MIYANING ICHKI BOSIMI OSHISHI XAVFLIMI?

Odamlar orasida «cherepnoye davleniye» iborasi shu qadar keng tarqalganki, bu tashxisni qo‘ymagan vrach qolmadi, shekilli. Aslida chuqur nevrologik tekshiruvlar asosida aynan nevropatolog tomonidan qo‘yiladigan bu tashxisni nega boshqa toifa vrachlari ham qo‘ymoqda? Ularning bunga yuridik huquqi bormi? Aksariyat odamlar arterial qon bosimidan emas, «cherepnoye davleniye» dan qo‘rqadigan bo‘lib qolgan. Nima uchun? Endi tug‘ilgan chaqaloqqa ham, qari odamlarga ham shu tashxisni qo‘yishyapti. Nima, bu kasallik shu qadar ko‘p tarqalganmi yoki asossiz tashxislar ko‘payganmi? Aksariyat bemorlarni bunday savollar qiziqtirgani bois, ularga batafsil javob berib o‘tishni lozim topdik (1-qism).

Savol: Miyaning ichki bosimi oshishi shu qadar ko‘p tarqalganmi yoki bu tashxisni qo‘yish ko‘payganmi? Hozir odamlar orasida udum bo‘lib qolgan ibora bilan aytganda «cherepnoye davleniye» nima o‘zi?


Javob: Kalla suyagi ruschasiga «cherep», lotinchada «sranium» deb yuritiladi. Rus tilidagi «Vnutricherepnoye davleniye» o‘zbekchaga «Kalla suyagi ichki bosimi» deb tarjima qilinadi. O‘zbek tibbiy tilida men «intrakranial gipertenziya» iborasini ko‘p ishlataman. Kitoblarimda ham shunday yozganman. «Gipertenziya» atamasi «yuqori bosim» degan ma’noni anglatadi. Masalan, arterial gipertenziya, intrakranial giper­tenziya. Xalqimizga tushunarli bo‘lishi uchun bugungi suhbatim­izda «miyaning ichki bosimi» iborasini ishlata qolamiz.
Xo‘sh, miyaning ichki bosimi oshishi yoki intrakranial gipertenziya haqiqatan ham ko‘p tarqalganmi? Aslo yo‘q! Bosh og‘riqlar sababi ichida miyaning ichki bosimi oshishi bor-yo‘g‘i 12 foiz, xolos. Mening hisob-kitoblarimga ko‘ra, turli vrachlar tomonidan bunday tashxislarni qo‘yish 70 foizdan oshib ketdi.

Savol: Bu juda ko‘p-ku!

Javob: Ha, ko‘p! Men Toshkent tibbiyot akademiyasida 1994 yildan buyon talabalarga nevrologiya­dan ma’ruzalar o‘qiyman. O‘sha paytlari kompyuter tomografiya­si yurtimizga endi kirib kelgan yillar edi. Ushbu aniq tashxis qo‘yuvchi uskuna paydo bo‘lgach, asossiz nevrologik tashxislarni qo‘yish kamayadi deb o‘ylovdim. Afsuski, battar ko‘paydi.
Bir kuni talaba qizlardan biri: «Ustoz, miyaning ichki bosimi oshishi aholi orasida ko‘p tarqalganmi?» deb so‘rab qoldi. Men unga: «Singlim, bugun darsdan keyin avtobus bekatiga boring-da, pista sotib o‘tirgan sotuvchi ayoldan: «Boshim tinmay og‘riydi, nima qilsam ekan-a?», deb so‘rang. Albatta, u sizga «Doktorga boring, qizim», deydi. Siz bir oz kutib turing-da, qayta yana shu savolni bering. Shunda ayol: «Qizim, sizda «cherepnoye davleniye» oshgan» deb javob berishi tabiiy…

Yana o‘qing:  Tishlarga xos tashvishlar

Ertasi kuni navbatdagi ma’ruzani endi boshlagandim hamki, haligi talaba qiz kecha bo‘lgan voqeani to‘lqinlanib gapira boshladi: «Tavba! Ustoz, xuddi siz aytgandek bo‘ldi. O‘sha ayol menga ikkinchi savoldan keyin «Qizim, senda cherepnoye davleniye oshgan», dedi. Ma’ruza zalidagi 150 dan oshiq talaba kulib yubordi. Men talabalarga qarab: «Institutni tugatgach, sizlar ham bu tashxisni bo‘lar-bo‘lmasga qo‘yavermaslik uchun yaxshi o‘qinglar», dedim. Men ahyon-ahyonda ma’ruza paytida talabalarga shunaqa topshiriq berib turaman. Ular ko‘chada har xil odamlarga shu savolni berib, deyarli har doim «Sizda cherepnoye davleniye oshibdi» degan javobni olishadi.

Savol: Balki rostdan ham bu kasallik ko‘p uchrar?! Tinmay bosh og‘rishi – «cherepnoye davleniye» belgisi emasmi axir?


Javob: Barcha bosh og‘riqlar sabablari ichida miyaning ichki bosimi oshishi bor-yo‘g‘i 10-12% ni tashkil qiladi. Boz ustiga, «miyaning ichki bosimi» degan tashxis yo‘q. Miyaning ichki bosimi hammada bor. Uni likvor bosimi deb ham atashadi. Likvor (miya suyuqligi) bosimi gorizontal holatda 100-200, o‘tirgan holatda 200-400 mm. suv ustuniga teng. Xuddi arterial qon bosim kabi. Masalan, arterial qon bosim hammada bor va u normada 120/70 mm simob ustuniga teng. Ba’zi katta yoshdagilarda 140/90 mm. simob ustuni ham me’yor hisoblanadi. Arterial qon bosim o‘lchov birligi – mm. simob ustuni bilan, likvor bosimi esa mm. suv ustuni deb yoziladi. Aslida likvor bosimini aniqlash uchun orqa miya suyuqligi olib tekshiriladi.


Savol: Shifokorlar meningit (miya pardalari yallig‘lanishi) bilan shifoxonaga tushgan bolaning orqa miyasidan likvor suyuqligini olib tekshirish lozimligini aytishadi. Ammo ba’zi ota-onalar bunga rozilik berishmaydi. Chunki boladan miya suyuqligi olinsa, keyinchalik u aqli zaif bo‘lib qoladi deb o‘ylashadi. Shu to‘g‘rimi?


Javob: Mutlaqo noto‘g‘ri! Aksincha, meningit bo‘lgan boladan shifoxonada orqa miya suyuqligi (likvor) olib turilmasa, u keyinchalik aqli zaif bo‘lib qolishi mumkin. Nafaqat aqli zaif, balki bunday bola jismoniy rivojlanishdan ortda qoladi va turli asoratlar bilan tuzaladi.

Ayniqsa, yiringli meningitni lyumbal punksiya (orqa miyadan suyuqlik olib tekshirish amaliyoti) qilmasdan davolash o‘ta xavfli. Bu kasallik, odatda, 2 yoshgacha bo‘lgan bolalarda uchraydi. Mazkur kasallikka chalingan bolalarda har 2-3 kunda beldan punksiya qilib, orqa miya suyuqligini olib turish kerak. Natijada miya pardalari orasidagi yiringli likvor tozalanib, uning o‘rniga buloq suvidek toza likvor ishlab chiqariladi.

Miya qorinchalarining maxsus o‘siqchalarida bir kunda 350-450 ml. likvor ishlab chiqariladi va shunchasi qayta so‘riladi. Ko‘rdingizmi, qancha ko‘p! Bu esa miyaning sog‘lom faoliyat ko‘rsatishi uchun juda zarur.


Mana, hozir suhbatimiz «miya ichki bosimi» haqida ketyapti. Aynan yiringli meningit – bolada miya ichki bosimini keskin oshiradigan kasalliklar ichida birinchi o‘rinda turadi. Bu bosimni faqat beldan likvor olib pasaytirish mumkin. Aks holda miyaning ichki bosimi oshaverib, miya to‘qimasini eza boshlaydi va bola komaga tushadi. Bilasizmi, meningit sababli komaga tushgan bolaga 2-3 soat ichida beldan punksiya qilib, ortiqcha likvor olinsa, u o‘sha kuniyoq hushiga keladi.

Savol: Nega unda ba’zi infeksionist-vrachlar «Bolangizning belidan punksiya qilib, miya suyuqligini olishimiz kerak. Shunga rozimisiz?» deb so‘rashadi. Ota-ona, tabiiyki, qo‘rqadi… Ushbu tibbiy muolaja shu qadar muhim ekan, uni ota-onadan so‘ramay qilsa bo‘ladi-ku?

