OIV va OITS: OAV nigohida
Yaqinda poytaxtimizdagi “Grand – Orzu” mehmonxonasida “OIV va OITS muammosini OAVlarda yoritish” mavzusida YUNYeSKO tomonidan jurnalistlar uchun uch kunlik seminar-trening o‘tkazildi.
Seminarda OIV va OITSni ommaviy axborot vositalarida yoritishda duch kelinadigan muammolar, BMTning OITSga doir birlashgan dasturi (YUNEYDS) ning OIV muammosining jahonda va hududlarda hamda O‘zbekistondagi epidemiologik holati, ushbu infeksiyaning tibbiy jihatlari, O‘zbekiston Respublikasining OIV va OITSga doir qonunlari sharhi xususida, “Ishonch va hayot” nodavlat-notijorat tashkilotining OIV infeksiyasi bilan yashayotgan fuqarolarga nisbatan jamiyatda bag‘rikenglikni shakllantirish faoliyati, OIV mavzusini yoritishda so‘zlar va janrni tanlash hamda shu infeksiyani yuqtirib olgan fuqarolar bilan suhbatlashganda jurnalist mas’uliyati, mavzuga doir ijtimoiy reklamani tayyorlash, kasallikning huquqiy va axloqiy me’yorlari kabi masalalar xususida trenerlar jurnalistlarga so‘zlab berishdi.
Seminar-treningda Respublika OITSga qarshi kurashish markazi, YUNYeSKO va YUNEYDS kabi xalqaro tashkilotlardan ham mutaxassislar ishtirok etdi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilarga sertifikatlar topshirildi.
G. Shirinova