Oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi nechog‘li xavfli?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, bugun Yer yuzi aholisining qariyb yigirma-o‘ttiz foizi me’da-ichak faoliyati buzilishi, xususan, oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi xastaligidan aziyat chekmoqda. Bu muammoning bir qancha sabablari bor. Ular orasida noto‘g‘ri ovqatlanish yetakchi o‘rinni egallaydi. Shu bois aholi orasida patronaj ko‘rigini o‘tkazish asnosida siz, muhtaram hamshiralar sog‘lom turmush tarzi hamda to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga qay darajada amal qilinayotganiga nihoyatda ­e’tiborli bo‘lishingiz darkor.

Eng muhimi – to‘g‘ri ovqatlanish


Oshqozon yarasini keltirib chiqaruvchi omillar haqida so‘z borganda, xonadon ahli, avvalo, stressdan saqlanish hamda ruhiy zo‘riqishlarga yo‘l qo‘ymaslik juda muhimligini yaxshi bilishlari kerak. Asabiylashgan kishida ishtahasizlik yoki aksincha holat kuzatiladi. Bu esa pala-partish ovqatlanishga sabab bo‘ladi hamda me’da-ichak tizimi faoliyatini buzadi.
Me’da va o‘n ikki barmoqli ichak yarasini yuzaga keltiruvchi boshqa omillar qatorida «Helicobacter pylori» infeksiya­si, nasliy moyillik, me’da shirasining ko‘p miqdorda ishlab chiqarilishi natijasida oshqozon-ichak trakti devorining kuyishi, jarohatlar, ayrim dorilarni uzoq muddat qabul qilish singari holatlar turtki bo‘lishi mumkin. Ayniqsa, yarim tayyor yegulik­lar, gazli ichimliklar, achchiq, sho‘r va ko‘p miqdorda ziravor qo‘shilgan mahsulotlarni iste’mol qilish koni zarar.

Oshqozon yarasidan aziyat chekayotgan bemor, asosan, to‘sh osti sohasidagi og‘riq, tungi bezovtalik, ishtaha kama­yishi, ko‘ngil aynishi, jig‘ildon qaynashi, kekirish, qorinning dam bo‘lishi hamda qayt qilish kabi belgilardan shikoyat etadi. Yaraning joylashishiga qarab, og‘riq xuruji ovqatlangandan so‘ng 1-2 soat o‘tgach yoki och qolganda boshlanadi. Bemor taom yoki suyuqlik iste’mol qilayotganda ko‘ngil behuzur bo‘lishi, oshqozonda kuydiruvchi og‘riq, qorin dam bo‘lishi singari alomatlarni sezadi. Bularning bari me’yoridan kam ovqatlanish va shuning evaziga vazn yo‘qotish, immun tizimi sustlashuviga sabab bo‘ladi. Bu holat esa, o‘z navbatida, boshqa turdagi kasalliklarga ham olib kelishi mumkin.

E’tiborli bo‘ling, agar…


– Bemor qahfa quyqasi ko‘rinishida yoki qon aralash qayt qilsa;
– Qayt qilganda bir necha soat (yoki kun) avval yeyilgan ovqat qoldiqlari ajralib chiqsa;
– Sovuqsirash va o‘z-o‘zidan terlash kuzatilsa;
– To‘satdan kelib chiqqan bosh aylanishi va holsizlik;
– Najas rangi qora (ko‘mir) bo‘lishi;
– Tez-tez qayt qilish;
– Tungi yoki uzluksiz to‘sh osti sohasidagi og‘riq (og‘riq bel sohasiga tarqalishi ham mumkin);
Mazkur alomatlar oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak yarasi zo‘rayganidan darak bo‘lishi mumkin. Vaqtni o‘tkazmay, bemorni shifokor huzuriga olib borish kerak.

Qanday tibbiy tahlillar o‘tkaziladi?

Yana o‘qing:  Badiiy gimnastika


Me’da faoliyatidagi o‘zgarishlarga tashxis qo‘yishda dastlab bemorning umumiy ahvoli va shikoyatlari o‘rganiladi. Shuningdek, endoskopik tekshiruv, oshqozon traktini rentgenogramma orqali ko‘rish, «Helicobacter pylori» infeksiyasini aniqlashga doir qon tahlillari o‘tkaziladi.
Tibbiy xulosaga asosan, oshqozon shirasini kamaytirish, aniqlangan infeksiyani bartaraf etish, oshqozon shilliq pardasining faol yallig‘lanishini kamaytirish, yara va eroziyalar bitib ketishini ta’minlash, yara xurujlarining oldini olishda qo‘llaniladigan (og‘riqsizlantiruvchi) preparatlar buyuriladi. Muolaja davomida shifokor nazoratida bo‘lish va albatta, qat’iy parhezga rioya etish lozim. Negaki, bu xastalik uzoq muddat davolanadigan, to‘liq muolaja olinmasa, yanada avj oladigan xastalikdir.

Parhezga amal qilyapsizmi?


Patronaj hamshira bemorga shu savol bilan murojaat qilishi zarur: javobga qarab muolaja shartlari qay tariqa bajarilayotganini bilib olish barobarida, parhez nechog‘lik muhim ekani yana bir bor eslatiladi.

– Yog‘siz (mol, baliq, tovuq) go‘sht;
– Sabzavot va mevalardan tayyorlangan bo‘tqa, sarxil meva sharbatlari;
– Sut-qatiq mahsulotlari, yog‘siz tvorog;
– Suyuq damlangan choy va ma’danli suv oshqozonni zo‘riqtirmaydi.
Aksincha:
– Yog‘li go‘sht;
– Tuzlangan va dudlangan mahsulotlar;
– Achchiq, sho‘r, o‘ta issiq va yaxna yeguliklar;
– Gazli, spirtli ichimliklar;
– Uzum sharbati, sabzavotlardan — piyoz, sarimsoq, bulg‘or qalampiri kabilar tavsiya etilmaydi.

Xulosa shuki, me’da xastaliklariga duchor bo‘lmaslikning eng muhim sharti – sog‘lom turmush tarziga rioya etish. Bu qoidani yodda tutgan kishi hamisha o‘zini tetik va baquvvat his etadi.

Yoqub NAMATOV,

shifokor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: