Diareya yengil kasallik emas!
O‘lkamizda yoz fasli pishiqchilik, to‘kinlik pallasi hisoblanadi. Biroq, ushbu faslning o‘ziga xos injiqliklari ham bor. Ya’ni, issiq iqlim turli yuqumli infeksiyalar va bakteriyalar ko‘payishi uchun ham qulay muhitdir. Xo‘sh, bunday murakkab iqlim sharoitida aholi, ayniqsa, bolalar orasida yuqumli ichak kasalliklarining oldini olish uchun nimalarga alohida e’tibor qaratish lozim. Tibbiyot fanlari doktori Gulnora XUDOYQULOVA bilan shu mavzuda suhbatlashdik.
– Yoz faslida bolalar o‘rtasida ko‘p uchraydigan yuqumli ichak kasalliklari va ularning turlari haqida ma’lumot bersangiz.
– Issiq kunlarda bolalar o‘rtasida diareya, ya’ni ichketar (bu kasallik ichburug‘ ham deyiladi) kasalligi ko‘p uchraydi. Diareyaning bakteriyali va virusli turlari bor. Uning bakteriyali turi solmonellyoz, dizenteriya, ichak tayoqchasi, shartli patogen mikroorganizmlarning organizmdagi muvozanati buzilishi tufayli yuzaga keladi. Virusli turi esa oziq-ovqat va havo orqali yuqadi. Bu kasalliklarning yuqishiga, asosan, tozalik, shaxsiy gigiyenaga yetarli rioya etmaslik, suvni qaynatmay ichish, sifati talabga javob bermaydigan oziq-ovqatlarni iste’mol qilish, meva-sabzavotlarni tozalab yuvmay, sifatiga e’tibor bermasdan yeyish sabab bo‘ladi.
– Diareya bolalarda qanday belgilar bilan namoyon bo‘ladi?
– Bolaning harorati ko‘tariladi, ishtahasi yo‘qoladi, holsizlanadi, ichi ketadi. Sir emas, ba’zi ota-onalar boladagi bu xastalikni o‘z-o‘zidan o‘tib ketadigan holatdek qabul qilishadi. Lekin ba’zida kasallik shunchaki vaqtinchalik «bekinadi» va qulay fursatni poylaydi. Gohida esa kasallik shunchalik kuchli namoyon bo‘ladiki, zudlik bilan davo choralarini ko‘rmasa bo‘lmaydi.
Bola organizmi juda tez suvsizlanib qoladi, ko‘p miqdorda suyuqlik yo‘qotish oqibatida modda almashinuv jarayoni va boshqa a’zolar faoliyati ham buziladi. Birinchi galda asab tizimi va oshqozon-ichak trakti ishi zarar ko‘radi. Diareya xavfini nazar-pisand qilmaslikning oqibati yaxshi emas. Dunyo statistikasiga ko‘ra, diareya bilan kechadigan kasalliklardan har yili 5 million bola vafot etadi. Bu kasallik, ayniqsa, go‘daklar va 3 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun juda xavflidir.
– Diareyaning xavflilik darajasini qanday belgilar orqali bilish mumkin?
– Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bu borada to‘rtta eng oddiy usulni targ‘ib etadi. Ya’ni, bolaning holsizlanib qolishi, ko‘z atrofi va qovoqlarning osilishi va ko‘karishi, qorin sohasida teri chimchilansa, tezda asl holiga qaytmasligi, suv ichishni keskin rad etishi. Ana shunday holatlar diareyaning og‘ir darajasidan dalolat. Bunday vaziyatda zudlik bilan «Tez yordam» chaqirib bolani yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yetkazish lozim.
– Ba’zi holatlarda bolaning ichi ketsa ham tana harorati ko‘tarilmaydi. Bu nimaning belgisi?
– Bu immun tizimining kuchsizligi, organizmning yot infeksiya va viruslarga qarshi kurashish qobiliyatining pastligi ifodasidir. Bunday vaziyatlarda ham zudlik bilan bolani tegishli shifokor ko‘rigiga yo‘llab, sog‘lomlashtirish chorasini ko‘rish kerak.
– Ichketar bo‘lgan bolaning axlatiga qarab yuqumli kasallikning qaysi turi bilan kasallanganini bilish mumkinmi?
