«Qiltomoq»ning davosi bormi?

Xalq orasida «qiltomoq» bo‘libdi» degan iborani ko‘p eshitamiz, ammo doim ham bu qanday kasallik ekanini bilavermaymiz. Xo‘sh, «qiltomoq» qanday kasallik?! Ushbu xastalikning oldini olishda nimalarga e’tibor qaratish lozim? «Qiltomoq» yoki qizilo‘ngach o‘smasi kasalligi haqidagi SSV Matbuot xizmatining savollariga tibbiyot fanlari doktori Olimjon G‘ulomov javob beradi.

– «Qiltomoq» yoxud qizilo‘ngach o‘smasi deb ataladigan ushbu kasallik asosan tomoqdagi noqulaylik, ovqatni chaynash va yutish paytidagi qiyinchiliklar orqali boshlanadi, – deydi Olimjon G‘ulomov. – Kasallikning kelib chiqishiga asosan tanovul vaqtidagi noxush holatlar – qizilo‘ngachning baliq qiltanoqlari, ovqatdagi mayda suyaklardan shikast­lanish yoki kimyoviy kislotalar va ishqorlardan kuyishi sabab bo‘ladi.
Shuningdek, ushbu xastalik miya qon-tomirlari jarohatlanishi, miya shikastlanishi, xavfli va xavsiz o‘smalar, asab kasalliklari va boshqa omillar tufayli ham yuzaga kelishi mumkin.

– Kasallik vaqti bemorda qanday salbiy o‘zgarishlar kuzatiladi?


– Xastalikda qizilo‘ngach devorlari shikastlanib, torayadi va bu holat ovqat yutishning qiyinlashishi (disfagiya)ga olib keladi. Bunda bemor dastlab quyuq, keyinchalik suyuq ovqatlarni yutolmay qoladi. To‘sh orqasida, ba’zan ko‘krak pasti va qorin sohasida turli og‘riqlar kuzatiladi.
Qizilo‘ngach teshigining torayishi vaqti ko‘pincha ovqatni yutishdan ko‘ra, taom o‘tayotgandagi kuchli og‘riq bemorga noqulaylik tug‘diradi. Bunday vaqtda suyuq ovqatlar, bo‘tqalarni tanovul qilish qiyin bo‘lmasligi mumkin, ammo quyuq ovqatlarni yeyayotganda odam suyuqlik ichishga majbur bo‘ladi. Agar yutish buzilishi bemorning hayotiga xavf tug‘dirsa, shifokor tomonidan bemorni maxsus naycha orqali ovqatlantirish buyuriladi.

– Disfagiya belgilari kuzatilganda, bemor qanday taomlanishi lozim?


– Avvalo ovqatni oz-ozdan, bo‘lib-bo‘lib yeyishga odatlanishi kerak. Buning uchun kuniga 4-5 mahal taomlanishi maqsadga muvofiq. Das­turxon oldida imkon boricha gapirmaslik, taomlanayotganda shoshilmaslik lozim.
Aks holda qizilo‘ngachga havo ketib, ovqat o‘tishi yanada qiyinlashishi, bu esa bemorga ortiqcha noqulaylik tug‘dirishi mumkin. Bundan tashqari, ovqatdan so‘ng darhol uxlashga yotib olmaslik zarur. Chunki bu ham disfagiyaga sabab bo‘ladi.

– Qizilo‘ngach faoliyatining buzilishiga yana qanday omillar sabab bo‘ladi?


– Qizilo‘ngach sohasidagi aksariyat og‘ir xastaliklar shilliq qavatning shikastlanishi tufayli kelib chiqadi. Ba’zan shoshib ovqatlanish yoki quruq yeguliklarni yaxshi chaynamasdan yutish ham qizilo‘ngachning ichki nozik shilliq qavatlarini shikast­lantirishi mumkin. Buning natijasida shilliq qavatda turli o‘smalar paydo bo‘ladi.

Qizilo‘ngach saratonining dastlabki bosqichlari ko‘pincha alomatlarsiz o‘tadi. Kasallik faqat ovqatni yutish qiyinlashgandagina o‘zini namoyon qiladi. Bu holat esa qizilo‘ngachning ichkarida o‘sayotgan o‘simta bilan to‘sib qo‘yilganda yuzaga keladi. Xususan, kichik shish paydo bo‘lishi devorning spazmiga va natijada ovqatning siqilishga olib kelishi mumkin.

Aslida qizilo‘ngach o‘smalari ikki xil bo‘lib, xavfli va xavfsiz turlarga ajraladi. Xavfsiz o‘sma hujayralari tananing boshqa a’zolariga tarqalmaydi. Masalan, fibroma, gemangioma, neyrofibroma, leymiomalar asosan erkaklarda uchraydi. Xavfli o‘sma esa xavfsiziga qaraganda tezroq va betartib rivojlanadi. Keyinchalik esa yon-atrofdagi to‘qimalarga kirib borib, ularni zararlaydi.

– Kasallikka qanday tashxis qo‘­yiladi?


– Avvalo, qizilo‘ngach o‘smasining turini aniqlash uchun shifokor bemorda diagnostik tekshiruvlarni o‘tkazadi. Unutmaslik lozim, har qanday bemorga qo‘yiladigan to‘g‘ri tashxis chuqur tekshiruvga asoslanadi.
Shu bois, shifokor qizilo‘ngachni endoskopik tekshiruvdan o‘tkazish uchun laborator tekshiruvlarni tayinlaydi. Zarur bo‘lsa, biopsiya – tekshiruv uchun to‘qimaning kichik bir qismi ham olinishi mumkin.
Shuningdek, o‘simta tarqalishini bilish uchun (boshqa to‘qimalar va organlarning ishtirok etish darajasi) qo‘shimcha tekshiruv usullari ham qo‘llaniladi. Shifokor yutishning qaysi bosqichi buzilishini aniqlagach, shunga qarab har bir bemor uchun individual tiklash muolajalarini tayinlaydi.
Jumladan, bemorga asosan nutq terapiyasi, faol yutish va chaynashning rag‘batlantirish mashqlari, artikulyar mashqlar, faringeal mushaklarning tebranishini o‘z ichiga olgan mashg‘ulotlar buyuriladi. Shu bilan birga, taomnomaga ham alohida e’tibor berilib, suyuq va quyuq ovqatlarning mosligi belgilanadi. Mutaxassis tomonidan tayinlangan mashg‘ulotlar davomiyligi bemorning holatiga qarab davom ettiriladi.

– Odamda qizilo‘ngachning xavfli o‘smasi aniqlansa, qanday davo choralari qo‘llaniladi?


– Agar kasallik tanaga butunlay tarqalib ketgan bo‘lsa, u holda maxsus davolash choralari – nur yoki kim­yoviy dorilar tayinlanadi.

Yana o‘qing:  Aqlli “igna” yaratildi

Aytish joizki, hozirgi paytda zamonaviy tibbiyot qizilo‘ngach o‘smalarini erta aniqlab, tashxis qo‘yish uchun barcha imkoniyatlarga ega. O‘smalarni olib tashlash maqsadida o‘tkaziladigan jarrohlik amaliyotlari ham ijobiy natija beradi. Buning uchun bemor shifokorga o‘z vaqtida murojaat qilishi zarur.

Sog‘liqni saqlash vazirligi

Matbuot xizmati

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: