Yoshlar qanday tartibda ish bilan ta’minlanmoqda?
Milliy matbuot markazida «Yoshlarni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan zamonaviy kasb-hunarlarga o‘rgatish, ularda tadbirkorlik ko‘nikmalari va mehnatsevarlik fazilatlarini shakllantirish hamda tashabbuslarni ro‘yobga chiqarish borasida belgilangan ustuvor vazifalar ” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Aytish joizki, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida respublika bo‘yicha 15 ta monomarkaz, 30 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi, 136 ta mahalla aholisini kasb-hunarga o‘qitish maskanlari mavjud bo‘lib, bugungi kunda ularga yil davomida 45 mingdan ortiq ishsiz va band bo‘lmagan aholini 40 turdagi kasb-hunarlarga qamrab olish imkoniyati yaratildi.
Jumladan, o‘tgan yili jami 52,2 ming nafar ish bilan band bo‘lmagan fuqarolar kasb-hunarga o‘qitilgan bo‘lsa, joriy yilning yanvar-mart oylari davomida 43,9 ming nafar yosh kasb-hunarga o‘qitilgan. Joriy yil yakuniga qadar 100 ming nafarga yaqin ishsiz va ish qidirayotgan yoshlarni turli yo‘nalishlarda o‘qitish rejalashtirilgan.
Ayni paytda, ishsiz yoshlarni, shuningdek kam ta’minlangan oila farzandlarini hamda uyda o‘tirib qolgan xotin-qizlarni ishga joylashtirish, ularga imtiyozli kreditlar berish asosida tadbirkorlikka jalb etish, mehnat yarmarkalari tashkil etish ustida chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Amal SOLIYEVA