Ko‘z nega yoshlanadi?

Chaqalog‘imning ko‘zi nega tez-tez yoshlanadi? Govmuchchadan qutilishning iloji bormi? Bolamning ko‘zi nima uchun xiralashib boryapti? Qandli diabet ko‘rishga salbiy ta’sir qiladimi?
Sog‘lig‘i bilan bog‘liq ana shunday muammolardan bezovtalangan kishilar, eng avvalo, xonadoniga kirib kelgan patronaj hamshiradan savollariga javob kutadi. Bunday vaziyatda oftalmologiya va uning zamonaviy yo‘nalishi hisoblangan ko‘z mikroxirurgiyasi yutuqlaridan xabardor bo‘lish ayni muddao.
Oftalmolog, tibbiyot fanlari doktori, professor Zafar SIDDIQOV bilan suhbatimiz aynan shu mavzuga bag‘ishlangan bo‘lib, mazkur muloqot soha xodimlarining bilim, malaka va mahoratini yanada oshirishda qo‘l keladi, degan umiddamiz.

– Odamning ko‘rish salohiyati murakkab va qiziqarli jarayon ekanini bilamiz. Suhbatimizni shu haqdagi ma’lumotlar bilan boshlasak.


– Ko‘z inson vujudidagi eng muhim sezgi organlaridan biridir. Chunki, biz atrofimizdagi olam haqidagi axborotning 70 foizini ko‘z orqali olamiz. Ko‘z muguz pardasi, qorachiq, gavhar, ko‘z to‘r pardasi, ko‘rish asab tizimi, ko‘z olmasi va uning yordamchi tuzilmalari bo‘lgan mushaklar, qovoqlar, shilliq parda, ko‘z yosh apparati, miya kabi muhim hayotiy ­a’zolarimiz bizga olamdan bahra olish imkonini beradi.

– Bolalarning ko‘rish qobiliyati qanday shakllanadi?


– Bolalarning ko‘zi o‘ziga xos farqli jihatlarga ega. Misol uchun, yangi tug‘ilgan chaqaloqning ko‘z olmasi kattalarnikidan farqli ravishda sharsimon ko‘rinishga ega bo‘ladi. Oqsil pardasi yupqa, sklerada ko‘plab elastik tolalar bo‘ladi. Go‘dak bir oylikka to‘lganda predmetni kuzatish, ba’zida nigohni qadash refleksi rivojlanadi. 2-3 oylikka to‘lganda ko‘z oldiga biron narsani birdaniga yaqinlashtirsangiz, ko‘zlarini yumib oladi. Bu xavfni sezish refleksi hosil bo‘layotgani belgisidir. 6–8 oyligida esa bola oddiy geometrik shakllarni farqlaydi.
Rangni farqlash qobiliyati ham 2-3 oyligida rivojlanadi. U, eng avvalo, qizil rangni ajratadi. Ranglarni farqlash xususiyati 3-4 yoshigacha shakllanishi kerak. Agar bu jarayonda nuqsonlar bo‘lsa, turli ko‘z kasalliklaridan darak bo‘lishi mumkin. Shu bois, patronaj ko‘rigida bolalarning ko‘rish a’zolari rivojlanish bosqichlarini muntazam kuzatib borish lozim.

– Bolaning ko‘zi tez-tez yoshlanishi biror kasallik belgisimi yoki asta-sekin o‘tib ketadigan holatmi?


– Ko‘z huda-behuda yoshlanmaydi. Ayniqsa, bolalarda bu muammo bo‘lsa, tug‘ma ko‘z yoshi kanallarining yopilishi yoki torayib qolishi, shamollash alomati bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda vaqtni boy bermay, bolani okulist-shifokor ko‘rigidan o‘tkazish kerak.

– Keyingi paytda bolalar va o‘smirlarda ko‘rish qobiliyatining pasayishi ko‘p uchramoqda. Buning oldini olish mumkinmi?


– Ko‘z tabiatan uzoq-uzoq manzillarni ko‘rishga moslashgan. Ammo, XXI asrga kelib yuksak texnologiyalarning rivoj­lanishi tufayli yaqin masofadan ish bitirishga odatlanmoqdamiz. Ya’ni, kompyuter, smartfon, mobil telefon asosiy ish qurolimizga aylanib boryapti. Buning natijasida ko‘zlarimiz tabiiy ish rejimini o‘zgartirishga majbur bo‘lmoqda. Albatta, bu muammo ko‘zlarning ko‘rish qobiliyatiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymayapti.
Miopiya – uzoqni yaxshi ko‘ra olmaslik kasalligining ko‘pa­yib borayotgani shuning belgisi. Eng yomoni, keyingi paytlarda bu kasallik yosharib borayotir. Buning oldini olish uchun oilada tarbiyaga e’tiborni kuchaytirish, kichkintoylarning mobil telefon, kompyuter o‘yinlariga berilishiga yo‘l qo‘ymaslik, ularni ko‘proq toza havoda sayr ettirish, ovqatlanish tartibiga va taomlarning shifobaxshlik xususiyatiga e’tibor qaratish kerak.
Kattalar ham kompyuterda ishlash qoidalariga rioya etishi zarur. Ya’ni, monitor va ko‘z orasi 15 – 20 santimetrdan kam bo‘lmasligi kerak. Kompyuterda uzluksiz ishlaydiganlar har ikki soatda 20-30 daqiqa ko‘zga dam berishi maqsadga muvofiq. Sog‘lom turmush tarziga oid bu ma’lumotlarni har bir oilaga yetkazsangiz, ko‘z xastaliklarining oldini olishda sezilarli natijalarga erishasiz.

