PARKINSONIZM QANDAY KASALLIK?

Parkinsonizm qanday kasallik? Nima uchun u «Parkinson kasalligi» deb ataladi?Shu o‘rinda avvalo ushbu kasallikning tarixi haqida qisqacha bilib olsak. 1817 yili angliyalik vrach Jeyms Parkinson (1755–1824) «Titroq falajlik» nomli kichik bir asar yozadi. Ushbu kitobchada u o‘sha davrgacha noma’lum bo‘lgan kasallik haqida so‘z yuritadi. Hamma gap shundaki, bu dardga uning o‘zi yo‘liqqan edi. U o‘zida kechayotgan kasallik belgilarini yon daftarchasiga yozib yuradi. Uning qo‘llari doimo titrar, boshi qaltirar va hali yoshi 60 ga ham yetmagan bo‘lsa-da, gavdasi bukchayib borayotgandi.

Parkinson tanasidagi barcha muskullari go‘yoki qotib borayotganidan, bemalol qadam tashlab yura olmayotganidan aziyat chekardi. U yaqinlariga: «Bu qarilik emas, balki qandaydir bir kasallik» deydi siqilib. Hozirda har bir nevropatolog biladigan parkinsonizmning deyarli barcha belgilari o‘sha vaqtdayoq Parkinson tomonidan yozib qoldirilgan. Agar Parkinson ushbu kasallik bilan og‘rimaganida edi, balkim biz uning haqida hech narsani bilmagan bo‘lar edik. Chunki u ko‘zga ko‘ringan olim emas, balki oddiy vrach bo‘lgan. «Boshidan o‘tgan tabib» degan naqlni eshitsam, hayolimga Jeyms Parkinson keladi.
Shu o‘rinda ushbu xastalik haqidagi bir qator savollarga javob izlasak.

Savol: Parkinson kasalligi faqat kattalarda uchraydimi?

Javob: Jeyms Parkinson o‘zida bu kasallik belgilarini 50 yoshdan oshgandan so‘ng payqay boshlagan. Keyin uning o‘zi yana 6 nafar bemorda xuddi shunday kasallik alomatlarini kuzatadi. Ular ham 50 yoshdan oshgan edi.
Kasallikning kattalarda uchrashi Parkinson e’tiborini tortadi va u «Ushbu kasallik 50 yoshdan oshganlarda uchraydi» deb yozadi. Shu bilan birga o‘zida va o‘zi kuzatuvga olgan bemorlarda bir xil alomatlarga, ya’ni qo‘llarning titrashi, mushaklar qotishi, harakatlarning sustlashib borishi va qadam tashlashning sekinlashuviga e’tibor qaratadi. Muskullar kuchi saqlanib qolgan bo‘lsa ham, titroqlar va muskullarning qotib qolishi sababli Parkinson bu kasallikka «Titroq falajlik» deb nom beradi.
Parkinson o‘limidan 50 yil o‘tgach, ya’ni 1874 yili mashhur fransuz nevrologi Jan Marten Sharko bu kasallikni chuqur o‘rganib, uning nomini o‘zgartiradi. Jarko shunday deb yozadi: «Biz ushbu kasallikni o‘zi shu darddan aziyat chekkan va uni batafsil yozib qoldirgan vrach nomi bilan ataymiz». Barcha olimlar Sharkoning bu taklifini qo‘llab-quvvatlashadi. O‘sha davrdan bosh­lab ushbu kasallik Parkinson kasalligi deb nomlanadi. Jahon nevrologiyasi fani asoschisi J.M.Sharko ushbu kasallikdan o‘lgan bemorlarning bosh miyasini ochib o‘rganadi, biroq miya to‘qimalarida hech qanday patologik o‘zgarishlar topmaydi.

Savol: Parkinson kasalligining sabablari nima? Agar bosh miyada hech qanday o‘zgarishlar topilmagan bo‘lsa, nima uchun bu kasallik rivojlanadi?

