Ikki yoshgacha bola parvarishidagi muhim qoidalar
Bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishida atrofdagi muhit, oila a’zolarining mehr-e’tibori juda katta ahamiyatga ega. Endi tili chiqayotgan go‘dak avvaliga o‘zlashtirayotgan so‘zlarini takrorlashni o‘rganadi, so‘ng ular yordamida jumla tuzib, o‘zini qiziqtirayotgan savollarni bera boshlaydi. 1-1,5 yoshli bolalar asosan harakatli o‘yinlar o‘ynashni yaxshi ko‘radi. Bu yoshda ular kiyimlarini mustaqil ravishda kiyishga harakat qiladi. Kichik hikoya va ertaklarni qiziqish bilan tinglaydi. Ikki yoshgacha bo‘lgan bolani, avvalo, shaxs sifatida qabul qilish kerak, deydi ruhshunoslar. Zero, ota-ona shunga muvofiq muomala qilsa, bola aqlan va jismonan sog‘lom ulg‘ayadi.
Kichkintoy tinch orom olishi uchun…
Bilasiz, bolalar xonasi ota-ona yotog‘idan alohida, yorug‘ va keng bo‘lishi lozim. Ikki yoshgacha bo‘lgan bola xonasida ortiqcha narsalar, masalan, televizor, stol-stul bo‘lishi shart emas. Yoshiga mos karavot, kichikroq kiyim javoni, o‘yinchoqlari bo‘lsa kifoya. Bolakay o‘z xonasida yolg‘iz qolishdan qo‘rqmasligi uchun tungi yoritgich lozim. U bola karavotiga yaqin joylashtiriladi. Yoritgich o‘yinchoq shaklini eslatuvchi, rangli, musiqali bo‘lsa, bola u bilan ovunadi. Xona derazasining kichik tuynugi bo‘lishi va u ob-havo qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ochiq turishi kerak. Zero, xonada kislorod aylanishi yaxshi bo‘lsa, kichkintoy tinch orom oladi.
Qanday kiyintirgan ma’qul?
Har bir ota-ona farzandining mavsumiy kiyinishini nazorat qilishi kerak. Bolaning ust-boshi ob-havoga mos emas, qalinroq bo‘lishi kerak, degan qarash mutlaqo noto‘g‘ri. Bolani sayrga olib chiqayotganda, tepa qismi yupqa, beldan pastkisi nisbatan qalin kiyim tanlanishi lozim. Shunda bolakay ko‘p terlamaydi. Bemalol harakat qila oladi.
Ma’lum bo‘lishicha, bola 18-20 oyligidan boshlab, tuvakka o‘tirish darajasiga yetadi. Aynan shu paytda u o‘zining xatti-harakatlariga nisbatan javobgarlik hissini seza boshlaydi. Ammo bu bola bir yoshga to‘lgach, bir martalik tagliklardan butunlay foydalanmaslik kerak, degani emas. Misol uchun, tunda bolakay tagini ho‘llab qo‘yadi va u uyqusida bezovtalanmasligi uchun taglikdan foydalanish mumkin.
Bola qachonki ertalab tagi quruq uyg‘onsa, shundagina tagliklardan voz kechsa bo‘ladi. Ayrim kichkintoylar taglikda o‘zini noqulay sezadi va ko‘p bezovtalanadi. Bunday vaziyatda iloji boricha taglikdan foydalanmagan ma’qul. Ruhshunoslar o‘ta faol bolalarni taglikdan erta ajratish maqsadga muvofiq, deyishadi.
Tibbiy ko‘riklar juda muhim
Pediatr, ortoped, LOR (tomoq, burun ko‘p bezovta qilsa), bo‘qoq kasalliklarining oldini olish va davolash maqsadida endokrinolog, shuningdek, infeksionist (bu yoshdagi bolalarda gijjalar paydo bo‘lishi kuzatiladi) va nevrolog shifokorlar ko‘rigi muhim.
Ertak terapiya – tasavvurni rivojlantiradi
Bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishida to‘g‘ri tuzilgan kun tartibi muhim o‘rin tutadi. Kichkintoy har kuni bir vaqtda, misol uchun, kechki soat 21:00 da uxlashga odatlanishi lozim. Uyquga yotishdan oldin qo‘l-oyoqlarini yuvish, keyinchalik tishlarni tozalash qoidasi o‘rgatiladi. So‘ng ertak terapiya o‘tkaziladi.
E’tibor bering, ertakdagi ijobiy qahramonlardan birining nomi bolaning ismi bilan aytilishi kerak. Bolalar tasavvuri nihoyatda rang-barang. Agar o‘z ismini mard, jasur bahodir timsolida eshitsa, o‘zida ana shu jihatlarni shakllantirishga intiladi. Bosqinchilik, takabburlik, makkorlik haqidagi ertaklar keyinchalik bolada salbiy odatlarni paydo qilishi mumkin.
Necha marotaba cho‘miltirish kerak?
