Farzandingiz maktab yoshiga yetdimi?
Endi ota-onalik mas’uliyati yanada ortadi. Bolakay atrof-muhitga sinchkovlik bilan qarab, ko‘rganlarini o‘zicha muhokama qiladi va ularni o‘zlashtiradi, ayrim narsalarni takrorlashga urinadi. Bugungi sahifamizda ham maktab yoshidagi bolalar salomatligi, ruhiy va aqliy rivojlanishi haqida so‘z yuritamiz.
Tasavvurlar olami
Ayni shu yoshdagi o‘g‘il-qizlar tasavvurlar olamida yashaydi. Ba’zida xayol bilan haqiqatni adashtirib, o‘zi o‘ylab topgan voqealarni xuddi chindek so‘zlaydi. Ammo shunday bo‘lsa-da, siz kichkina «xayolparast»ni yolg‘onchiga chiqarishga shoshilmang. Avval, yolg‘onni nima maqsadda ishlatganligini aniqlab, so‘ng rostgo‘ylik yaxshi odat ekanligini tushuntiring.
Tasavvuri, dunyoqarashi keng bo‘lishi uchun oilaviy sayrlar uyushtirib turish ijobiy samara beradi. So‘lim go‘shalarda tez-tez sayohat qilish, ona tabiatga bo‘lgan mehrni murg‘aklikdan shakllantirish orqali tafakkurni boyitish mumkin. Madaniyat muassasalari – muzey, teatr tomoshalari, kitob do‘konlari, tarixiy qadamjolarga qilingan ziyoratlar bolakayda olam-olam taassurot qoldiradi, ruhiyatida ijobiy hususiyatlar shakllanishiga turtki beradi.
Bu davrda bolalarda mas’uliyat hissi shakllanib borayotgani bois, kattalar tomonidan aytilgan yumushlarni bajarish «kichik yordamchi»ga xush yoqadi. O‘yinchoqlarini yig‘ishtirish, sizga kerakli buyumlarni olib kelib berish ularga zavq bag‘ishlab, o‘ziga bo‘lgan ishonchni oshiradi. Kattalar esa shunday damlarda bolani maqtab, rag‘batlantirib turishni unutmasliklari lozim. 7-8 yoshli o‘g‘il-qiz ruhiyatida aynan rag‘batga bo‘lgan ehtiyoj kuchli bo‘ladi.
Tishlarga bee’tibor bo‘lmang!
Maktab yoshidagi bolalarda eng ko‘p uchraydigan muammo – tish kasalliklari. Avvalo, bu davrda bolaning sut tishlari birin-ketin tushib, ular o‘z o‘rnini doimiy tishlarga bo‘shatayotgan bo‘ladi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarning 85 foizida tish kariyesi bor. Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Sanitariya, gigiyena va kasb kasalliklarini o‘rganish ilmiy tekshirish instituti o‘tkazgan izlanishlarga muvofiq, bolalar tish xastaliklari kelib chiqishining asosiy sababi – irsiyat, noto‘g‘ri ovqatlanish, gigiyena qoidalariga rioya qilmaslik va ba’zi hududlardagi ekologik vaziyat bilan bog‘liq.
Shu tufayli shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishni har bir ota-ona farzandiga go‘dakligidan o‘rgatib borishi juda muhim. Ammo bola bilan bu amallarni muntazam olib borish ham oson emas. Gohida o‘yinqaroqlik qilib, ba’zan xafsalasizlik sabab gigiyena qoidalari yodidan ko‘tarilishi mumkin. Qanchalik qiyin bo‘lmasin, harakatdan to‘xtamang, dilbandingiz sog‘lom va baquvvat bo‘lib kamol topsin. Bir narsani tan olishimiz lozim, aksar ota-onalar sut tishlari salomatligiga u qadar jiddiy ahamiyat qaratmaydi. Bu to‘g‘ri emas, inson salomatligining qanchalik mustahkam bo‘lishi, avvalo, tishlar sog‘ligiga bog‘liq. Ayniqsa, sut tishlarining ahamiyati juda katta.
Bola tishlarining eng xavfli dushmani – kariyesdan himoyalanishni qancha erta boshlasak, shuncha yaxshi. Dastlab, sut tishlar uchun yumshoq shyotka va bolalarga mo‘ljallangan tish pastasi tanlaymiz. Har kuni ertalab va kechqurun tishlarni tozalashdan tashqari, ovqatlangandan keyin og‘izni chayishga odatlantirishimiz kerak. Bunday muhim jarayonlarni ota-ona farzandi bilan birgalikda amalga oshirsa, samarasi tezroq bilinadi.
Kariyesdan himoyalanishda shirinliklar, qotgan non, chips mahsulotlarini ehtiyotkorlik bilan iste’mol qilish kerak. Sut, turli meva sharbatlari ham tish emali uchun xavfli. Ular tarkibidagi shakar va kislotalar tish emalini «yuvadi». Mazkur mahsulotlarni ichimlik uchun maxsus tayoqchalar orqali ichgan ma’qul. Tish uchun foydali mahsulotlar ro‘yxatini qatiq va xom sabzavotlar boshlab beradi. Sabzi va karam milklarni yaxshi uqalab, tish orasini karashdan tozalaydi. Kunlik taomnomangizdan brokkoli karami doimiy joy egallasa, kalsiy va fosfor yetishmovchiligining oldi olinadi. Ko‘katlarning hamma turlari barra holida iste’mol qilinganda, og‘iz bo‘shlig‘ini dezinfeksiya qiladi.