Javob: Parkinson kasalligidan o‘lgan bemorlarning bosh miyasini Sharko davridan (1880 yillardan) buyon olimlar o‘rganib kelishgan. Biroq bosh miyada hech qanaqa o‘zgarishlar topishmagan. Bu mo‘jizadan olimlar hayratda qolishadi: «Nev­rologik belgilar bor-u, biroq bosh miya o‘zgarmagan?!». Bu qanaqasi bo‘ldi? Balki kasallik nasliy xususiyatga egadir? Bu savol deyarli 80 yil mobaynida, ya’ni XX asrning 60-yillarigacha javobsiz qoladi.
Biroq shu yerda bir narsani aytib o‘tish kerak. 1918 yili Yevropada epidemik ensefalit (bosh miyaning kuchli yallig‘lanishi) bilan kasallanganlar soni juda ko‘payib ketadi. Vengriyalik olim Ekonomo ushbu kasallikning, ya’ni ensefalitning surunkali bosqichida Parkinson kasalligiga xos simptomlarni kuzatadi. Ensefalitdan o‘lgan bemorlarning bosh miyasi tekshirilganda bosh miyaning chuqur qismida patologik o‘zgarishlar topiladi.
O‘sha davrdan boshlab Parkinson kasalligiga o‘xshab kechuvchi kasalliklarni parkinsonizm deb atay boshlashadi. O‘sha paytlari patomorfologik tekshiruvlar rivojlana boshlagan edi. Parkinsonizmdan o‘lgan bemorlarning bosh miyasi tekshirilganda bosh miyaning quyi qismida joylashgan qora modda hujayralari atrofiyasi aniqlanadi.

Yana o‘qing:  YOZNING YORQIN RANGLARI

Savol: Parkinsonizm nasldan naslga o‘tadimi?

Javob: Parkinson kasalligining rivoj­lanishida nasliy omillarga katta urg‘u beriladi. Chunki kasallik nasldan-naslga dominant tipda uzatiladi. Bu kasallik to‘la ravishda farzandlarga o‘tadi degani emas.
Vaholanki, Parkinson kasalligining o‘zi emas, balki unga moyillik keyingi avlodlarga uzatiladi. Demak, ushbu kasallikka moyilligi bor odamlarda turli tashqi salbiy ta’sirlargina Parkinson kasalligini yuzaga keltirishi mumkin.

Savol: Bokschilarda ham parkinsonizm rivojlanadi deyishadi. Shu to‘g‘rimi? Boksning parkinsonizmga nima aloqasi bor?

Javob: Albatta, boksning parkinsonizmga bevosita aloqasi yo‘q. Biz hammamiz mashhur bokschi Muhammad Alini yaxshi bilamiz. Unda bosh miyaga tekkan zarbalar keyinchalik parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lgan. Umuman olganda, ko‘pchilik parkinsonizm kasalligini mashhur Muhammad Ali orqali biladi. Chunki uning parkinsonizm bilan kasallanganligi juda ko‘p sport ixlosmandlariga ma’lum.
Boshga tekkan doimiy zarbalar miyaning chuqur tuzilmalari ezilishi va ularga nuqtali qon quyilishlarga sababchi bo‘ladi. Buning oqibatida inson harakati uchun o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan dofamin moddasini ishlab chiquvchi hujayralar soni kamaya boradi. Bu esa parkinsonizm rivoj­lanishiga sababchi bo‘ladi.
Men boks bilan shug‘ullanayotganlarni cho‘chitib qo‘ymoqchi emasman. Yuqorida aytib o‘tganimdek, parkinsonizmga moyilligi bor odamlarda tashqi ta’sirlar ushbu kasallikning rivojlanishiga olib keladi. Fikrimcha, Muhammad Alida parkinsonizmga nasliy moyillik bo‘lgan. Chunki mashhur bokschilar juda ko‘p. Ular ham miyasiga ko‘p zarbalar olgan. Biroq yoshi o‘tgandan so‘ng ularda parkinsonizm rivojlanmagan. Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Demak, bosh miya jarohati, albatta, parkinsonizm rivojlanishiga olib keladi, degan fikr noto‘g‘ri.

Savol: Asab tizimi zaharlanishlari va infeksiyalari yoki har xil dorilarni ko‘p iste’mol qilish ham parkinsonizmga olib keladi, deb eshitganman. Shu to‘g‘rimi?