Qish mavsumida haftada ikki marotaba, bahor va kuz oylarida har ikki kunda bir marta, yozda esa har kuni bola cho‘milishi kerak. Bu shuning uchun kerakki, kichik yoshdagi bolalar, asosan teri orqali nafas oladi. Teri butunligi saqlangan bo‘lsa, bola yaxshi o‘sib, rivojlanadi. Aksincha bo‘lganida, kunlar isishi bilan quyosh nurining tanaga tushishi sekinlashadi. D vitaminining parchalanishi susayib, raxit kasalligi avj olishi mumkin.
Chiniqtirish usullari
Bolalarni hayotining ilk kunlaridanoq chiniqtirish zarur, ya’ni ochiq havoga o‘rgatish kerak. Toza havo organizmni mustahkamlaydi, turli kasalliklardan asraydi. Havo vannalari bilan chiniqtirish muolajalari ehtiyotkorlik va asta-sekinlik bilan olib boriladi. Bola kiyintirilayotganida xona harorati 20-22 daraja bo‘lishi kerak. Kichkintoy kuniga 2-3 mahal avval 1-2 daqiqa, keyin 3-5 daqiqaga yalang‘och holda yotqizib qo‘yiladi. Bunda xonaning eshik va derazalarini yopib qo‘yish lozim. Havo vannasining muddati asta-sekin uzaytirilib, kuniga 20-25 daqiqaga yetkaziladi. Avval qo‘l-oyoq, keyin beligacha, oxirida esa butunlay yechintiriladi.
Chiniqtirish usullaridan yana biri — suv muolajalari ham juda foydali. Sovuq kunlarda esa badanni ho‘llab artish usulini qo‘llasa ham bo‘ladi. Suv harorati 35-36 darajadan boshlab, kunora 1 darajadan tushirib boriladi. Chiniqtirish muolajalari vaqtida go‘dak bezovtalansa, tana vazni oshishdan to‘xtasa, muolajalarni to‘xtatib, shifokorga murojaat qilish kerak.
«Seni yaxshi ko‘raman, bolajonim»
«Uxlamasang, seni ayiqqa berib yuboraman», «Dadang kelsin, hammasini aytib beraman» kabi so‘zlar bolada qo‘rquv hissining kuchayishiga olib keladi. U beixtiyor yon-atrofidagi voqea-hodisalardan hadiksiray boshlaydi. Keyinchalik esa boladagi o‘z «meni» sekin-asta so‘nishi mumkin.
Bola necha yoshda bo‘lishidan qat’i nazar, ota-ona farzandini bir kunda o‘n martgacha bag‘riga bosishi, uni yaxshi ko‘rishini aytishi lozim. «Bolajonim, men seni yaxshi ko‘raman». Shuningdek, bola bilan ko‘p suhbatlashish kerak (u hali kichik, hech narsani tushunmaydi, deyish noto‘g‘ri). Kichkintoy ota-onasining mehr-muhabbatini his etib ulg‘aysa, u, albatta, komil shaxs bo‘lib yetishadi.
Mittivoylar alifbosi
Kichkintoyning xatti-harakatlari, yuz-ko‘ziga e’tibor berilsa, u nima istayotganini tushunish mumkin.
– Bola atrofidagi biror o‘yinchoq yoki buyumni diqqat bilan kuzatib, uning harakatini ko‘z qarashi bilan ifodalaydi. Bu vaqtda bolaning og‘zi xiyol ochiq bo‘lib, lablari qimirlab turadi. Boladagi bu holat o‘yinqaroqlikka bo‘lgan qiziqishni bildiradi. Bolaga o‘yinchoq berishdan oldin uning nimaligi va nomini aytib tanishtirish lozim.
– Lablar burchagi xiyol egilgan, qoshlarining chimirilishidan biror nimadan xafa bo‘lgan odamni eslatadi. Har zamon qisqa yig‘i ovozlarini chiqarib, o‘ziga xos tarzda norozilik bildiradi. Bu vaqtda unga e’tibor berib, orom olishi uchun hozirlanmasa, injiqligi tutib, yig‘lashi aniq.
– Kichkintoy ota-onasining e’tiborini jalb qilishni istaydi: yig‘laydi, baqiradi, injiqlik qilib o‘yinchoqlarini uloqtiradi. E’tibor berilsa, bunday vaqtlarda unga qarashingiz bilan labiga tabassum yuguradi. Bu esa «men zerikdim, birga o‘ynaylik», degani.
– Bola yuzi qizarib, ko‘zlari odatdagidan biroz kattalashgan, nafas olishi tezlashib, lablari bilinar-bilinmas titrab turibdimi? Demak, kichkintoyning jahli chiqqan! Bu holatda unga e’tibor berilmasa, bor ovozda yig‘lashga tushadi.
– Yaxshigina o‘ynab turgan bolakay birdan bezovtalanib, yig‘lashga tushadi. Yuzlarida biroz qizarish bo‘lib, oyoqlarini qorniga yaqinlashtirib zo‘riqish bilan harakatlantiradi. Bu holat bolakayning qornidagi bezovtalikni bildiradi.
Hamida RAJABOVA,
shifokor