YUZ TERISI PARVARISHINING 5 QOIDASI!
Bahor va yoz oylarida yuz terisi uchun niqob Hamda surtmalar tayyorlashga kerak bo‘ladigan masalliqlarni topish muammo emas. Hamma gap hafsala qilishda. Ya’ni, erinmasdan, tashqi ko‘rinishingizga e’tibor qaratsangiz kifoya. Ana shunda yuzingiz tiniq va go‘zal bo‘ladi. Shubhasiz, bundan o‘zingiz ham mamnunlik His etasiz.
Quyoshdan himoyalaning
Yuz terisi bahorda ultrabinafsha nurlariga sezuvchan bo‘ladi. Uzoq muddat ko‘klam quyoshida yursangiz, teri kuyishi, suvsizlanishi, ajin tushishi mumkin. Bunday bo‘lmasligi uchun quyoshdan himoyalovchi kremlardan foydalaning.
Kuniga ikki mahal
Pardoz vositalaridan muntazam foydalanuvchilar kuniga ikki mahal yuz terisini tozalashlari lozim. Oddiy suv o‘rniga, ma’danli yoki dorivor o‘simliklar damlamasini ishlating. Misol uchun, moychechak, marmarak damlamalari terini tinchlantirish xususiyatiga ega. Ertalab muz (dorivor o‘simliklardan tayyorlangan) bo‘laklari yordamida yuzni yengil uqalash teri tonusini oshiradi.
Sepkillar bilan kurashamiz!
Bahor va yoz quyoshi yuzdagi sepkil va dog‘larni obdon «siylaydi». Natijada ular rangi yanayam to‘qlashadi. Ba’zan dog‘ kattalashishi mumkin. Oftob nuri terini kuydirmasidan avval quyidagi usulni sinab ko‘rishingiz mumkin. Niqobni tayyorlashda 100 gramm yerqalampir (xren) ildizini issiq suvda chayib, go‘sht qiymalagichdan o‘tkazing. So‘ng 1 choy qoshiq un qo‘shing. Masalliqlar yaxshilab aralashtirilgach, yuzga yupqa qilib surtiladi. 15-20 daqiqadan so‘ng niqobni iliq suvda chayib oling. Ushbu muolaja haftasiga 2 marta takrorlanadi.
Yuzdagi dog‘ rangini ochartirishda limon suvi, bodring sharbati samarali ta’sirga ega.
Yuz terisi quruq bo‘lsa, undagi pigment dog‘ni oqartirish uchun oddiy qatiqdan foydalanish mumkin. Qatiq dog‘ ustidan surtilib, 10-15 daqiqaga qoldiriladi. So‘ng limon sharbati aralashtirilgan suv bilan chayib olinadi.
Terida chuqur joylashgan pigment dog‘ni ketkazishda, uy sharoitida tayyorlanuvchi piling yordam beradi. Retsept esa quyidagicha: bitta o‘rtacha kattalikdagi bodringni qirg‘ichdan o‘tkazib, 1 osh qoshiq suli yormasi va 1 choy qoshiq dengiz tuzi qo‘shiladi. Aralashma teriga surtilib, 10 daqiqadan so‘ng iliq suvda chayib olinadi.
Yana bir oson usul: bir dona quritilgan tuxum po‘stlog‘ini hovonchada maydalang. Uni bir dona tuxum sarig‘i va 1 choy qoshiq smetana bilan aralashtiring. Niqob yuzdagi dog‘ ustidan surtiladi. Muolaja 15 daqiqaga mo‘ljallangan.
Sog‘lom ko‘rinishga ega bo‘lish usullari
Qish ob-havosi yuz terisini qaritadi. Teri qavat-qavat bo‘lib ko‘cha boshlaydi. Bahorda teri sog‘lom ko‘rinishini tiklashi uchun bir nechta usullar mavjud bo‘lib, quyida ular bilan tanishasiz:
– 1 osh qoshiq to‘g‘ralgan shivitni 1 choy qoshiq zaytun moyi bilan aralashtirib, 1 choy qoshiq suli uni qo‘shiladi. Aralashma yuzga surtilgach, 15 daqiqadan so‘ng iliq suvda chayiladi.
– Yarim bog‘ petrushka ko‘katini mayda to‘g‘rang. Uni 2-3 choy qoshiq smetana va 1 choy qoshiq kartoshka kraxmali bilan aralashtiring. Niqob pardoz vositalaridan tozalangan yuz terisiga yupqa qilib surtiladi. 20 daqiqa o‘tgach, niqobni iliq suvda yuvib olishingiz mumkin. Mazkur retsept yuz terisini juda yaxshi namlantiradi.
– Yuz terisi yog‘langanda, yaltirab qoladi. Yoqimsiz holatni bartaraf etish uchun bitta kichik olmani qirg‘ichdan chiqaring, 1 choy qoshiq kartoshka kraxmali va bir dona ko‘pirtilgan tuxum oqini qo‘shing. Masalliqlar yaxshilab aralashtirilishi kerak. So‘ng niqobni namlangan yuz terisiga surtasiz. Niqob teriga singishi uchun 10 daqiqa kifoya.
– Yarimta bodringni mayda tishli qirg‘ichdan o‘tkazib, 1 osh qoshiq o‘simlik moyi va 1 choy qoshiq qaynatilgan suv bilan aralashtiring. Niqobni 10-12 daqiqaga yuzga surtib qo‘ying. So‘ng iliq suvda chayib olasiz. Muolajadan keyin ajinlarga qarshi krem surtishni unutmang. Mazkur usul yuz terisi elastikligini oshiradi.
Har bir organizm individual tuzilgan. Niqoblardan biri yuzda qizarish, achishish, qichish paydo qilsa, parvarishlash usulini o‘zgartiring.
Vitamin qabul qilish mumkinmi?
Organizm quvvatsizlansa, tabiiyki, bu yuz terisida ham aks etadi. Ammo biror vitamin preparatini qabul qilishdan oldin terapevt va kosmetolog-dermatolog shifokorlar bilan maslahatlashish shart.
Bahorda teri uchun A (terini tinchlantiradi), D (teri rangini tiniqlashtiradi), S, Ye va RR (teri qarishining oldini oluvchi antioksidantlar) vitaminlari kerak. Ammo ularni qabul qilishda, yana takror aytamiz, shifokor ko‘rigi zarur.
Mahfuza QUVONDIQOVA tayyorladi