“Aqlvoy” o‘z faoliyatini boshladi
O‘zbekistonda joriy yilning 22 martidan bolalar uchun mo‘ljallangan ta’lim va ko‘ngilochar telekanal faoliyat boshladi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
– Mazkur kanalning asosiy shiori: “Bu sening vaqting!”. Ya’ni kashfiyotlar vaqti, mo‘jizalar vaqti, yangi narsalarni o‘rganish vaqti. Kanal Rossiya, AQSH, Janubiy Koreya, Xitoy kabi o‘nlab mamlakatlarda taniqli jahon studiyalari tomonidan yaratilgan eng yaxshi animatsion seriallar va dasturlarni namoyish etib boradi. Barcha ijodiy mahsulotlar litsenziyalangan va rasmiy ravishda sotib olinadi. Ayni paytda Soniy, Disney, Universal kabi yirik kinokompaniyalar bilan animatsiya to‘plamini xarid qilish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, – dedi telekanal ijrochi direktori Vela Fidel.
Maktabgacha ta’lim vazirligi ko‘magi bilan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil avgust oyida qabul qilingan «Ixtisoslashgan bolalar ko‘ngilochar – ma’rifiy telekanalini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori asosida tashkil etilgan telekanalning asosiy auditoriyasi 3 yoshdan 9 yoshgacha bo‘lgan bolalardir. Kanal soat 07:00 dan 22:00 gacha faoliyat yuritib, kelgusida onlayn translyasiya ham yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
– So‘nggi yillarda yurtimizda bolalar auditoriyasi doimiy ravishda o‘sib bormoqda. Ayni paytda 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 7,5 million nafardan ziyod. Shu bois o‘zbek tilidagi yuqori sifatli tarbiyaviy va ko‘ngilochar bolalar televizion kontenti zamon talabiga aylanmoqda. Kanal tarmog‘ida vazirlikning so‘nggi metodik ishlanmalarini hisobga olgan holda amalga oshirilgan “Bilasanmi?”, “Quvnoqvoy”, “Bilimdon”, “Eli va Bob” kabi dasturlar ham mavjud, – dedi vazirlik huzuridagi Axborot va pedagogik texnologiyalar innovatsion markazi direktori Oyatillo Rahmatillayev.
Matbuot anjumanida bolajonlar tomonidan telekanal madhiyasi ijro qilindi.
O‘z muxbirimiz