– Ha, bilish mumkin. Agar axlat rangi pushti bo‘lsa dizenteriya, yashil bo‘lsa organizmda stafilokokk yoki salmonellyoz ko‘payayotganini anglatadi. Kulrang ko‘pikli axlat esa organizmda rotavirus borligining ifodasi. Axlatda yog‘ va hazm bo‘lmagan ovqat qoldiqlari bo‘lsa, bolaga iste’mol qilgan qaysidir taomi yoqmaganini bildiradi. Agar axlat o‘ziga xos rang va hidli bo‘lsa, disbakteriozdan nishona bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatlarda bolani vrach ko‘rigidan o‘tkazib, kasallikka aniq tashxis qo‘yish va davolash lozim.
– Ichketarni uyda guruchni qaynatib, qatiq bilan aralashtirib ichish orqali davolash mumkinmi?
– Kasallikning yengil turida bu usul yaxshi samara beradi. Shu bois, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ham bu usulni xonadon sharoitida diareyaning yengil turini davolashda qo‘llashni tavsiya etadi. Biroq, kasallikning og‘ir turlarida bu bilan cheklanish kifoya emas. Bolani albatta shifokor ko‘rigiga olib borib sog‘lomlashtirish kerak.
– Diareyaning oldini olish uchun nimalarga ko‘proq e’tibor berish kerak?
– Avvalo, oilada ozodalikka jiddiy e’tibor qaratish kerak. Qolaversa, har bir inson shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya etishi lozim. Bundan tashqari, har bir xonadonda qaynagan suv bo‘lishi lozim. Uyda ham, ko‘cha-kuyda ham sifati kafolatlanmagan oziq-ovqatni iste’mol qilmaslik kerak. Ayniqsa, bolalar uchun tayyorlanadigan har bir taom, jumladan, sutli taomlar obdon qaynab pishishi kerak. Meva-sabzavotlarning sifatlisini tanlab, tozalab yuvib keyin iste’mol qilish kerak.
Bolalarga «fast-fud», gazli suvlar berish zararli. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni ko‘krak suti bilan oziqlantirish lozim. Agar bolalar sun’iy oziqlantirilsa, tarkibida bifidobakteriyalari bor ozuqalarni tanlash lozim.
Barchamiz bilamiz, diareyada qo‘llaniladigan dorilarning aksariyati shifokor retseptisiz sotiladi. Lekin ota-onalar kimningdir tavsiyasiga binoan duch kelgan qorin og‘rig‘iga qarshi dorini bolaga beravermasligi kerak. Ayniqsa, o‘ziga qachondir yordam bergan dorini bolasiga ham ichirishi ba’zida og‘ir asoratlar olib keladi.
– Cho‘milish havzalarida ham bolalarga yuqumli ichak kasalliklari yuqishi mumkinmi?
– Yuqishi mumkin, chunki bolalar hamisha toza suv havzalarida cho‘miladi, deb bo‘lmaydi. Ba’zida ota-onalar ham farzandini bu borada to‘la nazorat etmaydi. Ariqlar, anhorlar, suvi tozalanmaydigan basseynlar ham kasallik manbai bo‘lishi mumkin. Ota-onalarning bu borada ham hushyorligini oshirish lozim.
– Bolalar yuqumli kasalliklari sohasida tibbiyotimizning eng muhim yutuqlari nimalardan iborat?
– Tibbiyotimizning bu borada eng muhim yutug‘i yuqumli ichak kasalliklariga qarshi zamonaviy emlash vositalarining tibbiyot amaliyotiga kirib kelayotganidir. Jahon ilm-fanining bunday olamshumul kashfiyotlari mamlakatimiz tibbiyotiga ham tatbiq etilmoqda. Keyingi yillarda pnevmokokk va rotavirus infeksiyasiga qarshi emlash milliy taqvimimizga joriy etilgani quvonarli hol.
Pnevmokokka qarshi vaksina bilan emlangan bolalarda meningit, otit, pnevmoniya kabi og‘ir kasalliklarning oldi olinadi. Rotavirusga qarshi emlash esa diareyaning og‘ir turlari profilaktikasida muhim vositadir. Qolaversa, diagnostika va davolash amaliyoti ham yildan-yilga yangicha uslublar bilan boyib bormoqdaki, bunday ilg‘or texnologiyalar inson salomatligini asrashda muhim natijalarga zamin yaratmoqda.
Akmal ERGASHEV suhbatlashdi