Maktabgacha ta’lim muassasalariga didaktik materiallar, maxsus o‘yinchoqlar berildi

Maktabgacha ta’lim vazirligi Maktabgacha ta’limni rivojlantirish fondi bilan hamkorlikda yangi loyihani boshladi.

Maxsus dastur orqali Toshkent shahridagi 17 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga zamonaviy asbob-uskunalar, didaktik material, maxsus o‘yinchoqlar va boshqa aksessuarlar yetkazib berildi.  

Ushbu maxsus asbob-anjomlar sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalar salomatligini tiklash hamda aqliy qobiliyatini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Jumladan, ortopedik yurish trenajyorlari bosh miya falaji, nevrologik patologiyalar, tayanch-harakat sistemasining shikastlanishi bo‘lgan bolalarda yurish malakalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Rangli to‘p bilan to‘ldirilgan quruq hovuzlar sezgi organlarining rivojlanishiga hissa qo‘shadi hamda o‘ziga xos massaj vazifasini o‘taydi.  

– Maktabgacha tarbiya yoshidagi bolada muayyan rivojlanish kasalliklari mavjud bo‘lsa, ota-onalar tibbiy muassasalarda yoki reabilitatsiya markazlarida reabilitatsiya muolajalarini olishi kerak, – deydi Toshkent shahridagi 560-sonli davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti direktori D.Sultonova. – Biroq bolaga muassasaning o‘zida korreksion, pedagogik va reabilitatsiya yordami ko‘rsatilsa, samaraliroq bo‘ladi. Vazirlik tomonidan berilgan mazkur asbob-anjomlar muassasamiz tarbiyalanuvchilarining salomatligini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur predmetlarning 17 ta ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim muassasasiga topshirilishi dasturning birinchi bosqichi edi. Keyingi bosqichlarda Toshkent shahridagi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini qayta ta’mirlash va qurish, respublikamizning barcha hududlaridagi davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarini ham xuddi shunday zarur maxsus uskunalar bilan jihozlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni joriy yil oxirigacha 70 ta ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanadi.

                                                                                                                                                                                                                                                                       Mohigul QOSIMOVA,
O‘zA

Yana o‘qing:  Qorin g‘uldirashiga nima sabab?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: