Allergiyadan qanday qutilamiz?

Allergiyaning turli xillari mavjud: kimdir gullash vaqtida aziyat cheksa, kimdir ma’lum mahsulotlarni, yana boshqalar esa – dori vositalarini qabul qila olmaydilar. Keling, allergiyaning eng ko‘p uchraydigan turlarini ko‘rib chiqamiz:

Oziq-ovqat


Allergiyaning ushbu turi hayvon va o‘simliklardan tayyorlangan oziq-ovqatlarga nisbatan yuqori sezuvchanlikni nazarda tutadi.
Alomatlari: tumov, qichishish, terida toshma va qizarish paydo bo‘lishi, nafas olishning qiyinlashishi hurujlari.

Dori vositalari


Dori vositasi qayta yuborilganida reaksiya ko‘rinishida yuzaga keladi.
Alomatlari: davomiy isitma, eshak yemi, qavariqlarning paydo bo‘lishi, ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi va bo‘g‘ma huruji.

Nafas yo‘llarida


Havodagi mayda zarralar va chang organizmga tushishi oqibatida yuzaga keladi. Ayniqsa bahorda, o‘simliklar gullash davrida avjiga chiqadi, shuningdek kana, uy hayvonlari yungi va chang tufayli ham yuzaga keladi.
Alomatlari: tez-tez yo‘talish, aksirish, burun qichishi va tumov, ko‘zlarning yoshlanishi va achishishi, nafas olishning qiyinlashishi va bo‘g‘ma hurujlari.

Qaysi mahsulotlar allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin?
Yevropa allergologlari va klinik immunologlari assotsiatsiyasining so‘nggi Kongressida allergiyaning kelib chiqishiga eng ko‘p sabab bo‘luvchi mahsulotlar ro‘yxati qayta ko‘rib chiqildi va to‘ldirildi. Bugungi kunda allergiya sababchilaridan bo‘lgan mahsulotlar ro‘yxati quyidagicha:

  1. Sut
  2. Bug‘doy
  3. Tuxum
  4. Baliq
  5. Turli yong‘oqlar
  6. Yeryong‘oq
  7. Mollyuskalar
  8. Qisqichbaqasimonlar
  9. Kunjut
  10. Selderey
  11. Sulfitlar
  12. Xantal
  13. Soya
  14. Lyupin

Bu mahsulotlarning ko‘pi juda mazali va foydali, ammo, afsuski, allergik reaksiya yuzaga keltirib, toshma, qichishish va shishlarni paydo qiladi.

Eshakemi kasallikmi?


Eshakemi (Urticaria) (Krapivnitsa) – teriga, ba’zan shilliq qavatlarga toshmalar toshishi bilan kechadigan kasallik!
Organizmning allergik reaksiyasi ayrim ovqatlar (tuxum, shokolad, qulupnay, mandarin) va dorilar (antibiotiklar, sulfanilamid preparatlar, xinin va boshqa(lar))ga nisbatan sezuvchanlikning ortishi, hasharotlar (ari, chayon) chaqishi, gul hidlash yoki biror o‘simlik (qichitqi o‘t) tegib ketishi tufayli vujudga keladi. Bir necha soatdan keyin eshakemi batamom yo‘qoladi, ba’zan qaytalanib turadi.

Eshakemining bot-bot qo‘ziydigan surunkali shakli oylab cho‘ziladi; bu odatda, organizmda moddalar almashinuvi va me’da-ichak faoliyatining buzilishi, jigar, buyrak kasalliklari; gijja kasalligi va sekin kechadigan o‘chokli infeksiyalar: murtak bezi, burunning yondosh bo‘shliqlari va quloqning yallig‘lanishi (tonzillit, gaymorit, otit) bilan bog‘liq. Kishilarning issiq yoki sovuqqa nisbatan sezuvchanligining ortishi ham surunkali eshakemiga sabab bo‘ladi.
Kasallik to‘satdan boshlanadi: badanga shakli har xil, katta-kichik, och qizg‘imtir qavariqlar toshib, qattiq qilishadi; teridan bo‘rtib chiqib turadi; ular tezda kattalashib, bir-biriga tutashib ketadi; palaxsa-palaxsa bo‘lib chiqqan toshmaning o‘rtasi oqaradi; bemor lohaslanadi, harorati ko‘tariladi.
Ba’zan teridagi eshakemi toshmalari juda yirik bo‘lib (yirik eshakemi yoki Kvinke shishi), bunda yumshoq tanglay, halqum va ichki a’zolarning shilliq qavatlari ham shishishi mumkin.
Eshakemining bu shakli og‘irroq kechadi. Davo shifokor allergolog ko‘rsatmasiga binoan olib boriladi.
Parhez taomlar (tuz va qand miqdori kam) buyuriladi; allergik reaksiya beradigan tuxum, shokolad, limon, shuningdek, qazi, kolbasa, spirtli ichimliklar va achchiq ovqatlar iste’mol kilmaslik; ichaklarning normal yurib turishini ta’minlash lozim.
Eshakemining oldini olishda, eng asosiysi, odam o‘ziga yoqadigan yoki yoqmaydigan ovqat hamda dorilarni ajrata bilishi va yoqmaydiganini iste’mol qilmasligi zarur.
Qisqacha ma’lumotlar shundan iborat. Xalq orasida eshak yemi kasalligiga chalingan bemor etagida eshakka yem bersa tuzalib ketadi degan davo usullarning hammasi yolg‘on. Agarda bu allergiya belgilari bemorda kuzatilsa yoki shubha qilinsa, allergolog shifokorga murojaat qilish kerak!

Yana o‘qing:  Stomatolog qabulida qo‘rquvni qanday yengish mumkin?

Profilaktika: nima qilish kerak?


Allergik reaksiyalar xavfini kamaytirish uchun juda yaxshi yordam berishi mumkin bo‘lgan bir nechta allergiya profilaktikasi qoidalari bor. Buning uchun: gippoallergen sharoit yaratish kerak, jumladan:

– har kuni uyingizni nam usulda tozalab chiqing;
– xonalarni muntazam shamollatib turing;
– tarkibida par va yung bo‘lgan buyumlardan foydalanmang;
– maishiy kimyoviy vositalar va purkaladigan kosmetikadan foydalanmang.
To‘g‘ri ovqatlanish:
– ratsioningizdan ekstraktiv moddalar va ziravorlarni chiqarib tashlang;
– shifokor-allergolog tavsiya qilgan parhezdan chetlashmang;
– ozuqaviy qo‘shimchalar (bo‘yoqlar, konservantlar) qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilmang.
Eng asosiysi, o‘z vaqtida shifokor-allergolog ko‘rigi va muolajasidan o‘tib turish! Haqiqiy xatarni faqat shifokor aniqlay oladi va allergiya yuzaga kelgan vaziyatda to‘g‘ri muolaja usulini belgilab beradi.

Sherzod MUXTOROV,

allergolog-immunolog

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: