Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi haqida bilasizmi?

Qrim-Kongo gemorragik isitma kasalligi (QKGI) kanalar orqali transmissiv yo‘l bilan yuqadigan, tabiiy o‘choqli o‘ta xavfli yuqumli kasallikdir.
Ushbu kasallik insonlarning o‘tkir yuqumli kasalligi bo‘lib, odamlarga odatda kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan kanalar chaqishi orqali yuqadi. Bundan tashqari, kasallangan bemor bilan muloqotda bo‘lganda (qon olish, in’yeksiya qilish, kanalarni qo‘l bilan olib tashlash, bemorni parvarishlash davrida kichik jarohatlar orqali) yuqadi.

Kasallikni virus qo‘zg‘atadi. Yirik va mayda shoxli hayvonlarda uchraydigan iksod kanalari ushbu kasallik virusining saqlovchisi va tashuvchilari hisob­lanadi. Kasallik virusining manbalari – kemiruvchilar, yirik va mayda shoxli mollardir. Demak, kasallikning asosiy manbai bo‘lib, kasallangan odamlar, kasallik qo‘zg‘atuvchisi bilan zararlangan kanalar va hayvonlar hisoblanadi.
Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi o‘ta xavfli o‘tkir virusli yuqumli kasallik bo‘lib, agarda bemor o‘z vaqtida shifokorga murojaat qilmasa va tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, ayanch­li oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bu xastalik bilan faqat odamlar kasallanadi. Hayvonlar bu kasallik bilan kasallanmaydi. Kasallikka barcha yoshdagi odamlar birday chalinadi, bemorlarning asosiy qismini 15 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan faol yoshdagi insonlar tashkil etadi. Tajribaga ko‘ra ushbu kasallik bilan 5 yoshdagi bola kasallangan holatlar ham kuzatilgan.
O‘zbekistonda kanalarning 100 dan ortiq turi mavjud bo‘lib, kanalarni tabiatdan ajratib olishning, mutlaqo tugatishning imkoni yo‘q. Ular oziqasiz (kesaklar, toshlar va boshqalar orasida) 10 yilgacha yashashi mumkin.
Iksod kanalarining chaqishi yoki kanalarni qo‘l bilan ezib o‘ldirish hamda qon ketishi kuzatilayotgan bemorlarga yordam ko‘rsatayotgan shaxslarga qon bilan muloqot orqali ushbu kasallikning yuqish holatlari kuzatilsa, kichik yoshdagi bolalar o‘rtasida esa ular qo‘y, echki va it bolalari bilan o‘ynash jarayonida kana chaqishi orqali yuqadi.

Kasallik asosan, faoliyati cho‘l hududlari, ya’ni tabiiy o‘choqlar bilan bog‘liq bo‘lgan kasb egalarida (cho‘pon, ularning oila a’zolari, mol boquvchilar, ovchilar, qo‘ylar junini qirqimiga vaqtinchalik ishga jalb etilganlar) uchraydi. Gemorragik isitma mavsumiylik xususiyatiga ega bo‘lib, asosan yilning bahor va yoz fasllarida qayd etiladi. Kasallikdagi bunday mavsumiylik kanalarning faolligi bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Respublikamizning juda katta maydoni gemorragik isitma bo‘yicha tabiiy o‘choqli hududlar hisoblanadi. Ushbu kasallik virus bilan zararlangan kanalarning tarqalishiga bog‘liq bo‘lib, tabiiy o‘choqli bo‘lmagan hududlarda ham uchrashi mumkin. Bundan tashqari, ushbu kasallikning yurtimiz hududiga chetdan kirib kelishi va tarqalish xavfi ham mavjud.
Kasallikning yashirin davri o‘rtacha 2-3 kun davom etadi. Ba’zida bu davr bir necha soatlargacha qisqaradi yoki 14 kungacha cho‘ziladi.
Kasallik o‘tkir boshlanib, tana haroratining ko‘tarilishi (39 – 40 ºS), yuz, bo‘yin, ko‘krak qismi terilarining qizarishi, badanning sovuq qotib qaltirashi, mushaklarning og‘rishi, toshma toshishi, milk, burun, oshqozon-ichaklardan qon ketishi, in’yeksiya joylarida qon quyilishlar kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Ushbu kasallik gemorragik belgilarsiz ham kechishi mumkin. Kasallikning bu shaklida badanda toshmalar toshmaydi, qontalashlar kuzatilmaydi, kasallik asosan isitma va xolsizlik alomatlari bilan kechadi. Bunday bemorlardan laboratoriya tekshiruvi uchun qon olish hamda teri butunligi buzilishi bilan kechadigan muolajalarni amalga oshirish jarayonida tegishli qoidalar talablariga rioya qilmaslik natijasida tibbiyot xodimlariga ham kasallik yuqishi mumkin.

Qrim-Kongo gemorrgik isitmasi bir necha bosqichlarda kechadi. Yashirin davri bir necha soatdan 2-7 kungacha, bosh­lang‘ich davri bir necha soatdan 3 kungacha. Avj olish davri 2-4 kungacha va sog‘ayish davri esa kasallikning qanchalik og‘ir kechishiga hamda asoratlariga bog‘liq bo‘lib, o‘rtacha 2-3 hafta va undan ortiq vaqt davom etadi. Kasallik klinik belgilarining bosqichlari organizmga tushgan viruslarning miqdoriga bog‘liq. Virus organizmga qanchalik ko‘p miqdorda tushsa, yashirin davri shunchalik qisqa bo‘ladi.

Kasallangandan keyin bemor ozroq vaqt (bir necha soat yoki kun) o‘tgandan so‘ng tana harorati tushadi va odam huddi sog‘aygandek tuyuladi, shu paytda bemorlarni o‘zi va tibbiyot xodimlari birmuncha xatolikka yo‘l ko‘yishi mumkin, chunki gripp va o‘tkir respirator infeksiyasiga o‘xshash simptomlar kuzatiladi, lekin sal o‘tmasdan kasallikning ikkinchi-gemorragik davri bosh­lanadi. Bunda burundan qon ketishi, terida nuqtasimon qon qo‘ylishlar, ukol qilingan joylarda qon qo‘yilishlar ko‘zatiladi. Qon qo‘yilishi ichki a’zolarda (oshqozon-ichak, bachadon) ro‘y berishi mumkin. Kasal odam ajratmalarida (qon, qusiq moddalari, siydigi, va boshqalar) ko‘plab kasallik viruslari bo‘lib, atrof­dagilarga katta xavf tug‘diradi. Agar o‘z vaqtida kasalxonaga murojaat etilmasa ko‘p qon yo‘qotish natijasida bemorning ahvoli og‘irlashib, yurak-qon tomir yetishmovchiligi va boshqa organlar faoliyati chuqur buzilishi natijasida bemor halok bo‘lishi mumkin.
Qrim-Kongo gemorragik isitmasining maxsus profilaktikasi yo‘qligi sababli asosiy e’tibor shaxsiy himoyaga qaratilishi kerak. Xususan, kanalarning chaqishiga yo‘l qo‘ymaslik, kanalarni qo‘l bilan ezib o‘ldirmaslik, kasallikning klinik belgilari kuzatilgan bemorga yordam berish paytida shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish, doka niqob taqib yurish, maxsus qo‘lqoplardan foydalanish, tananing ochiq joylariga va ko‘zga qon tomchilarining tushishining oldini olish. Ayniqsa, qishloq joylardagi yakka xo‘jaliklarda qoramollarni saqlash sharoitini to‘g‘ri tashkil etish, shuningdek, kanalarning ko‘payishiga yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tiborni qaratish zarur.
Kasallikni davolash faqat maxsus statsionarlarda o‘tkaziladi, uyda davolash mumkin emas, bu bemor hayotiga va atrofdagilarga katta xavf tug‘diradi. Kasallik barvaqt aniqlansa va tegishli davo choralari o‘z vaqtida o‘tkazilsa, bemorlar to‘liq sog‘ayib ketadi.

