«Farzandimning allergiyasi bor, qanday yordam bersam bo‘ladi?»
Ma’lumki allergik kasalliklarning bir nechta turi bo‘lib, turli sabablarga ko‘ra xuruj qiladi. Allergiya yosh tanlamaydi, bu kasallik kattalar singari yosh bolalarda ham bir xil ko‘rinishda kechadi. Ayniqsa, bahor faslida daraxtlar kurtak yozib, gullash arafasida mavsumiy allergiyaga moyilligi bor kichkintoylarga e’tiborli bo‘lish, allergiya xuruj qilishining profilaktik choralarini ko‘rish tavsiya etiladi. Xo‘sh bolalarda allergiya xuruj qilmasligi uchun nimalarga ahamiyat qaratish lozim? Xuruj qilsa, birinchi yordam qanday beriladi? Shu va shu kabi bir qator savollar bilan mutaxassis, allergolog shifokor Sherzod MUXTOROVga murojaat qildik.
– Allergiyaga ham immun tanqisligi sababmi?
– Immunitet tanqisligi yallig‘lanish, qo‘zg‘alish xususiyatini yanada kuchaytiradi. Ayniqsa, nafas yo‘li kasalliklari immun tizimi sust bo‘lgan bolalarda ko‘p kuzatiladi. Shu jumladan, allergiyaga moyilligi bor bolalarning tez-tez kasallanishi ham aynan immunitet tanqisligi tufayli yuzaga keladi. Ma’lumki, allergiyaning: atopik dermatit, allergik renit, eshshakemi, pollinoz, oziq-ovqat hamda dori preparatlariga nojo‘ya ta’sir ko‘rsatish kabi turlari mavjud. Ayni mart, aprel oylarida esa mavsumiy allergiya, ya’ni «Pollinoz» gul va o‘simliklar changi sababli yuzaga keladigan allergiya kuchayadi. Allergiyaning bu ko‘rinishi kichkintoylarda asosan mart, aprel oylarida xuruj qilishiga qarmay, hatto avgust va sentyabr oyiga qadar davom etishi mumkin.
Mavsumiy allergiya asosan:
*xona gullari, o‘simlik changlari;
*daraxtlar gullashi va barg chiqarish vaqtida;
*boshoqli o‘simliklar gullash vaqtida xuruj qiladi.
Bordiyu kasallikning vaqtida oldi olinib, xuruj qilganda davo chorasi ko‘rilmasa, allergik holat surunkali tus olib, bola bir umr allergiyadan qiynalishi mumkin. Kichkintoydagi allergiya terak, majnun tol, chinor daraxti, shaftoli, qulupnay, anjir barg yozib, gullaganida, shuningdek, makkajo‘xori, shuvoq, tog‘ yalpizi, kungaboqar, ismaloq guli changi ta’sirida xuruj qilib, qo‘zg‘aydi. Allergiyaning ilk alomatlari virusli infeksiya kasalligi ko‘rinishida, ya’ni burun oqishi, burun bitishi, aksa urish, yo‘tal kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
Allergiyaning 2-3-kunidan so‘ng esa:
*ko‘z tagi shishishi, yoshlanish;
*kon’yuktivit;
*bosh og‘irig‘i;
*ko‘z qichishishi;
*ko‘chaga chiqqach tinimsiz aksa urish;
*nafas siqishi, tomoq qichishish, bo‘g‘ilish kabi holatlar kuzatiladi. Bolada quyidagi alomatlar kuzatilgan vaqtda allergolog shifokoriga murojaat qilish va vaqtida davo chorasini qo‘llash tavsiya etiladi.
– Oldini olsa bo‘ladimi?
Shifokor bolada mavsumiy allergiyaga sabab bo‘lgan omillarni aniqlagach, davo chorasini tayinlaydi. Undan tashqari bahor fasli kelishidan avval allergiyaning oldini olgan holda, profilaktik choralarini qo‘llashi tavsiya etadi.
Bu vaqtda bolaga:
*tez-tez suyuqlik berish (qaynagan iliq suv, nama’tak, moychechakli damlama);
*ko‘proq vitaminlarga boy meva va sabzavotlar berish (olma, uzum, banan, karom, bodring, gul karam);
*haftada uch marotaba uy jihozlarini nam sochiq bilan artish (oyna, pol, kitoblar, xona jihozlari);
*muntazam xonani shamollatib turish;
*xona haroratining 22 darajadan oshib yoki tushib ketmasligiga e’tibor qaratish;
*xonalarga gullar qo‘ymaslik;
*bola ko‘chadan kelgach, yuz, qo‘lni antibatkterial sovun bilan yuvish hamda burun va og‘izni iliq suvda chayish;
*bola bir yilda ikki marotaba tog‘li rayonda joylashgan sanatoriyda muolaja olishi;
*imkon bo‘lsa bir yilda bir marotaba dengizga olib borish;
*parhezga amal qilish, allergik mahsulotlarni cheklash;
*bolani har kuni 18:00 dan 20:00 ga qadar toza havoda, daraxt va mashinalar kam bo‘lgan joyda sayr qildirish;
*bolaga allergiyani qo‘zg‘atuvchi: asal, limon, pista, bodom, shirinliklar, tuxum, apelsin, gazli ichimliklarni cheklash kabi zarur choralarni qo‘llash tavsiya etiladi.
– Xuruj qilgan vaqtda qanday yordam ko‘rsatiladi?
– Bordiyu bolada mavsumiy allergik holat aniqlangan bo‘lsa, u holda uyda birinchi yordam o‘rnida qo‘llaniladigan antigistamin, gormonal preparatlar hamda spazmni bartaraf etuvchi aerozol sprey va ukollar doimiy ravishda bo‘lishi lozim. Dorilarni albatta allergolog tavsiya etgan bo‘lishi kerak. Shifokor bola yoshi va allergik xurujning darajasiga ko‘ra dori preparatlarini tavsiya etadi. Undan tashqari, bolada allergiya xuruj qilgan vaqtda ko‘katlardan tayyorlangan taomlar, sut mahsulotlari, dukkakli o‘simliklar no‘xat, mosh kabilarni bermaslik tavsiya etiladi. Allergiya xuruj qilgan vaqtda bolaga ko‘p miqdorda suyuqlik berish va ko‘proq toza havoga olib chiqish yaxshi yordam beradi.
Shahlo SHERMUHAMMEDOVA suhbatlashdi