan juftliklarning borligi achinarli holat. Bu muammoning ildizini nafaqat qiz bolalardan, balki o‘g‘il bolalardan ham qidirishimiz mumkin. Chunki yoshlikda o‘tkazgan kasalliklar va ularning asoratlari, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik keyinchalik bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Masalan, o‘g‘il bolalarda o‘tkazilgan epid parotit (xalq tilida tepki) kasalligi bo‘lsa, qiz bolalarda endokrin va somatik hamda turli yallig‘lanish kasalliklari ham bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Inson organizmidagi har bir gormonning o‘z vazifasi bor. Bulardan farqli ravishda, ayollarda uchraydigan gormon (estrogen) o‘z navbatida farzand ko‘rish qobiliyatini yuzaga keltiradi va ayol jinsiga monand qomat, xulq-atvor va nafosatni belgilaydi.
Qiz bola organizmida estrogen gormonining kamayib ketishi oqibatida tuxumdon faoliyati susayadi. Bu esa follikulaning o‘z vaqtida yetilmasligi natijasida hayz siklining buzilishi, ko‘krak bezi va bachadonning qisqarishiga olib keladi. O‘z vaqtida davolanmaslik kelajakda bepushtlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Estrogen gormonining kamayib ketishi qalqonsimon bez xastaligi bilan ham bog‘liq muammolardan biridir. Chunki ushbu a’zo orqali butun tana boshqariladi va u gormonlar faoliyatiga ham mas’ul.
Bu gormonning kamayib ketishi nafaqat ayollarda, balki balog‘at yoshidagi qiz bolalar organizmida ham ro‘y berishi kuzatiladi.
O‘smir yoshdagi qiz bola organizmida gormonal buzilishlar ro‘y berishi hayz ko‘rish davridan boshlanadi. Hayz sikli har bir qiz bola organizmida turlicha kechadi.
Ba’zilarda bu 11-12 yoshdan boshlansa, ba’zi qizlarda esa 15 yoshga yetganida ham hayz ko‘rish kechikishi mumkin. Hayz siklining 25-28 kundan oshib ketishi, hayz kunlarining uzayishi va og‘riqli kechishi, qovuq ostida og‘riq bo‘lishi organizmda gormonal buzilishlar ro‘y berayotganidan darak beradi.
Qiz bolalarda uchraydigan endokrin, somatik xastaliklar, jinsiy a’zolarda turli yallig‘lanishlar kelgusida jiddiy kasalliklar, jumladan bepushtlikni ham yuzaga keltirishi mumkin.
Ammo bir narsani ta’kidlashni istardimki, ko‘pchilik bepushtlik to‘g‘risidagi xulosani juda erta chiqarishadi. Masalan, atigi 5-6 oy yashagan juftliklar ham farzand ko‘rolmayapmiz deb kelishadi.
Aslida bir yil davomida hech qanday kontratseptiv vositalarini qo‘llamasdan yashagandan so‘ng homiladorlik ro‘y bermasagina, davo choralarini ko‘rishni boshlash mumkin.
– Shunday juftliklarga qanday tavsiyalar berasiz? Ular dastlab qanday tekshiruvlardan o‘tishi lozim?
– Kasallikni o‘z vaqtida davolash bemorning tezda tuzalishiga turtki bo‘ladi.
Shunday ekan:
- shifokor-ginekolog huzuriga o‘z vaqtida borish;
- qalqonsimon bez xastaliklari (shuningdek, bo‘qoq) kasalliklarini o‘z vaqtida davolash;
- jinsiy kasalliklarni o‘z vaqtida davolash lozim;
- bemorning davolanishi bilan birgalikda to‘laqonlik ovqatlanishi, sut mahsulotlari, tuxum, pomidor, qovoq va sabzavotlarni ko‘proq iste’mol qilishi zarur. Ushbu mahsulotlar tarkibida foliy kislotasi, jumladan, vitamin C ko‘p miqdorda bo‘lib, gormonal o‘zgarishlarni bir maromda saqlashda yordam beradi.
Jumladan, mosh, loviya, no‘xat, soya, guruch, o‘rik, kunjut, brokkoli karami va ko‘katlar gormonal balansni mo‘tadillashtiradi.
Dastlabki tekshiruvlar:
- profilaktik tibbiy ko‘rik;
- ginekolog ko‘rigi;
- endokrinolog ko‘rigi;
- terapevt ko‘rigi;
- ultratovush tekshiruvini tashkil qiladi.
– Hozirda ayollarda qanday kasalliklar ko‘proq uchramoqda, buning sabablari nimada?
– Ayollar orasida ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni kasalliklari, kichik chanoq yallig‘lanish kasalliklari, kamqonlik, bo‘qoq bezi, buyrak va peshob yo‘llari xastaliklari ko‘p uchramoqda.
Sababi, o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmaslik, tibbiy ko‘rikdan muntazam o‘z vaqtida o‘tmaslik, ratsional ovqatlanmaslik (vitaminlarga va mikroelementlarga boy mahsulotlarni iste’mol qilmaslik), shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik, bolalik va o‘smirlik davrida o‘tkazgan kasalliklarga e’tibor bermaslikdir.
– Ayollar doim salomat bo‘lishlari uchun qancha vaqt oralig‘ida ginekolog qabulida bo‘lib turishi lozim?
– Har 6 oyda bir marta, albatta, ginekolog qabulida bo‘lish shart! Bu o‘z navbatida, ayollar o‘rtasida ko‘p uchraydigan ko‘krak bezi va bachadon bo‘yni saratoni kabi kasalliklarning ham o‘z vaqtida oldini olish va davolashda yordam beradi. Ayniqsa, oila a’zolarida irsiy ginekologik patologiya bo‘lgan ayollar profilaktik tekshiruvlarga bee’tibor bo‘lishlari mumkin emas.
– Homiladorlikni rejalashtirish oldidan ginekologdan tashqari yana qaysi shifokorlar ko‘rigidan o‘tish lozim?
– Bu davrda barcha kasalliklarni, ayniqsa surunkali yallig‘lanish o‘choqlarini davolash zarur. Agar ayolda surunkali tonzillit, surunkali xoletsistit, tish kariozi bo‘lsa, homiladorlik paytida asoratlar paydo bo‘lmasligi uchun hammasini davolatib olish kerak. Peshob tizimi a’zolaridagi surunkali jarayonlarni ham davolash juda muhimdir.
Keyinchalik kutilmagan kasalliklarning oldini olish uchun oilaviy shifokor qabulida bo‘lib, qorin bo‘shlig‘i organlarining ultratovush tekshiruviga yo‘llanma olish kerak. Qalqonsimon bezni skrining qilish ham tavsiya etiladi.
– Xalqimiz bolajon, ba’zi oilalar esa o‘g‘il yoki qiz tug‘ilmaguncha ketma-ket farzand ko‘rishga ham tayyor. Bu vaziyatni qanday izohlaysiz, bu ayol salomatligi uchun qanchalik zararli?
– Sog‘lom bola dunyoga kelishi uchun, albatta, ona ham sog‘lom bo‘lishi shart. Shuning uchun biz, shifokorlar tug‘ruqlar oralig‘iga e’tibor berilishi haqida qayg‘uramiz.
Chunki hali avvalgi tug‘ruqdan keyin o‘zini tiklashga ulgurmagan bachadonda tug‘ilajak bolaning sog‘lom rivojlanishi uchun sharoit yetarli bo‘lmaydi. Bu esa homilaning o‘z-o‘zidan tushishi, vaqtidan oldingi tug‘ruqqa olib kelishi mumkin.
Bundan tashqari, og‘ir toksikozlar, kamqonlik, surunkali kasalliklarning avj olishi kabi noxush holatlarni keltirib chiqaradi. Homiladorlik va tug‘ruq vaqtida qon ketish, sepsis, eklampsiya kabi holatlar rivojlanishi natijasida homilador ayolning nogironlikka, hatto nobud bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
– Umuman zamonaviy tibbiyotda tug‘ilajak bolaning jinsini oldindan rejalashtirish tajribasi qay tarzda rivojlanmoqda va bu qanchalik o‘zini oqlamoqda?
– Farzand jinsini rejalashtirish mavzusi doim qiziqishlarga sabab bo‘lib kelgan. Bo‘lajak ota-onalarning ba’zilari oilasida o‘g‘il dunyoga kelishini istasa, boshqasi qiz tug‘ilishini intiqlik bilan kutadi.
Tibbiyot nuqtai nazaridan va ilmiy tilda tushuntirganda, farzandning jinsi erkak kishiga, aniqrog‘i, tuxum hujayrani aynan qanday spermatozoid urug‘lantirishiga bog‘liq. Ayol tuxum hujayrasida jins uchun javob beruvchi xromosoma doim bitta – X xromosoma bo‘ladi. Erkak spermatozoidi esa
X yoki Y xromosomaga ega bo‘lishi mumkin. Agar tuxum hujayra X xromosomali spermatozoid bilan urug‘lantirilsa, qiz, Y xromosomali spermatozoid bilan urug‘lantirilsa, o‘g‘il dunyoga keladi. Demak, bolaning jinsi yuz foiz homilador bo‘lish vaqtidagi vaziyat zayliga bog‘liq, deyish mumkin.
Xalq orasida rejalashtirishning bir necha usullari mavjud: parhez usuli, qon yangilanishi usuli, taqvim usullari mavjud. Lekin zamonaviy tibbiyot va ilmiy jihatdan isbotlanmagan va dalillar yetarli darajada emas.
Shunday ekan, farzand o‘g‘il bo‘ladimi yoki qiz, u Alloh tomonidan in’om etilgan
ne’matlarning eng ulug‘laridan biri.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Matbuot xizmati