Stol chirog‘i yoniq tursin, ammo…
Bola dars qiladigan xona doim yorug‘ bo‘lsin. Farzandingiz biroz qorong‘u joyda rasm chizishi yoki yozishiga yo‘l qo‘ymang. Bunday yumushlar vaqtida, albatta, stol chirog‘i yoniq tursin. Ammo chiroq nurlari ko‘zga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushmasligiga ahamiyat qarating.
Kitob o‘qish va yozishda kompyuterda shug‘ullanganda ko‘z va ekran orasidagi masofa 30 santimetrdan kam bo‘lmasligi lozim. Farzandingizga bolalikdan to‘g‘ri dars qilish qoidalarini o‘rgatgan ma’qul. Ba’zi bolalarga gilamcha yoki divan ustida yotib shug‘ullanish qulay, ammo bu usul ko‘zlarni toliqtiradi, natijada ko‘z to‘qimalari zaiflashib boradi.
Hamma narsaning me’yori yaxshi
Tan olish kerak, bugungi yosh avlod axborot texnologiyalarini, murakkab bo‘lishiga qaramay, ancha tez o‘zlashtiradi. Turli aqliy, mantiqiy va boshqa rang-barang o‘yinlarning ham foydali jihatlari bor, albatta. Ammo uning ham me’yori yaxshi. Kompyuter, smartfon va planshetlar bola salomatligi uchun zararli ekanligi isbotlangan. Bunday vositalardan istagancha, tartibsizlik bilan foydalanish bolada xotira va ko‘z nurining pasayishi, uyqu buzilishi, parishonxotirlik, atrofdagi voqealarni anglamaslik kabi jiddiy oqibatlarni paydo qilishi mumkin. 7-8 yoshli bolalar uchun televizor ko‘rish yoki boshqa axborot vositalaridan foydalanishda kunlik me’yor 30-40 daqiqadan oshmasligi lozim.
Kunduzgi uyquning foydasi ko‘p
Bolalar salomatligida uyquning ahamiyati juda muhim. Kechki uyquga har kuni bir vaqtda yotishga odatlanish (7-8 yoshli bola uchun kechki yotish vaqti soat 21:00 dan oshmasin) lozim. Bu yoshdagi aksar bolalar kunduzli uyquni istamaydi. Undan qutilish uchun turli bahonalar topishi, injiqlanishi mumkin. Shunday paytlarda biz, kattalar «farzandim katta bo‘lib qoldi, unga kechki uyquning o‘zi yetadi», degan fikrga kelishga shoshilmaylik. Kunduzgi uyqu bolaning markaziy asab tizimi faoliyatining to‘g‘ri shakllanishiga yordam beradi. Bolaning asab tizimi doimiy og‘irliklarni boshdan kechirib endigina rivojlanayotgan bo‘ladi va faqat uyquda to‘liq dam oladi. Yoshi ulg‘ayishi bilan uning kunduzgi uyquga bo‘lgan ehtiyoji kamaya boshlaydi. Maktab yoshdagi bolalarga bir soatlik uyqu ham yetarli.
Tadqiqotlarda aniqlanishicha, sifatli kunduzgi uyqu bolaga quyidagicha ta’sir o‘tkazadi:
• fikrlash va diqqatni bir yerga to‘plashga imkon yaratadi;
• ruhiy holatga ijobiy ta’sir qiladi;
• nevrologik buzilishlar va kasalliklar profilaktikasi vazifasini o‘taydi;
• immunitetni mustahkamlaydi;
• olamni maksimal darajada mustaqil tarzda anglash va ota-ona nazoratiga minimal darajada ehtiyoj sezishda yordam beradi.
Agar bola kunduzi uxlamayotgan va bundan hech qanday noqulaylik his qilmayotgan bo‘lsa, unda ota-onalar kunduzi bolaning biroz bo‘lsa ham xotirjam sharoitda dam olib yotishi uchun sharoit yaratishlari kerak. Bunday sokin hordiq kuch yig‘ilishi va asab tizimining mustahkamlanishiga imkon beradi.
Vaqtni to‘g‘ri taqsimlash kerak
Bu davrda bolalar shu qadar harakatchan bo‘ladiki, tinim bilmay yuguradi, chopadi, ammo charchamaydi. Albatta, bu tabiiy holat. Ota-onalarning vazifasi – tuganmas ichki kuchni to‘g‘ri yo‘naltira bilishdir. Har bir murg‘ak qalbning o‘z olami, tasavvuri bo‘ladi. Farzandingiz bilan dildan suhbatlashib, istak va qiziqishlarini so‘rasangiz, uning o‘zi sizga yo‘l ko‘rsatadi. 7-8 yoshli bola nimaga qiziqishi, qobiliyati va imkoniyatidan kelib chiqib, uni yo‘naltirish mumkin. Bu yoshdagi bolalarni rasm, boshlang‘ich matematika, ertaklar o‘qish va turli til o‘rgatuvchi to‘garaklarga jalb etish mumkin. Sportning shaxmat-shashka, suzish, gimnastikaning barcha turlari mos keladi. Biror to‘garakka berishdan oldin bolakayning qiziqishi, salomatlik holati, albatta, inobatga olinishi kerak.
Hamida RAJABOVA,
shifokor