O‘zi nima gap?
(Hajviya)
– Ha, Sotimboy, tomga narvon tirab, nimaga taraddudlanding, – dedi Ne’mat bukri ko‘chadan o‘tayotib, hol-ahvol so‘ragan kishiday.
– Shunchaki, qor kuramoqchiman, bu savil o‘lguram, faqat mening uyimga yoqqandaya! Tizzamni ko‘maman, deydi, – nolish qildi Sotimboy domla.
– Ja, unchalikmasdir, bo‘ying kalta-da, bizning to‘piqqayam chiqqani yo‘q-ku. Agar tizzamizni ko‘mguday yog‘sa, seni bahorgacha ko‘rmaskanmizda-a!
– Kul, kulaver, o‘zing bir bukri bo‘lsangu, dimog‘ qiganingga o‘laymi, bor, yo‘lingdan qolma, – qo‘li bilan imo qildi domla va oshxona tomonga baqirdi, – Xotin, qorkurakni olib kelasanmi, yo‘qmi?! Shu lallayishing bo‘lsa, qor ham erib bitadi.
– Na muncha baqirasiz-a, namuncha baqirasiz? – deya ayvon ostonasida ovoz berdi Sotimboyning shodaroz xotini.
Ne’mat bukri devordan bo‘ynini cho‘zgancha, bamaylixotir so‘z qotdi.
– Do‘g‘ing balandku, a?! Senga ham qiyin, kuching xotiningga ham yetmaydi.
– Shoshma, shoshma, yana bir qaytar, – Ko‘zlarini soqqaday qilib o‘qraydi Sotimboy domla, – ellik yillik oshnam bo‘la turib sen shu gapni aytsang, kimga dod dey, a, kimga dod dey?!
– Sen dod deyishga odam qidirib o‘tiruvir. Do‘lanasoyda Shermat polvon akangni rosa do‘pposlabdi. Bechora “Mening orqamda turadiganim yo‘q-da, na ukadan, na akadan yolchidim. Bo‘lmasa, shu yoshimda birovdan kaltak yeb o‘tirarmidim”, deb rosa koyindi. Shu polvonniyam aytamanda, oltmishga yaqinlashib qoldi, birov bilan mushtlashib nima qiladi?! Yana traktorchilarning eng kamtari, nafsi hakalak otmagani sening akang bo‘lsa.
– Akamni-ya… O‘sha Shermat-a… Nega urarkan? Ko‘ziga ko‘rsataman u mushtumzo‘rni.
– Do‘lanasoydan o‘tin olib kelishimiz kerak edi. Bolalar g‘o‘rlik qilib, Shermat polvon bilan va’dalashgan ekan. Men esa akang bilan kelishib qo‘ygandim. Bir payt o‘tinni ortib tursak, polvon olovlanib keldi-yu, akangni rosa do‘pposladi.
– Erkak bo‘lmay o‘l, sen qarab turaverdingmi, och biqinini oshirib tushirmaysanmi, o‘sha qirg‘iyko‘zni.
– Bilasanku, Shermat polvonning qadamidan o‘t chatnaydi. Ko‘ziga tik qarolmaysan, nigohlari bo‘rinikiday sovuq.
– Qo‘rqoqqa qo‘sh ko‘rinarmish, deb shuni aytadilar-da, – dedi Sotimboy domla, – u polvonchang mening qo‘limga tushmagan-da. Shermating qayerda hozir?
– Do‘lanasoyda bo‘lsa kerak, balki qaytayotgandir. Yo‘lda ham uchratishing mumkin.
Domla shahd bilan ko‘chaga yo‘naldi. Sotimboy domla yaxshi odam-u, sal gapga lovillab ketadi. Biroz jizzakiligi bor. Obdon tagini surishtirmay, “qovun tushirib” o‘tiradi. Keyin o‘zi ham pushaymon bo‘ladi.
Darvozaning daranglaganini eshitib, tashqarilagan xotini orqasidan baqirdi:
– Hoy, dadasi, qayerga ketyapsiz, kalishdan nam o‘tadiya, – etingizni kiyib oling.
O‘zi, depsina-depsina ketayotgan domla orqaga qaramoqchi bo‘lib, loyda toyib ketdi. Bo‘y-bosh ag‘anadi. Kiyimlari shalabbo bo‘ldi.
– Nima deysan? Ovozingdan yer ham talmovsirab qoladi, – nolishli ovozda gapirdi domla o‘tirgan ko‘yi loyli kaftlarini bir-biriga ishqab o‘rnidan turdi va qadamining zo‘ridan toyib-tayrinib ortiga qaytdi.
– Boshqa kiyim olib chiq, tez bo‘l, – darvozadan kirishi bilan zarda qildi domla.
– Yosh boladay yugurgilab qayerga ketyapsiz, o‘zi? – so‘radi xotini.
– Jangga ketyapman, jangga. Shermat polvon akamni urganmish.
Birovni urish qanday bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman unga.
– Voy, Shermat polvon. Qo‘ying, bormang dadasi. Sizni o‘ldirib qo‘yadi u.
– E, yopishma menga, – xotinining qo‘llarini siltab tashladi domla va o‘sha holatda Do‘lanasoyga yo‘l oldi.
Yo‘lma-yo‘l o‘ziga-o‘zi gapirib, Shermat polvonni “tuzlab” bordi. “Nafsi hakalak otgan u qurumsoqning. Yoshligidan shunday edi. Kattani katta, kichikni kichik demay, savalagani savalagan edi. Ota-onasini kuydirib o‘ldirdi. Uning xurmacha qilig‘larini ko‘tarolmay kun ko‘rmay o‘lib ketdi bechoralar. Ha, Shermat, endi hammasi uchun tovon to‘laysan. Shu paytgacha bizning urug‘ birovdan kaltak yegan emas. Aka-ukasi pakana. No‘xotga o‘xshaydi, deganda. Tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan, Shermat”, domla ming‘ir-ming‘irlab Do‘lanasoyga ham yetib keldi. Besh yuz metrcha narida, qiyalikning boshlanishida polvonning traktori turibdi. Tirkama aravasiga tuyaning o‘rkachiday qilib o‘tin ortilgan. “Qo‘limga tushdingku, Shermat”, dedi domla alamli kulgu bilan kaftini ishqab va qor to‘lgan kalishini qoqmoqchi bo‘lib sirpanib ketdi. Shu ketishda yuz metrcha quyiga “Qanotsiz” uchib bordi. Choponi yirtilib ketganiga ham ahamiyat bermagan domla tezgina manzilga yetib oldi.
Shermat polvonning yuzlariga traktorning qorasi suykalib ketgan. U traktorning tagiga kirib, uni sozlash bilan ovora edi. Buni ko‘rib Sotimboy domla ko‘nglidan o‘tkazdi: “Xudo jazolabdi-da, battar bo‘l”.
– Shermat, – dedi u polvonning traktorning tagidan chiqib turgan oyog‘iga bir tepib. – Chiq bu yoqqa. Erkakmisan, o‘zi. Meni ko‘rib traktorning tagiga berkinib oldingmi, quyonyurak.
Nima gapligidan bexabar Shermat polvon sekin traktorning ostidan chiqdi va hayron ohangda so‘z qotdi:
– Tinchlikmi Sotimboy domla, rangingiz boshqacha.
Sotimboy domla o‘ylab o‘tirmay, Shermat polvonning yuziga o‘xshatib musht tushirdi. Voqea bunday tus olishini kutmagan polvon Sotimboyning iyagidan ko‘tarib kabinaga otib yubordi va shart tizzalari ostiga oldi.
– O‘ldiraman seni Sotim, – piyoladay ko‘zlarini qinidan chiqarib baqirdi polvon.
Vaziyat o‘zi kutganidek davom etmaganidan dovdirab qolgan domla xirillagan ovozda – O‘zi, nima gap, o‘zi, nima gap? – deb takrorlashdan nariga o‘tmadi…
Bu gap qishloqqa ovoza bo‘ldi. Hamma bir-birini ko‘rsa, “o‘zi nima gap” deb kulishar, “eh, domla-ya”, deb bosh silkib qo‘yishardi.
Ertasi kun darvozada Ne’mat bukri ovoz berdi.
– Ha, kelin Sotimboy uydami, – mamnun kayfiyatda so‘radi bukri.
– Uydalar, yotibdilar, – degancha domlaning xotini yig‘lab yubordi, ko‘z yoshlarini ro‘molining uchi bilan artib, uyga taklif etdi.
– E, oshna, o‘zi nima gap? Oyog‘ingni shiftga osib yotibsan. Shermat polvonni urish uchun jiddiy shug‘ullanyapsan, shekilli.
Yuzini teskari burdi domla.
– Ey… Gapingga kirmay, o‘lay. Nega ishondim-a?! Shermat polvon og‘ir-vazmin kishi ekanini bilardim-ku, shu yoshiga kirib “qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan”, halol, kamsuqum odam. Sen bo‘lsang… E, bor-e, – degancha sandalning ustida turgan choynakni bukriga qarata otdi. “Qars” etgan ovozdan ichkarida bir uyum chinni sinig‘i qoldi. Derazani barmoqlari bilan chertgancha, so‘z qotdi Ne’mat bukri:
– Odam haddini bilishi kerak domla, meni bukri-bukri, derding. O‘zing yurolmay ham qolibsan-ku.
Sotimboy domlaning ko‘zidan yosh sirg‘alib tushgan sari tashqarida kulgi ovozi tobora balandlab borar edi.
Bahodir BAHROM