Maymoqlik zudlik bilan davolanishni talab etadi(mi?)

Shifokor olimlar kuzatishlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda bolalarda oyoq kaftidagi tug‘ma nuqsonlar (ayniqsa maymoqlik) ko‘p uchramoqda. Aslida bunday holat ro‘y berishining sabablari nimada? Davolash choralari bormi?

Ma’lumki, bolalar oyoq kaftidagi nuqson irsiy yoki genetik muammolar bois yuzaga kelishi mumkin. Homiladorlikda suvsizlanish sababli bolaning ona qornida noto‘g‘ri joylashib, siqilib qolishi ko‘pincha tug‘ma maymoqlikka sabab bo‘ladi. Shuningdek, homiladorlik vaqtida onaning turli infeksion kasalliklarga chalinishi, kuchli depressiya holatida bo‘lishi, noto‘g‘ri ovqatlanishi oqibatida ham ushbu xastalik kelib chiqadi. Ya’ni, noto‘g‘ri turmush tarzi ona qornidagi homilaning rivoj­lanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Homiladorlikning 16 haftasida boladagi oyoq maymoqligini UTT apparati tekshiruvi orqali aniqlash mumkin. Bola tug‘ilgach, unda oyoq barmoqlarining turli anatomik kasalliklari (masalan barmoqlarning kalta bo‘lishi, bir-biriga yopishib qolishi – sindaktriya, kaft suyaklarining yaxshi rivojlanmay qolishi) ko‘zga tashlanadi. Bunday holatda shifokor neonatolog chaqaloqqa tug‘ma maymoqlik tashxisini qo‘yishi va davolash choralari haqida maslahat berishi mumkin. O‘z vaqtida olib borilgan davolash muolajalari xastalik uzoq cho‘zilishining oldini oladi.

Oyoq panjasi qiyshiqligi (maymoqlik) tez-tez kuzatiladigan holat hisoblanib, bunda ikkala oyoq (to‘piqdan pastki qismi) panjalari bir-biriga qaragan, tovon esa yumaloq bo‘ladi. Juda kuchli rivojlangan maymoqlikda bola oyoq panjasining tashqi chekkasiga, hatto ichki yuzasiga tayanib yuradi. Bolada tug‘ma maymoqlik aniqlansa, tezroq davolash lozim. Bunda oyoq qiyshiqligini to‘g‘rilaydigan bog‘lovlar, maxsus gipslar qo‘yiladi. Oyoq mushaklarini mustahkamlash uchun fizioterapevtik muolajalar buyuriladi. Bu usullar yordam bermasa, bola 1,5-2 yoshga to‘lgach operatsiya yo‘li bilan davolanadi.
Aslida bolalarda tug‘ma kasalliklar paydo bo‘lishining ekzogen va endogen sabablari mavjud. Ekzogen (tashqi) sabablar qatoriga ekologik ahvolning yomonlashuvi, oziq-ovqatlarga kimyoviy ishlov berilishi, shuningdek, homiladorlik paytida onaning turli antibiotiklarni qabul qilishi va kuchli stress­larni kiritish mumkin. Kamqonlik, yurak-qon tomir kasalliklari, oshqozon-ichak tizimidagi va endokrin kasalliklar, moddalar almashinuvining buzilishi kabilar esa endogen (ichki) sabablardir.

Dunyoga kelajak bolada tug‘ma nuqsonlarning oldini olish uchun ona homiladorlik vaqtida o‘zini ehtiyotlashi, kun tartibiga rioya qilishi, toza havoda ko‘proq bo‘lishi, bo‘lar-bo‘lmas narsalarga asabiylashavermasligi, to‘g‘ri ovqatlanishi va dorilarni shifokor nazorati ostida qabul qilishi lozim. Agar tug‘ma maymoqlik o‘z vaqtida davolanmasa, oyoq kafti suyagini xirurgik yo‘l bilan kesib to‘g‘rilash usulidan foydalaniladi. Davolashdan ke­yin maxsus ortopedik oyoq kiyimlarni kiyish tavsiya etiladi, bolalar doimiy dispanser kuzatuvida bo‘lishlari lozim.


Ko‘pchilik ota-onalarni maymoqlikni uy sharoitida qanday davolash qiziqtiradi. Maslahat shuki, bunday holatda albatta shifokor ortopedga murojaat etganingiz ma’qul. Farzandingiz oyoq kaftidagi nuqsonlarning qay darajada murakkab yoki yengilligini shifokor aniqlab, davo muolajalarini belgilaydi. Keyin qo‘shimcha uqalash mashqlari kompleksini tavsiya etishi mumkin. Eng avvalo, bola ortopedik oyoq kiyimi kiyishi lozim. Shu bilan birga oyoqyalang qum ustida, o‘tloqda yurishi yoki uydagi divan yostiqchalari ustida yurishga harakat qilishi kerak. Bunda oyoq tovoniga, mushaklariga og‘irlik tushadi va tabiiy usulda uqalanish ro‘y beradi.

3-4 yoshli bolalar velosiped haydash, suvda suzish kabi sport turlari bilan shug‘ullanish­lari ham nuqsondan forig‘ bo‘lishda yordam beradi. Shifokor buyurgan muolajalarni o‘z vaqtida bajarib, qo‘shimcha mashg‘ulotlarga doimiy e’tiborda bo‘lsangiz, farzandingiz oyoq kaftidagi muammolarni bartaraf etish imkoni yaratiladi.

Ahror JO‘RAYEV,

Yana o‘qing:  Piyoda yurish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 31 foizga kamaytiradi

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: