MIASTENIYa – muskullar toliqishimi?
Ha, miasteniya – muskullar toliqishi degani. Bu kasallikda muskullar tez toliqib qoladi. Keling, ushbu kasallikka xos barcha belgilarni bemorning o‘zidan eshitaylik:
«Doktor, men ertalab uyg‘onsam o‘zimni xuddi sog‘ odamdek his qilaman, ko‘zlarimni bemalol ochib-yumaman, yuz-qo‘limni va tishlarimni ham qiynalmasdan yuvaman, ovozim ham yaxshi chiqadi, ertalab nonushta qilsam og‘zim charchamaydi, ovqatni bemalol chaynayman va bemalol yuta olaman. Biroq oradan 2-3 soat o‘tgach, ko‘zlarim yumila boshlaydi, yuqori qovog‘imni hech ko‘tara olmayman, narsalar ham ikkita ko‘rinadi, ovozim pasayadi, burun teshiklari bitib qoladi, nonni ham uzoq chaynay olmayman, og‘zim tez charchab qoladi, ovqatimni ham qiynalib yutaman. Agar 2 soat uxlab tursam yana avvalgi sog‘lom holimga qaytaman. Biroq kechga borib, yana ahvolim yomonlashadi».
Savol: Qaysi yoshda ko‘p uchraydi?
Javob: Bu kasallik har qanday yoshda, ya’ni erta bolalik davrida ham, keksalik davrida ham rivojlanadi. Ammo miasteniya 20-40 yoshlarda ko‘p uchraydi. Ayollar erkaklarga qaraganda 2-3 barobar ko‘p kasallanishadi.
Savol: Qanday omillar keltirib chiqaradi?
Javob: Miasteniya rivojlanishi, asosan, ko‘krak qafasi ichida joylashgan ayrisimon bez (timus) faoliyatining izdan chiqishi bilan bog‘liq. Chunki miasteniya tashxisi qo‘yilganlarning 80 foizida timus patologiyasi aniqlanadi. Miasteniya ba’zida polimiozit, Xashimoto bo‘qog‘i, sistem qizil bo‘richa, revmatoid artrit, limfosarkoma, sarkoidoz kabi bir qator autoimmun kasalliklar bilan birga uchraydi. Mutaxassislar ushbu kasalliklarni yuzaga keltiruvchi etiologik omillar o‘xshash bo‘lishi mumkin, deb hisoblashadi.
Savol: Miasteniyada aynan qaysi sohadagi muskullar ko‘proq zararlanadi?
Javob: Bu kasallikda yuqori qovoqni ko‘taruvchi va ko‘zni harakatlantiruvchi muskullar ko‘p zararlanadi. Shuning uchun ham miasteniyada yuqori qovoq tushib qolishi va g‘ilaylik ko‘p kuzatiladi. Ular kasallikning boshlang‘ich davridayoq paydo bo‘ladi. Bemorning ertalabki ochiq ko‘zlari tushlikdan so‘ng yopilib boshlaydi. Bemordan ko‘zlarni bir necha bor yumib-ochish so‘ralsa, uning yuqori qovoqlari toliqib, ko‘zlari yarim oysimon yopilib qoladi. Keyinchalik bu belgilar chaynash va mimika muskullariga, so‘ngra yutish va tovush uchun javob beradigan muskullarga tarqaladi.
Savol: Boshqa muskullar zararlanmaydimi?
Javob: Miasteniya belgilari ba’zida bo‘yin, yelka, qo‘l va oyoq muskullarida ham toliqish bilan namoyon bo‘ladi. Bunday bemorlar har qanday jismoniy faoliyatdan keyin ham charchab qolishadi.
Savol: Miasteniya bilan og‘rigan bemorlar nega qiynalib nafas olishadi?
Javob: Mazkur kasallikda diafragmani ko‘tarib-tushiruvchi, ya’ni tashqi nafas muskullari ham zararlanadi va u nafas olishning buzilishi bilan namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, bu holat kuchli stressdan keyin ro‘y beradi.
Savol: Miasteniya tug‘ma bo‘lishi ham mumkinmi?
Javob: Bo‘lishi mumkin. Tug‘ma miasteniya – endi tug‘ilgan bolada ko‘zni harakatlantiruvchi nervlar zararlanishi bilan namoyon bo‘ladi. Miasteniyaning bu turi bilan o‘g‘il bolalar qiz bolalarga qaraganda 2 barobar ko‘p kasallanishadi.
Savol: To‘g‘ri tashxis qo‘yish uchun bemor qanday tekshiruvlardan o‘tishi lozim?
Javob: Miasteniya tashxisini qo‘yishda yuqorida qayd qilingan belgilarni bemordan izlash lozim. Bundan tashqari, farmakologik sinamalar, elektromiografiya va immunologik tekshiruvlar olib boriladi.
Savol: Miasteniya bilan og‘rigan bemorlar homilador bo‘lib qolishsa, qanday yo‘l tutiladi?
Javob: Bunday holatlarda kasallik belgilari kuchayishi, pasayishi yoki o‘zgarmasdan qolishi ham mumkin. Bu organizmning umumiy holatiga va immunitetga bog‘liq. Ularda homiladorlikning dastlabki 3 oyligi og‘ir kechishi mumkin va bu davrda bola tushishi ham ko‘p kuzatiladi. Agar ayol tug‘ishni xohlasa, u nevropatolog va ginekolog nazoratida turadi va tug‘ishga ruxsat beriladi.
Savol: Davolash qanday olib boriladi?
Javob: Davolash nevropatolog tomonidan olib boriladi. Buning uchun maxsus dorilar dozasi belgilab olinadi va uzoq vaqt tavsiya etiladi. Davolashda gormonlar bilan birgalikda qonni patologik immun omillardan tozalovchi plazmafarez usuli ham qo‘llaniladi. Miasteniya bilan kasallangan bemorlar sistematik tarzda davolanishsa, 6-12 oy ichida tuzalib ketishadi.
Savol: Operatsiya yo‘li bilan davolash mumkinmi?
Javob: Patologik o‘zgargan timusni olib tashlash bu kasallikda juda samarali usuldir. Biroq jarrohliq usuli hammaga ham qo‘llanilavermaydi. Ba’zi holatlarda jarrohlik usulidan keyin ham kaliy saqlovchi dorilar ichib yurishga to‘g‘ri keladi. Stressdan ham asranish lozim.
Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori, professor