Yong‘oq po‘sti foydalimi?
Turli dardlarga davo bo‘lgan yong‘oq daraxt tibbiyotda «sehrli dorixona»ga o‘xshatiladi. Buyuk alloma Abu Ali ibn Sinoning yozishicha, qobig‘ining shirasi va uning quyultirilgan holati tomoq og‘rig‘ini qaytaradi va yo‘talga malham bo‘ladi. Yong‘oq po‘sti ichdan qon ketishini davolashda naf beradi. Buning uchun 50 gramm yong‘oq po‘stini bir litr suvda qaynatib, huqna qilinadi. A’zoi tanada og‘riq paydo bo‘lsa, yong‘oq po‘stini tuyib og‘riyotgan joyga surkalsa, darddan forig‘ bo‘ladi.
Ko‘m-ko‘k po‘sti tishlarga surtilsa, tish milklarini mustahkamlaydi. Asal yoki uzum shirasi bilan qo‘shib tayorlangan ko‘k po‘stining qiyomi difteriya, tomoq og‘rig‘i, tish milklaridan qon oqishi va tishning qimirlab qolishini to‘xtatadi, ichidagi kirlarini tashqariga chiqaradi. Toza po‘sti xina bilan qo‘shib, boshga surtilsa, bosh og‘rig‘ini va burundan suv oqishini to‘xtatadi. Agar bod va bo‘g‘im og‘rig‘ida bog‘lansa, yem bo‘ladi.
Xalq tabobatida yong‘oq po‘stining talqoniga kanakunjut moyi qo‘shib tayorlangan dori bilan ko‘krak og‘rig‘i, jigar, o‘pka kasalliklari davolangan. Po‘sti yod, alkoloid moddalariga ham boy bo‘lganligidan bo‘qoq, tomoq og‘rig‘i, nafas qisish xastaliklariga davo bo‘ladi. Yashil po‘stloq oyoq-qo‘lga oz-ozdan bir necha marta surtilsa yoki obzan (vanna) qilinsa, badbo‘y terlash barham topadi.
Bundan tashqari, yong‘oq po‘stining damlama va qaynatmasi gijjalarni tushirishda qo‘llaniladi. Yong‘oq g‘o‘rasi tarkibidagi moddalar miqdori darmondoriga boy, limon, apelsin, mandarin va smorodinadan qirq marta ustun turadi.
Ayniqsa, yong‘oq po‘sti «S» darmondorisiga juda boy. Uning g‘o‘rasidan tayorlangan murabbo iste’mol qilinganda uyqu qochishi, qon quyilishi, bosh og‘rig‘i, tinka-mador qurishi, ko‘z tinishi, quloq shang‘illashi, milk, til, tanglay, tomoq, asab, teri, me’da xastaliklari hamda ayrim yara, suyak, bavosil kasalliklariga davo bo‘ladi.
Yong‘oq g‘o‘rasi iste’mol qilinsa, sil, bo‘g‘ma, sariq kabi kasalliklarning oldi olinadi. Bosh aylanib, ko‘z xiralashganda yong‘oq g‘o‘rasidan tayyorlangan qiyomdagi yong‘oqdan kuniga bir donadan iste’mol qilish kerak.
M.QODIROVA tayyorladi