Kasallikni yuqtirmaslik uchun qo‘­yidagi qoidalarga qat’iy amal qilinishi zarur:
– mulkchilik shaklidan qat’iy nazar barcha davolash-profilaktika muassasalari mutaxassislarini Qrim-Kongo gemorragik isitmasi kasalligi bo‘yicha xush­yorligini oshirish choralarini ko‘rish: har bir tana xarorati yuqori bo‘lgan, o‘tkir respirator kasalliklar alomati mavjud, burundan, milklardan, oshqozon-ichaklardan, bachadondan qon ketgan bemorlarni mazkur kasallikka gumon etgan holda qabul qilish va tashxislash hamda ushbu bemorlarga nisbatan epidemiologik anamnezni to‘liq yig‘ishni;
– ommaviy axborot vositalari orqali kasallikning oldini olish mavzusida tushuntirish va tashviqot ishlarini yetarli darajada tashkil etish va kasallik profilaktikasi bo‘yicha mahallalarda seminar va ko‘rgazmali tashviqot ishlarini tashkil etishni;
– O‘zbekiston Respublikasi «Veterinariya to‘g‘risida»gi Qonunining 19-moddasiga muvofiq hayvon egalari chorvachilik binolarida va boshqa ob’yektlarda dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya ishlarini o‘z vaqtida o‘tkazishni;
– hayvonlarni boqish, chorva ozuqasi jamg‘arish, dala ishlarini bajarish yoki shunchaki tabiat qo‘ynida dam olish uchun chiqqanda kanadan himoyalanish choralarini ko‘rish (terini kana chaqishidan asrash uchun cho‘chituvchi vositalar, ya’ni repellentlardan foydalanish);
– qirqimga jalb qilingan ishchilar to‘liq maxsus kiyim (etik, kombinezon, qo‘lqop) bilan ta’minlanib, gigiyena qoidalariga qat’iy rioya qilish;
– chorva mollarining junini qirqish oldidan ularga maxsus vositalar yordamida kanalarga qarshi ishlov berish yuzasidan veterinariya xizmati xodimlari bilan maslahatlashish;
– yosh bolalar, o‘smirlar va homilador ayollarni qirqim jarayoniga jalb etmaslik, sut sog‘ish jarayonida sigirlardan kanani qo‘l bilan olmaslik;
– kichik yoshdagi bolalarga qo‘y, echki va it bolalari bilan o‘ynashga yo‘l ko‘ymaslik;
– kana odam tanasida mavjudligi aniqlansa, tibbiyot muassasasiga imkoni boricha darhol murojaat qilinishi, u yerda kananing mutaxassis tomonidan olib tashlanishi va malakali mutaxassilar tomonidan tibbiyot kuzatuviga olinishi;
– tibbiyot xodimlariga murojaat qilish imkoni bo‘lmasa pinset yordamida, rezina qulqop bilan olib tashlanishi zarur. Agar kana tanaga yopishgan bo‘lsa uni zinhor yulib olmaslik, kananing nafas olish a’zosi tanasining orqa qismida joylashganini inobatga olgan holda uning ustiga kamfora yog‘i, agar u yo‘q bo‘lsa oddiy o‘simlik yog‘ini tomizish, shunda nafas ola olmay qolgan kana so‘rg‘ichini tanadan chiqaradi keyin u olib tashlanadi;
– chorva va uy hayvonlarida kanani payqasangiz uni qo‘l bilan olib tashlashga yoki qaychi bilan kesishga harakat qilmaslik, darhol veterinariya mutaxassisiga murojaat qilib, ularning maslahat va ko‘rsatmalarini bajarish;
– agarda biror kishini kana chaqsa yoki badaniga kana yopishganini ko‘rsa, qo‘llari kana qoni bilan ifloslansa, shuning­dek, isitmasi chiqqan bo‘lsa, burundan, milklardan, oshqozon-ichaklardan, bachadondan qon ketgan bemorlarga yordam ko‘rsatilgan holatlarda yoki bemorning qoni teri va shilliq qavatlariga tekkan bo‘lsa, unda yordam ko‘rsatgan shaxs tibbiy yordamga murojaat etishi lozim.

Qrim-Kongo gemorragik isitmasiga qarshi vaksinatsiya mavjud emas. Yuqoridagi qoidalarga qat’iy amal qilsak, qayd etilgan kasallikning oldini olish chora-tadbirlarini boshqalarga ham tushuntirsangiz o‘zimizning va atrofdagilarning sog‘ligini himoya qilgan bo‘lamiz.

Yana o‘qing:  Qushlarga mehri o‘zgacha bolalar ular ehtiyot bo‘lmasalar ornitoz bilan og‘rishlari mumkin

Klara RAJAPBOYEVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati

o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar bo‘limi bosh mutaxassisi                                                       

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: