TISH TASHVISH BO‘LMASIN DESANGIZ…
Bugun dunyoda tish kasalliklari va ularning oldini olish tibbiyotning o‘tkir muammolaridan biri hisoblanadi. Xususan, so‘nggi yillarda 3-5 yoshli bolalarda tish kariyesi kuzatilishi holati o‘rtacha 70-85, kattalar o‘rtasida esa 95 foizni tashkil qilayotgani masalaning nechog‘lik dolzarbligini ko‘rsatadi.
Bir qarashda tish xastaliklari u qadar xavfli dard emasdek tuyulishi mumkin. Ammo undan keyingi asoratlar. Masalan, milk va og‘izning shilliq parda kasalliklari oldi olinmasa yoki o‘z vaqtida davolanilmasa, organizmga infeksiya tarqalib, abssess, flegmona, periostit, hatto sepsis xastaliklari kelib chiqishi mumkin. Bularning barchasi oddiygina gigiyena qoidalariga rioya etmaslikdan boshlanadi.
Qachon stomatologga
murojaat etish kerak?
Ma’lumki, har olti oyda bir marta stomatolog ko‘rigidan o‘tish lozim. Shuningdek:
- tishlarda oq yoki qora dog‘lar kuzatilsa;
- kovak paydo bo‘lganda;
- og‘riganda;
- shirinlik iste’mol qilinganda, ta’sirlansa.
Hafsalasizlik qilmang!
Ko‘pchilik tishini kun davomida atigi bir marta, asosan ertalab, ovqatlanmasdan avval yuvadi. Aslida esa nonushtadan so‘ng va kechki ovqatdan keyin ham bu ishni hafsala hamda e’tibor bilan qilish kerak.
Sut tishlarni davolatish shart
Ba’zilarda «Sut tishlar tushib ketadi, davolatish shart emas..» degan noto‘g‘ri fikr shakllanib qolgan. Vaholanki, bunday tishlarning umri qisqa bo‘lsa-da, ular bolaning 12 yoshigacha xizmat qilishi lozim va doimiy tishlarning sog‘lom rivojlanishida juda muhim o‘rin tutadi. Kasallikka uchragan sut tishlaridagi patologik o‘zgarishlar doimiy tishlarda o‘zining salbiy izini qoldirishi ilmiy asoslangan. Jumladan, doimiy tishlar zaif, notekis bo‘lishi, hatto umuman chiqmay qolishi ham tajribalarda kuzatiladi.
Ratsional ovqatlanishning ahamiyati katta
Darhaqiqat, bu muhim. Shokolad, konfet, shakar iste’molini kamaytirish kerak. Ovqatlanib bo‘lgach, qattiq meva-sabzavotlardan iste’mol qilish ham foydalidir. U tishlarning tabiiy mexanik tozalanishini ta’minlaydi. Pishloq esa bakteriyalar ko‘payishiga to‘sqinlik qiladi. Og‘iz bo‘shlig‘i shaxsiy gigiyenasi vositalaridan to‘g‘ri foydalanishning ham o‘rni katta. Misol uchun, tish cho‘tkasi va tish pastasini to‘g‘ri tanlash hamda ulardan samarali foydalanish lozim.
Tish cho‘tkasi va pastasi
Tish cho‘tkasi bir necha xilga bo‘linadi: o‘ta qattiq, qattiq, o‘rtacha qattiq, yumshoq, o‘ta yumshoq. Bolalar cho‘tkasi yumshoq va o‘ta yumshoq tolalardan tayyorlanadi. Qattiq va o‘ta qattiq tolali cho‘tka tish toshlari hosil bo‘lishiga moyil insonlarga, o‘rtacha qattiqlikdagisi parodont va tish qattiq to‘qimalari normal holatdagi kishilarga tavsiya etiladi. Yumshoq va o‘ta yumshoq cho‘tkalar tish yuqori yediriluvchanligi, parodont to‘qimasi yallig‘lanish holatlarida ma’qul yechim hisoblanadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga ko‘ra, tish pastasi tarkibidagi ftor ioni miqdori kattalar uchun 1000 promilledan (mg/l) ko‘p, bolalarga esa 500 promille bo‘lishi me’yor sanaladi. Ftor tuzi sifatida natriy ftorid yoki amino ftorid qo‘shilgan pastalar ko‘proq samarali.
Eliksirning ham foydasi ko‘p
Tishlarning cho‘tka yetmagan qismlariga ftor ionlari borishini ta’minlash va og‘izdagi badbo‘y hidni yo‘qotish uchun eliksirlardan foydalanish ham mumkin. Uning tarkibida odatda 200 promille ftor ioni mavjud bo‘ladi. Eliksirlardan kuniga 2-3 marta foydalanib, og‘izni chayish tishning kislota ta’siriga (kariyesga qarshi) chidamliligini oshiradi.
Aslida qanday yuvish kerak?
Tishlarni tozalash yuqori jag‘ o‘ng tomon chaynov tishlari sohasidan boshlanib, chap tomonga, pastga tushib, o‘ng tomonga qarab gorizontal (oldinga-orqaga) harakat bilan tozalanadi. Molyar, premolyar tishlarning vestibulyar (tashqi) va oral (ichki) yuzalari tozalanayotganda cho‘tka ishchi qismi tish yuzasiga 45 gradus ostida qo‘yiladi, milkdan tishga («qizildan oqqa») supurgisimon harakat qilinadi. Tishlarning chaynov yuzasi cho‘tkaning gorizontal (oldinga-orqaga) harakati bilan tozalanadi. Frontal guruh tishlar segmenti qoziq va kurak tishlarning vestibulyar yuzasi ham yuqorida ko‘rsatilgan chaynov tishlar sathi kabi tozalanadi. Mazkur tishlarning oral sathini tozalash uchun tish cho‘tkasi vertikal holda tishlar sathiga perpendikulyar qilib qo‘yiladi, bunda cho‘tkaning tuklari tish va milklar sathiga o‘tkir burchak ostida yo‘naladi. Barcha segmentlarda tishlar yuzasi aylanma harakat qilib tozalanadi.
Tishlar yuvib bo‘lingach og‘izni suv bilan bir marta chayish yetarli. Ko‘p marta chayish tavsiya etilmaydi, chunki tish pastasi tarkibidagi ftor ionlari tish yuzasida qancha uzoq qolsa, emalni shunchalik mustahkamlab boradi.
E’tibor bering! Tish tozalash sifatini uy sharoitida o‘zingiz ham tekshirib ko‘rishingiz mumkin. Buning uchun tishingizni tozalab bo‘lgach, ularni yodning suvli eritmasi bilan bo‘yab ko‘rasiz. Qayerda karash qolgan bo‘lsa, tishning o‘sha qismi to‘q jigar rangga kiradi. Demak, shu yerlarni ham yaxshilab tozalashga e’tibor qaratishingiz kerak.
Alisher ChORSHANBIYEV,
stomotolog-shifokor