Mamlakatimizda koronavirus (COVID-19) infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralar ko‘riladi
Qarorga sharh
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2021 yil 27 mayda “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Xabaringiz bor, koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq pandemiya dunyo hamjamiyatini, shu jumladan, respublikamiz tibbiyot tizimini jiddiy sinovlardan o‘tkazdi va o‘tkazishda davom etmoqda. Aksariyat davlatlar ushbu sinovga dosh bera olmasdan chuqur iqtisodiy inqirozga yuz tutdiki, hali beri ushbu inqirozdan chiqib keta olmasligi yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Tabiiyki, epidemik vaziyatning bu qadar uzoq vaqt mobaynida murakkab bo‘lib turishi vaziyatni yanada og‘irlashtirish, imkoniyatlarni chegaralash, iqtisodiyotning boshi berk ko‘chaga kirib qolishini yaqinlashtirishdan nariga o‘tmayapdi.
Aynan shunday paytda, epidemik barqarorlikni ta’minlash, uning jilovini bir maromda ushlab turish, vaziyatning chigallashib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik katta ahamiyat kasb etibgina qolmasdan, balki, xalqaro hamjamiyat oldida har qanday davlatning nufuzini, ilmiy-amaliy salohiyatini belgilab beruvchi omil sifatida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Nazarimizda O‘zbekiston Respublikasi tibbiyoti, koronavirus pandemiyasi davrida nafaqat toblandi, balki, misli ko‘rilmagan ijobiy o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldi. Qisqa vaqt ichida birlamchi tibbiy-sanitariya xizmatidan tortib, ixtisoslashgan ilmiy-amaliy markazlargacha katta ijobiy o‘zgarishlarga erishdi, ularning moddiy-texnik bazasi yaxshilandi, kadrlar salohiyati oshdi, eng murakkab tibbiy amaliyotlar nafaqat viloyatlar markazlarida, balki tuman va shaharlarda o‘tkazilishiga imkoniyat yaratib berildi.
Tibbiyot tizimiga azaldan ko‘p xarajatli tizim, alohida e’tiborga loyiq soha sifatida qaralgan. Shunday ekan, tibbiyot tizimi muammolariga yechim topish barobarida sanitariya-epidemiologiya xizmati e’tibordan chetda qolib ketmayotganligi quvonarli holdir albatta.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, sanitariya-epidemiologiya xizmatiga strategik soha, aniqroq aytsak, davlatimiz tibbiyotining alohida ahamiyatga ega bo‘lgan qismi sifatida qaralayotganligi bejizga emas. Negaki, respublikamiz rahbariyati tomonidan belgilab berilgan, pandemiyaga qarshi kurashishning o‘ziga xos alohida strategiyasida mazkur soha muassasalarining muhim o‘rni borligi hech kimga sir bo‘lmay qoldi.
Bunga misol tariqasida O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va zamonaviy laboratoriyalarni tashkil etish bo‘yicha bir qator ishlarni ko‘rsatish mumkin.
Xususan, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati muassasalarining moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, modernizatsiyalash va jozibadorligini oshirish maqsadida Osiyo taraqqiyot va Osiyo infrastruktura investitsiyalar banklari bilan xizmat huzuridagi barcha muassasalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash va respublika miqyosida referens-laboratoriyalarni yaratish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu muzokaralar yakuni bo‘yicha yuqorida nomlari zikr etilgan moliyaviy institutlar tomonidan jami 200,0 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ ajratildi.
Prezidentimizning yuqorida qayd etilgan qarori bilan tasdiqlangan ushbu loyiha doirasida tizimdagi jami 475 ta muassasaning moddiy-texnik bazasini yangilash, xususan, kerakli bo‘lgan tibbiy va notibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash, kapital ta’mirlash va rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish rejalashtirilgan.
Xususan, 7 ta Milliy referens laboratoriyasini, 31 ta hududiy laboratoriyalarni bioxavfsizlikning II darajasiga;
423 ta tuman(shahar) laboratoriyalarini bioxavfsizlikning I darajasigacha ko‘tarishga;
14 ta hududiy – yuqumli kasalliklar shifoxonalarini modernizatsiya qilishga erishiladi.
Mazkur qaror bilan belgilangan loyihani amalga oshirish barobarida:
Natijada, 57.50 million AQSH dollariga:
Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun – 5.9 million dollar;
Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti uchun – 6.8 million dollar;
Respublika o‘lat profilaktika markazi va filiallari uchun – 3.92 million dollar;
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti – 2.5 million dollar;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati – 2.45 million dollar;
Respublika va hududiy OITSga qarshi kurash markazlari uchun – 3.96 million dollar;
Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy laboratoriya komplekslari uchun – 13.5 million dollar;
Dezinfeksiya stansiyalari uchun – 8.43 million dollar;
Qolgan xizmat qoshidagi muassasalar uchun – 18.47 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ ajratilishi kutilmoqda.
Shu bilan birga, 97.50 million AQSH dollariga:
190 turdagi diagnostik analizatorlar va asbob-uskunalar;
200 ta maxsus dezinfeksion avtoulovlar;
160 ta maxsus sanitariya avtoulovlar xarid qilish belgilangan.
Jumladan: Respublika ixtisoslashtirilgan epidemiologiya, mikrobiologiya, yuqumli va parazitar kasalliklar ilmiy-amaliy tibbiyot markazi uchun – 2.296 million dollar;
Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklar ilmiy-tadqiqot instituti uchun – 3.71 million dollar;
Respublika o‘lat profilaktika markazi va filiallari uchun – 2.8 million dollar;
Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti – 1.84 million dollar;
Sanitariya-epidemiologiya xizmati – 2.367 million dollar;
Respublika va hududiy OITSga qarshi kurash markazlari uchun – 4.460 million dollar;
Bundan tashqari, Sanitariya-epidemiologiya xizmatining hududiy laboratoriya komplekslari uchun – 49.1 million dollar;
Xizmat qoshidagi qolgan muassasalar uchun – 30.927 million dollar mablag‘ ajratilishi rejalashtirilgan.
Milliy axborot/monitoring tizimi uchun – 23.5 million AQSH dollari miqdorida mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan bo‘lib, uning evaziga epidemiologik vaziyatni vizual kuzatish, ma’lum vaqt oralig‘ida uni baholash va bashoratlash tizimi yaratiladi va soha amaliyotiga tatbiq etiladi.
Sanitariya-epidemiologiya xizmati huzuridagi muassasalarning 17 554 nafar xodimi malakasini oshirish uchun – 6.5 million dollar miqdorida mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan.
Investitsion davrdagi moliyaviy xarajatlar va ko‘zda tutilmagan xarajatlar uchun – 15,0 million dollar miqdorida mablag‘ sarflanishi rejalashtirilgan.
Muxtasar aytganda, Prezidentimizning “Osiyo taraqqiyot banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasida koronavirus COVID-19 infeksiyasiga qarshi shoshilinch choralarni ko‘rish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida sanitariya-epidemiologiya xizmati va koronavirus infeksiyasiga (COVID-19) qarshi kurash bilan shug‘ullanuvchi daxldor soha muassasalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanadi, kadrlar salohiyati oshadi, soha amaliyotiga axborot kommunikatsiya tizimi tatbiq etilishi orqali tizim raqamlashtiriladi.
Tabiiy, bu kabi yaratilgan shart-sharoitlar profilaktik tibbiy yordam sifatini oshiradi, tizimning imkoniyatlarini kengaytiradi, sohaning operativligini ta’minlaydi, tashxis qo‘yish, davolash va profilaktikasi bilan bog‘liq tadbirlarning o‘z vaqtida hamda to‘laqonligiga asos yaratadi.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik
va jamoat salomatligi xizmatining
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
O‘zA