– Ko‘z qorachig‘i katta-katta bo‘lsa, «ko‘zlari charosdek porlab turibdi», deb go‘zallikka yo‘yamiz. Ayrimlarda esa katta qorachiq o‘tkir ko‘rish qobiliyatidan darak, degan fikr ham bor. Haqiqatan ham shundaymi?


– Yo‘q, ko‘z qorachig‘ining katta bo‘lishi glaukoma belgisi bo‘lishi mumkin.
Ko‘z ichi bosimi baland bo‘lishi glaukoma rivojlanishining asosiy omilidir. Shu bois, kasallikni barvaqt aniqlash, shifokor nazorati ostida bo‘lish ko‘rish nerv tizimi zararlanishining oldini oladi va ko‘rish qobiliyatini saqlashga yordam beradi.

– Keksalarimiz ko‘zlarini ko‘k choy bilan tez-tez yuvib turishlariga ko‘p guvoh bo‘lganman. Buning salomatlikka foydasi bormi?


– Ma’lumki, ko‘k choy tabiiy usulda olingani bois, unda tabiiy, shifobaxsh moddalar ko‘p. Shuningdek, bakteriyalarga qarshi kurashish xususiyatiga ega. Shu jihatlari sababli kon’yunktivit, blefarit va boshqa shamollash tufayli kelib chiqadigan ko‘z xastaliklarining oldini olish va davolashda o‘ziga xos ta’sir kuchiga ega.

– Ko‘zga govmuchcha chiqishi nimaning alomati?


– Bu biror ichki kasallik, shamollash, qovoqlar yallig‘lanishi va gijja asorati bo‘lishi mumkin. Bunday vaziyatda bolani pediatr, yuqumli kasalliklar shifokori va okulist ko‘rigidan o‘tkazib, majmuaviy muolaja qilish kerak. Shuningdek, bolaning immunitetini oshirish uchun uni ratsional ovqatlantirish, jismonan chiniqtirish zarur.

– Qandli diabetning ko‘rishga ta’siri bormi?


– Ushbu kasallikka chalingan ko‘plab bemorlar asosan endok­rinolog ko‘rigidan o‘tib, qand miqdorini me’yorida saqlash bilan cheklanadi. Holbuki, qandli diabet ikkilamchi asoratlari bilan ham xatarlidir. Jumladan, uning ta’sirida ko‘z kasalliklari kelib chiqishi mumkin. Buning oldini olish uchun bemorni yilda ikki marta okulist ko‘rigiga yo‘llash va shifokor tavsiyalariga rioya etish maqsadga muvofiq.

– Zamonaviy oftalmologiya va ko‘z mikroxirurgiyasining eng muhim yutuqlari nimalardan iborat? Ulardan amalda foydalanish samaralari va soha rivojiga yo‘naltirilgan yangi rejalar haqida ma’lumot bersangiz.


– Zamonaviy oftalmologiya va ko‘z mikroxirurgiyasi bugungi kunga kelib shu qadar rivojlandiki, natijada ilgari davolash mushkul bo‘lgan ko‘pgina kasalliklarni butunlay bartaraf etishga erishyapmiz. Katarakta xastaligining turli shakllarini fakoemulsifikatsiya usulida davolash, ko‘z shoh pardasi xiralashganda keratoplastika operatsiyasi, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari tufayli kelib chiqqan to‘r parda va shishasimon tananing xastaliklarini zamonaviy usulda davolash bo‘yicha yutuqlar bunga misoldir. Bunday ilg‘or operatsiyalarni bugungi kunda hududlarda ham joriy etish maqsadida joylarda amaliy ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
Tibbiyot yutuqlaridan amalda foydalanish barobarida, kasalliklarning oldini olish masalasi ham doimo e’tiborda. Mazkur yo‘nalishda ham davlatimiz tomonidan muhim chora-tadbirlar amalga oshirilyapti.

Xususan, viloyat ko‘z kasalliklari shifoxonalariga oftalmologiyaning eng so‘nggi texnologiyalari bilan jihozlangan ko‘chma mobil klinikalar yetkazish borasida ish olib borilmoqda. Ushbu texnika-texnologiyalar ko‘magida shifokorlarimiz joylarga chiqib, chekka-chekka hududlar aholisini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazadi.

Akmal ERGASHEV suhbatlashdi

Yana o‘qing:  Stresning yana bir zarari

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: