KT va MRT har doim ham tashxisni to‘g‘ri aniqlaydimi?
Kompyuter tomografiya (KT) va magnitli-rezonans tomografiyaning (MRT) yaratilishi tibbiyot uchun olamshumul kashfiyot bo‘ldi. Ushbu zamonaviy diagnostika usullari XX asrning 90-yillari tibbiyotga kirib keldi. Bunday ixtiro mualliflari Nobel mukofotiga haqli ravishda sazovor bo‘lishdi. KT va MRT tekshiruvlaridan tibbiy diagnostikaning har qanday yo‘nalishida foydalanish mumkin. Ayniqsa, KT va MRT nevrologiyada juda katta ahamiyatga ega. Biroq…
Ba’zi bemorlar vrach tavsiyasi bo‘lmasa-da, bosh miyasini KT yoki MRT tekshiruvidan o‘tkazishadi. U yerdagi «atrofiya» yoki «ensefalopatiya» so‘zlarini o‘qib vahimaga tushishadi. Bu holatlar haqida kitobda ma’lumot berganmiz.
Beli og‘riydigan ba’zi bemorlar umurtqa pog‘onasini KT yoki MRT tekshiruvidan o‘tkazib, aniqlangan kichik hajmli disk churrasidan vahimaga tushishadi. Bel-dumg‘aza umurtqalari orasida paydo bo‘lgan 2-3 yoki 4 mm. siljigan disk churralari xavfsiz bo‘lib, ozgina davolash muolajalaridan so‘ng o‘tib ketadi. Qay darajaga yetgan disk churralarini operatsiyasiz yoki operatsiya yo‘li bilan davolashni nevropatolog va neyroxirurg hal qiladi. Malakali vrach hech qachon KT yoki MRT xulosasiga tayanib qolmaydi. U bemorni obdon tekshirib, disk churrasini bemorga tig‘ tekkizmasdan davolashga harakat qiladi. Buning iloji bo‘lmasa, operatsiya yo‘li tanlanadi. Lekin har doim davolash muolajasini kechiktirmaslik va vaqtni yo‘qotmasdan davolashga kirishish kerak.
KT va MRT har doim ham tashxisni to‘g‘ri aniqlashga yordam bera olmaydi. Masalan, nevroz va depressiyalar, epilepsiyaning ba’zi turlari, ba’zi nasliy kasalliklar, moddalar almashinuvi buzilishlari, muskullar ozishi bilan kechuvchi kasalliklarda KT va MRTda hech narsa aniqlanmaydi. Bunday paytlarda tashxis qo‘yishning boshqa usullari, ya’ni laborator tahlillar, bioximik yoki genetik tekshiruvlardan foydalaniladi. Faqat suhbat o‘tkazish orqali qo‘yiladigan tashxislar ham borki, ular nevroz va depressiyadir.
Eslatma. Biror bir tekshiruvga borishdan oldin, albatta, vrach ko‘rigidan o‘ting. Balkim KT va MRT tekshiruvi sizga shart emasdir.
Bosh miya atrofiyasi – u qanday holat?
«Atrofiya» to‘qima yoki hujayraning kichrayishi, yemirilishi va yo‘qolishi degan ma’noni anglatadi.
Yosh o‘tgan sayin miya hujayralarining atrofiyaga uchrashi – bu tabiiy hol. Bosh miyaning ustki qatlami, ya’ni po‘stloq qavatining o‘zida 14 mlrd. hujayra bor. Ko‘p hujayralar atrofiyaga uchrab yo‘qolib boradi. Shu bois katta yoshdagilar miyasi yoshlarnikiga qaraganda kichikroq bo‘ladi. Demak, bundan xavotirga tushishning keragi yo‘q. Boz ustiga atrofiyaga uchragan ba’zi hujayralarning vazifasini boshqa hujayralar bajara boshlaydi. Ba’zi bemorlar boshi og‘riyverganidan so‘ng MRT tekshiruviga boradi. Undagi «atrofiya» so‘zini o‘qib, bosh og‘riqni shu bilan bog‘lashadi. Atrofiya bilan bosh og‘riq orasida hech qanday bog‘liqlik yo‘q.
Agar 50 yoshdan oshganlarda miya hujayralari atrofiyasi xotira pasayishi bilan namoyon bo‘lsa va bu jarayon kuchayib borsa, bemorda neyropsixologik tekshiruvlar o‘tkazish kerak.
Katta yoshdagilarda, asosan, Alsxaymer kasalligi, miya tomirlari aterosklerozi va gipertoniya kasalligi miya hujayralari atrofiyasi sababchisi bo‘ladi. Kichik yoshdagilarda esa bosh miya jarohatlari, ba’zi nasliy kasalliklar, oligofreniya, giyohvand moddalar va ichkilikka berilish kabi holatlar miya hujayralari atrofiyasiga olib keladi.
KT yoki MRT tekshiruvida miya to‘qimasi atrofiyasi aniqlansa, nevropatolog xulosasini kutmasdan o‘zingiz xulosa chiqarmang. Agar atrofiya xotira buzilishlari bilan namoyon bo‘lsa, malakali neyropsixologga uchrang.
Bosh miyada kista bo‘lishi xavflimi?
MRT tekshiruvidan so‘ng ba’zi bemorlarning boshida kista (bo‘shliq) aniqlanadi. Aksariyat bemorlar bundan xavotirga tushib qolishadi: «Boshimda kista bor ekan, u kattalashib ketmaydimi, uni operatsiya qilish kerak emasmi?».
Bosh miyada kista qanday hosil bo‘ladi? Nima uchun u KT yoki MRT tekshiruvlarida tasodifan aniqlanib qoladi? Kista ko‘pincha bosh miyaning orqa ensa chuqurchasi sohasida aniqlanadi. Bora-bora aksariyat kistalar so‘rilib bitib ketadi, boshqa birlari esa odam umrining oxirigacha saqlanib qoladi.
Kista paydo bo‘lishining asosiy sabablari – bular erta bolalik davrida o‘tkazilgan bosh miya jarohatlari (ayniqsa, ensa bilan yiqilishlar) va miya pardalarida o‘tkazilgan yallig‘lanish kasalliklari. Buning oqibatida miyaning ikki pardasi orasi ochilib, u yerda miya suyuqligidan iborat bo‘shliq shakllanadi.
Bu bo‘shliq, ya’ni kista turli hajmga yetib, o‘sishdan to‘xtab qoladi. Bosh miyaning orqa qismida, ya’ni ensa sohasida joylashgan aksariyat kistalar xavfli emas. Bosh miyaning chakka sohasida shakllangan kistalar esa nevropatolog nazoratini talab qiladi.
Demak, bosh miyasida kista aniqlangan bemorlar xavotirga tushmasdan, malakali nevropatolog ko‘rigidan o‘tishlari va uning maslahatiga quloq tutishlari lozim.
Zarifboy IBODULLAYEV,
tibbiyot fanlari doktori, professor