Ham in’om, ham imkoniyat
“Kitob tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 61-umumta’lim maktabi binosi qayta qurilib foydalanishga topshirildi”. Shu birgina gapning zamirida minglab insonlarning orzu-umidlari, istak va xohishlari, kelajakka bo‘lgan yuksak ishonchlari mujassam. Tog‘ yonbag‘rida joylashgan Palandara qishloq fuqarolar yig‘iniga qarashli Oftobro‘ya qishlog‘i hududidagi zamonaviy bilim maskani istiqlol bergan in’om va imkoniyatdir.
– 1958 yili hashar yo‘li bilan qurilgan mazkur maktab binosi qulash arafasiga kelib turgandi, – deydi maktab direktori Hamroqul Malikov. – Ayni paytda qishloq o‘quvchilari 240 o‘rinli yangi zamonaviy ko‘rinishdagi maktab binosida o‘qishni davom ettirishmoqda. O‘quvchilar uchun sport zali qurilgan. Qolaversa, fizika, kimyo fanlari endi laboratoriya xonalarida o‘tkaziladi. Bu ishlarning zamirida faqat yoshlarni bilimli, zukko, dunyoqarashi keng, fidoyi va vatanparvar qilib tarbiyalashdek ezgu maqsad yotganini unutmasligimiz kerak.
Keyingi yigirma ikki yillikda Palandaraliklar uchun ta’lim sohasidagi o‘zgarishlar unutilmas voqeaga aylandi. Kitob tumanining olis hududi – tog‘ yonbag‘ridagi mazkur qishloqdan ikki nafar professor, O‘zbekiston xalq hofizi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi chiqqan. Palandara maktablarida tahsil olganlardan o‘n nafardan ziyodi fan nomzodi bo‘ldi. Vatkana qishlog‘ida tug‘ilgan O‘lmas Sobirov O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilish akademiyasida tahsil olgan. U “Shuhrat” medali bilan ham taqdirlangan. O‘qituvchilar oilasida tug‘ilgan Mashhur Sattorov esa Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bakalavr bosqichida tahsil olib, ayni damda Janubiy Koreya Respublikasida o‘qishini davom ettirmoqda.
Darhaqiqat, odamlar o‘zining qobiliyatiga qarab muayyan yo‘nalishga tushib bormoqda. Eng muhimi, qaysi soha vakili bo‘lishidan qat’iy nazar mehnatiga yarasha rag‘bat olmoqda. Kishilar bir-biridan o‘rganib, bir-biriga intilib, o‘zining hayoti va turmush sharoitini tobora yaxshilashmoqda. Mustaqillik barchaning teng huquqli va keng imkoniyatli inson ekanini ko‘rsatib berdi. Bu o‘z navbatida ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni ham ulkan ishlarga safarbar etmoqda. Ilm olishga, zukko va vatanparvar bo‘lib ulg‘ayishiga zamin hozirlamoqda.
Davlat byudjetidan ajratilgan 616 million so‘mlik mablag‘ evaziga qad rostlagan 61-umumta’lim maktabi binosi o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini yanada oshirdi. Ayni paytda birgina Oftobro‘ya qishlog‘idan 30 nafardan ziyod yoshlar oliy o‘quv yurtida tahsil olayotgani bunga yaqqol misoldir. Qolaversa, bolalarni ma’naviyatli va sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishi uchun muassasada turli to‘garaklar tashkil etilgan. Milliy kurash, karate, “Onajonim she’riyat” hamda fan to‘garaklari shular jumlasidandir. Ha, mustaqil O‘zbekiston yoshlari kelajakka dadil qadamlar bilan borayotganining boisi ham ularga yaratib berilayotgan keng ko‘lamli imkoniyatlardir. Prezidentimizning 2012 yil 10 dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham ta’lim tizimidagi e’tiborga molik voqea bo‘ldi. Mazkur qaror ijrosi yuzasidan maktabda alohida lingofon xonalari tashkil etildi. Birinchi sinf o‘quvchilarining ingliz tilida biyron she’r o‘qishlari, qo‘shiq aytishlarini ko‘rib hayratlanasiz. O‘zbekistonning kelajagi buyuk ekaniga yana bir bor amin bo‘lasiz.
– Xalqimiz azaldan ilm-ma’rifatga intilib yashagan, – deydi muassasa direktori Hamroqul Malikov. – Ulug‘ bobolarimizning tafakkur doirasi kengligi, ular qilgan kashfiyotlar hamon dunyo ahlini lol qoldirib kelayotgani ham shundan. Tarixdan ma’lum: ilk maktablar paydo bo‘lgan davrlarda bolalar sharoiti haminqadar bo‘lgan binolarda tahsil olishgan. Endi bugunning maktablarini ko‘ring. Zamonaviy, shinam va yorug‘ xonalar, eng so‘nggi texnologiyalar bilan jihozlangan sinfxonalar o‘quvchilar ixtiyorida. Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq mamlakatimizda ta’lim-tarbiyaga katta e’tibor qaratildi. Ana shunday islohotlar samarasi o‘laroq yoshlarimiz ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Har tomonlama sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning erkin ijod qilishi, ilm olishi uchun barcha sharoitlar muhayyo. Bizning maktabda ham fanlar uchun maxsus xonalar o‘quvchilar bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar tashkil etilgan.
Eng muhimi, mazkur inshoot qishloqqa zamon ruhini, mustaqil insonga xos bo‘lgan madaniyatni ham olib kirdi. Aholining turmush tarzi yanada yaxshilanishiga turtki bo‘ldi.
Bahodir HALIMOV,
“Sog‘lom avlod” muxbiri