Javob: Haqiqatan ham turli kimyoviy moddalar va vositalar bilan surunkali zaharlanish parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Masalan, oltingugurt, marganets, qo‘rg‘oshin, metil va etil spirtlari, fosfororganik birikmalar, is gazi, ya’ni miyada dofamin moddasi almashinuviga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Asab sistemasi infeksiya­lari haqida aytadigan bo‘lsam, miyaning ichki qismida joylashgan qora moddani zararlaydigan viruslar parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘ladi. Masalan, ensefalit kasalligini bunga misol qilish mumkin.
Dorilarning nojo‘ya ta’siri haqida gapiradigan bo‘lsak, faqat ba’zi dorilargina parkinsonizm rivoj­lanishiga sababchi bo‘la oladi. Parkinsonizm rivojlanishiga eng ko‘p sababchi bo‘ladigan dorilar – bular aminazin, galoperidol va shu guruhga kiruvchi dorilar. Bu dorilar, asosan, ruhiy buzilishlarni davolashda ishlatiladi. Ular katta miqdorda yoki uzoq vaqt tavsiya qilinsa, bemorda parkinsonizm belgilari rivojlanadi. Lekin bemor bu dorilarni ichishni to‘xtatsa, parkinsonizm belgilari darrov orqaga qaytadi. Shuning uchun ham dorilar ta’siridan rivoj­langan parkinsonizm haqiqiy Parkinson kasalligiga qaraganda tez tuzaladi. Parkinsonizmni yuzaga keltiradigan dorilarning nojo‘ya ta’sirini pasaytirish uchun siklodol beriladi.
Shu yerda alohida ta’kidlab o‘tmoqchi edim. Giyohvand moddalarni iste’mol qiladiganlarda parkinsonizm ko‘p uchraydi. Chunki giyohvand moddalar aynan qora moddada ishlab chiqariladigan dofamin moddasini parchalaydi.

Savol: Miya tomirlari aterosklerozi, gipertoniya kasalligi va insult o‘tkazganlarda ham parkinsonizm rivoj­lanadimi?


Javob: Afsuski, bu savolga «Ha» deb javob berish kerak. Nevrologiyada «Tomir parkinsonizmi» degan atama bor. Bosh miyada qon aylanishining surunkali buzilishlari parkinsonizm rivojlanishiga sababchi bo‘lishi mumkin. Masalan, dissirkulyator ensefalopatiyaning 3-bosqichida deyarli 25 foiz bemorda parkinsonizm rivojlanadi. Agar bemor doimo yuqori qon bosimdan aziyat chekib yursa, unda tez-tez gipertonik krizlar uchrab tursa, qon bosimi yuqori bo‘lib spirtli ichimliklar iste’mol qilsa, ularda tomir parkinsonizmi rivojlanishi xavfi yuqori. Shuningdek, tez-tez kichik insultlar kuzatiladiganlarda ham tomir parkinsonizmi rivojlanish xavfi bor.

Savol: Endi bu kasallik belgilari haqida so‘zlab bersangiz.


Javob: Bu kasallikning har bir belgisi o‘ziga xos xususiyatga ega. Ziyrak ko‘zli nevropatolog parkinsonizmning har bir belgisiga qarab, adashmasdan tashxis qo‘ya oladi.
Masalan, 60 yoshli bemorning ko‘zlari bir nuqtaga tikilgan, qaddi bir oz bukilgan, qadam tashlashlari sekinlashgan, muskullari qotishgan va qo‘l panjalarida titroqlar aniqlansa, demak, bemorda parkinsonizm rivojlanayapti. Biroq yoshlarda kuzatiladigan jahl chiqqandagi titrash parkinsonizm belgisi emas. Parkinsonizm uchun bir oz bukilgan qo‘l panjalarining aynan tinch holatdagi doimiy titrashi xos. Bemorda harakatlar hajmi kamaygan bo‘lsa-da, mushaklar kuchi saqlanib qoladi. Tanadagi mushaklar tonusi oshganligi sababli bemor shaxdam qadamlar tashlab, ravon yura olmaydi. U kichik qadamlar tashlab yuradi. Bunday yurish «qo‘g‘irchoq yurish»» deb ataladi. Bemorning yuz ko‘rinishi niqobsimon bo‘ladi, yuz-ko‘zida hissiy alomatlar ko‘rinmaydi. U go‘yoki qotib qolgan odamni eslatadi.

Yana o‘qing:  Plastik qadoqdagi dorilarni xavfsiz deb bo‘lmaydi

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: