Obod diyorning baxtiyor bolasiman
Bugun yurtimizda yoshlarning ta’lim olishi, o‘z iqtidorini to‘la namoyon etishi yo‘lida yaratilgan cheksiz imkoniyatlar sabab, jahon fan olimpiadalarida, sport sohasi bo‘yicha xalqaro musobaqalarda, musiqa va san’at yo‘nalishidagi xalqaro tanlovlarda ko‘plab tengdoshlarim g‘oliblikni qo‘lga kiritib, jonajon Vatanimiz nufuzini oshirmoqda. Bugun mamlakatimizning eng chekka qishloqlarida istiqomat qilayotgan yigit-qizlarning erishayotgan muvaffaqiyatlarini dunyo jamoatchiligi yuksak e’tirof bilan tilga olmoqda. Zamonaviy ta’lim dargohlari, sport inshootlari, musiqa va san’at maktablarini ko‘rib, ko‘zing quvnaydi.
Prezidentimizning “Bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturi” men qatori ko‘plab san’atsevar yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Jumladan, men tahsil olayotgan Iqtidorli bolalar akademik litseyida ham dastur asosida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Ta’lim dargohidagi ko‘plab tengdoshlarim turli xalqaro tanlovlarda munosib ishtirok etib, yurtimiz dovrug‘ini dunyoga yoymoqda.
Men ham I.Bax, L.Betxoven singari mohir kompozitorlar yaratgan kuylarni mohirona ijro etib, yosh ijrochilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan Italiya, Fransiya, Germaniya kabi davlatlardagi tanlovlarda I, II– o‘rinlarni qo‘lga kiritdim. Bu mamlakatimizda biz yosh avlodning barkamol bo‘lib voyaga yetishimiz yo‘lida amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar samarasidir.
Ayni vaqtda 2014 yili Germaniya va Italiya davlatlarida bo‘lib o‘tadigan fortepiano bo‘yicha yosh ijrochilarning xalqaro tanlovida ishtirok etish uchun tayorgarlik ko‘rayapman.
Bugun biz yoshlar qancha izlansak, intilsak shuncha oz. Zero, bizga cheksiz imkoniyatlar yaratib, yuksak ishonch bildirayotgan Yurtboshimiz, xalqimizning ishonchini oqlash sharafli burchimizdir.
Tohirjon ASQAROV,
O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi huzuridagi Iqtidorli bolalar akademik litseyi o‘quvchisi, “Shuhrat” medali sohibi