Beshik bola uchun zararlimi?
O‘zbek xonadonida intizorlik bilan kutilgan va hammaga xursandchilik ulashuvchi chaqaloqning dunyoga kelishi, o‘z navbatida, ota-onaga jiddiy mas’uliyat ham yuklaydi. Bu yangi mehmonni jismonan yetuk qilib voyaga yetkazishda o‘zbek millati ko‘p asrlardan beri beshikka tayanib keladi.
Beshikning deyarli har bir xonadonda o‘ziga yarasha o‘rni bor. Garchi beshik xususida qarama-qarshi fikrlar tarqalib, tibbiyot xodimlari tomonidan muhokama mavzusiga aylangan bo‘lsa-da, u o‘z o‘rni va ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q.
Beshik tarixi juda qadimga borib taqaladi. Beshik haqidagi ilk ma’lumotlarni Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘atit-turk» asarida uchratasiz. Bolaning tagi quruq bo‘lishini ta’minlovchi sumak va tuvak esa faqat O‘rta Osiyo xalqlariga xos. Beshikdagi o‘ziga xoslikni o‘rta asr ustalarining ixtirosi deb taxmin qilish mumkin. Bu haqda aniq ma’lumotlar mavjud emas.
Uzoq tarixga ega bo‘lishiga qaramay, biror tadrijiy takomillikni boshdan kechirmagan beshikning, avvalo, afzalliklarini sanab o‘tadigan bo‘lsak, bola uxlaganda beshik ustidagi yopinchiq chaqaloqni turli xil hasharotlardan himoya qiladi. Bola beshikning rangli bezaklariga qarab ovunadi, ranglarni ajratishni o‘rganadi. Tagi har doim quruq turgani uchun tinch uxlaydi. Qovuzda yotgan bolaning umurtqa suyaklari tekis bo‘ladi. Taglikka ketadigan xarajat va taglik yuvishga hojat qolmaydi. Chaqaloq yotganda yuztuban o‘girilib qolmaydi. Bola qo‘li bilan yuz-ko‘zini tilib, jarohatlamaydi, barmog‘ini og‘ziga solib so‘ra olmaydi. Beshikning ichki iqlimi doimiy harorat mo‘tadilligini saqlab, chaqaloqning isib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi.
Aytish joizki, chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi (noto‘g‘ri o‘sish) bilan tug‘ilgan bolalarni beshikka belamaslik kerak. Chunki shifokorlar bunday bolalarning oyoqlari biriktirilmagan holda ochiq turishini tavsiya etishadi. Bolada bunday tug‘ma kasallik bor-yo‘qligini bilish uchun ortoped ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Tug‘ma yurak porogi bo‘lgan bolalarda ba’zan nafas olishi qiyinlashishi holatlari uchraydi. Shuning uchun ularga ham beshik tavsiya etilmaydi. Ko‘pincha katta vazndagi chaqaloqlar tug‘ilish jarayonida bosh suyagi deformatsiyalanadi. Natijada, bosh suyagi ichidagi qon bosimi baland bo‘ladi. Ular beshikka belansa, beshikni tebratmaslik yoki ohista tebratish lozim.
Shifokorlar beshik xususida aniq bir to‘xtamga kelishmagan va ular beshikni munozarali mavzu deb hisoblaydi. Ayrimlari esa beshikni muttasil tebratish bola miyasiga shikast yetkazishi, hali yaxshi qotib ulgurmagan bosh suyagining chayqalishi, miyaga qon quyilishiga olib kelishi mumkin, deb ta’kidlashadi.
Tadqiqotlarga ko‘ra, taxminan har yuz ming go‘dakning 25 nafarida bosh suyak deformatsiyasi yoki jarohatlanishi kuzatilgan. Olimlarning fikricha, bir xil holatda 10-15 soat uzluksiz yotish bola sog‘lig‘i uchun xavfli. Chaqaloqning yelka, qorin va oyoq qismidan qattiq bog‘lash ham qon aylanishini buzadi, suyaklarning qiyshiq o‘sishiga sabab bo‘ladi. Shuningdek, bola beshikda harakatlana olmasligi natijasida mushaklari yaxshi rivojlanmay qolishi hamda organizmda modda almashinuvi buzilishi mumkinligi ta’kidlanadi. Ba’zi tibbiyotchilarning fikricha, beshikda yotish suyaklarning qiyshiq o‘sishiga olib kelmaydi. Zero, suyaklarning qiyshiq o‘sishi asosan raxit kasalligi bilan bog‘liq.
«Beshikdagi qovuz bolaning shakliga moslashadi va umurtqaning to‘g‘ri o‘sishiga yordam beradi. Oyoqlardagi «O» va «X»simon deformatsiyalarning beshik bilan aloqasi yo‘q. Chunki bunday qiyshiq o‘sish holatlari bola yura boshlagandan keyin yuzaga kelishi mumkin», deyiladi.
Shuningdek, beshik tebratganda go‘dak bosh suyagining shikastlanishi faqatgina boshning yog‘och qismlariga qattiq zarb bilan urilganda sodir bo‘ladi. Odatiy beshik tebratishlarda bu holatning yuzaga kelish ehtimoli kam.
Shotlandiyalik pediatrlarning tadqiqotlaridagi ko‘rsatkich ham juda past ekani beshikni yoqlaydigan shifokorlarning e’tiborini tortgan. Shikastlangan chaqaloqlar beshikni noto‘g‘ri tebratish yoki boshqa sabablar tufayli zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin. Qolaversa, go‘daklarning to‘liq bitmagan va yumshoq bosh suyaklarining kompensator imkoniyatlari baland bo‘ladi. Ularda bosh suyak deformatsiyasi kam uchraydi. Shu bois miya chayqalashi, bosh suyak shikastlanishi kabi holatlarga beshikni sababchi qilib ko‘rsatish yetarli asosga ega emas. Ayniqsa, sog‘lom tug‘ilgan bola uchun beshikning zarar yetkazish ehtimoli juda kam. Faqat chanoq-son bo‘g‘imi displaziyasi bilan dunyoga kelgan bolalarni beshikka yotqizmaslik tavsiya qilinadi.
Ba’zi urologlarning fikriga ko‘ra, bola beshikda yoki mahkam bog‘langan yo‘rgakda tagini ho‘l qilganida bir miqdor siydik qovug‘ida qoladi. Natijada, siydik yo‘llarida tosh yig‘ilishi mumkin. Oyoqlari bukilgan holatda esa siydik qovuqda qolmaydi. Lekin bu qarash ham to‘liq tasdiqlanmagan. Zero, go‘daklar qovug‘ida tosh yig‘ilish holati juda kam uchraydi.
Shifokorlarning fikrlaridan shunday xulosa qilish mumkin, to‘g‘ri ishlatilganda beshikning salbiy ta’siri yo‘q. Quyida beshikni noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy holatlarni keltirib o‘tamiz:
– bolaning uzluksiz, uzoq vaqt beshikda yotishi zararli. Kun bo‘yi beshikda yotish natijasida, qish va kuz oylarida bola terisiga yorug‘likning tushishi kamayadi. Bu terida D vitamini sintez bo‘lishiga to‘sqinlik qiladi va raxit kasalligini keltirib chiqaradi. Kasallik natijasida bola organizmida kalsiy almashinuvi buzilib, suyaklar yumshoqlashadi, boshning ensa qismi tekislanadi. Suyaklar qiyshiq o‘sishi kuzatiladi;
– beshikdagi bolani bir tomonga qaratib emizish tufayli ko‘pincha birlamchi bo‘yin qiyshiqligi kelib chiqadi;
– beshikni qattiq yerga emas, ko‘rpacha ustiga qo‘yib tebratish kerak;
– beshikda bola faqat uxlaydigan payt yotgani ma’qul. Uyg‘oq mahalda uni qo‘lga olib orqalarini ohista uqalash va o‘ynatish kerak;
– beshikni oftob tushadigan joyga qo‘yish yoki go‘dakni ma’lum paytlarda oftobga olib chiqish lozim;
– bolani beshikda yotgan holda emizmagan ma’qul. Agar shunday qilishga to‘g‘ri kelsa, galma-galdan ikki tomondan emizish kerak;
– beshikni ohista tebratish lozim. Tez yoki qattiq tebratish bola uchun xavfli;
– chaqaloqni 1 yoshgacha yoki o‘zi mustaqil yuradigan bo‘lguncha beshikka belash tavsiya etiladi. Bu paytga kelib bolada peshobni nazorat qilish qobiliyati shakllangan bo‘ladi;
– sumak gigiyenik talablarga rioya etilmagan holatlarda ishlatilganda tashqi jinsiy a’zolarda kontakt dermatitlar keltirib chiqarishi mumkin. Shu bois sumakni ishlatishdan oldin yumshoq bo‘lishi uchun yog‘ga botirib olish, uni tozalab, gigiyenaga e’tibor berish lozim;
– beshik yuzini sun’iy matodan tikilgan qalin pardalar bilan yopish qat’iyan man etiladi.
– beshikni isitish uskunalari yoniga qo‘ymaslik kerak. Quruq havoda ion tarkibi buzilib, bolaga noqulaylik tug‘diradi;
– vaqti-vaqti bilan beshik pardalarini ochib, o‘rin-ko‘rpachalarni shamollatib turish talab etiladi;
– qovuz ko‘rpachasi paxtadan va yupqa bo‘lishiga ahamiyat berish lozim. Chunki bolaning to‘shagi o‘ta yumshoq bo‘lmasligi kerak;
– biroq bosh qismiga yumshoq yostiq qo‘yish boshi «pachoq» bo‘lib o‘sishidan saqlaydi;
– xatna qilingan go‘dakni beshikka sumaksiz belash kerak;
– oyoq va qo‘lbog‘larni juda qattiq bog‘lamaslikka ham alohida e’tibor qaratish lozim.
Maryam AHMEDOVA tayyorladi