Javob: Meningit bo‘lgan bolada orqa miya suyuqligini olib tekshirish uchun vrachning ota-onadan ruxsat olishi bu bo‘lmagan gap! Men bunaqa qoidani eshitmaganman. Unday bo‘lishi mumkin ham emas. Lyumbal punksiya – tibbiy ko‘rsatmalar asosida vrachning o‘zi hal qiladigan muolaja. Uni o‘tkazish yoki o‘tkazmaslikni faqat vrachning o‘zi hal qiladi. Meningitni lyumbal punksiya qilmasdan davolash – bu o‘lim va og‘ir asoratlar sababi deyavering. Agar ba’zi shifoxonalarda shunday qoidalar haliyam hukm surayotgan bo‘lsa, bunga zudlik bilan chek qo‘yish kerak. Bundan tashqari, miya loyqali likvordan tozalanib tursa, uning o‘rniga toza likvor ishlab chiqarilib turadi. Likvor tahlili orqali meningitni qaysi mikrob chaqirgani aniqlanadi va eng zarur antibiotik tanlanadi va hokazo. Umuman olganda, reanimatologlar ishiga ota-onalar aralashmagani ma’qul.

Savol: Qachon miyaning ichki bosimi oshadi?

Javob: Hali aytib o‘tganimdek, bu patologik holatning asosiy sabablaridan biri – miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi, ya’ni meningitlar. Keyin ensefalitlar (miya to‘qimasi yallig‘lanishi), bosh miya jarohatlari, leptomeningit va xorioependimatitlar.
Leptomeningit – bu miya pardalarining surunkali yallig‘lanishi bo‘lib, uning ham asosiy belgilari bosh og‘riqlardir. Leptomeningit meningitga o‘xshagan og‘ir kasallik emas. Meningit yuqumli kasallik va uni infeksionist davolashi kerak, leptomeningit esa umuman yuqmaydi va uni nevropatolog davolaydi.

Leptomeningitda miyaning ichki bosimi har doim ham oshavermaydi. Xorioependimatit – bu miya qorinchalarining ichki devori yallig‘lanishi. Aynan mana shu ichki devor (ependima) likvor ishlab chiqaruvchi va ortiqcha likvorni qayta so‘ruvchi o‘siqchalardan iborat.

Bu kasallik deyarli har doim miyaning ichki bosimi oshishi bilan boshlanadi. Afsuski, hozirgi nevropatologlar bu tashxisni deyarli qo‘yishmayapti. Bu yaxshi emas. Vaholanki, «leptomeningit va xorioependimatit» atamalarini O‘zbekiston faxri, XX asrning buyuk nevrologi, jahon nevro­logiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan yurtdoshimiz Nabi Majidov 1972 yili taklif qilgan. Bu ikkala kasallik nomi «Katta tibbiy ensiklopediya»da ham o‘rin olgan. Kerak bo‘lsa, xorioependimatit – «Majidov kasalligi» deb atalishi kerak.

Yana o‘qing:  ONALIK VA BOLALIK MUHOFAZADA

Men bu masalani xalqaro anjumanlardan birida ko‘targanman. Majidov ulkan meros qoldirib ketdi. Uning barcha asarlarini ing­liz, nemis, fransuz tillariga tarjima qilish vaqti keldi. Aks holda, o‘zbek olimi yaratgan bu tashxisni bizdan o‘g‘irlab qo‘yishadi va o‘ziniki qilib olishadi. Ilm-fanda bunday voqealar har doim uchrab turgan. Ilm-fanda nafaqat plagiatlik, balki g‘oya o‘g‘rilari ham anchagina. Xorijda har qanday kashfiyot, hatto oddiy simptomga ham olimlar nomini berishadi.

Bilasizmi, mavzudan chetlashayotgandek ko‘rinsam-da, ilm kishisi sifatida o‘tgan olimlarni eslash burchim. Qolaversa, miyaning ichki bosimini Nabi Majidov darajasida o‘rgangan olim yo‘q. Boz ustiga, «Miyaning ichki bosimi oshishi» tashxis emas. 1972 yilgacha dunyo nevrologiyasida «Miya ichki bosimi oshishi» iborasi o‘z nozologiyasiga (ya’ni, kasallik nomiga) ega bo‘lmagan. «Xorioependimatit» ushbu atamaga juda mos keladi.

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: