DOIMO GO‘ZAL BO‘LISHNI XOHLAYSIZMI? Aslida bunga erishish unchalik ham qiyin emas
Inson doimo go‘zallikka intilib yashaydi. Hatto ulg‘ayganda ham yoshlik jozibasi va maftunkorlik sira tark etmasligini istaydi. Aslida bunga erishish mumkin va u qadar qiyin ham emas.
Ko‘pchilik, ayniqsa, ayollar go‘zallik sirini tashqi qiyofaga bo‘lgan e’tiborda, deb biladi. Ammo mutaxassislar bu borada boshqacharoq fikrda. Ya’ni, har tomonlama chiroyli bo‘lish uchun salomatlik ham zarur. Zero, organizmimizdagi har bir a’zo risoladagidek faoliyat yuritmas ekan, buning asoratlari, albatta, tashqi ko‘rinishimizda ham nuqsonlar hosil qiladi. Shu bois, go‘zallikning asosiy omili salomatlikda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Sog‘lom bo‘lish esa jismoniy faollikka bog‘liq.
Ertalabki badantarbiya
Ertalab shirin uyqudan barvaqt uyg‘onish hammaga ham xush yoqavermaydi. Biroq, erta turishning ham sog‘liq uchun foydasi bor. Siz tongdagi badantarbiyani naq yotgan o‘rningizdayoq boshlashingiz mumkin. Buning uchun oddiygina, ko‘p vaqt talab qilmaydigan quyidagi mashqni bajaring: avval o‘ng oyoqni, so‘ng chap oyoq, keyin ikki oyoqni baravar qorin tomonga torting. Shu tariqa tanangizni «uyg‘otasiz». Bu qisqa mashqlar miyaga kislorod oqimi kelishi hisobiga uyg‘onishga yordam berish bilan birga, qomatni raso qiladi.
Ko‘zlar uchun mashq
Agar har kuni ertalab ko‘zlarimizni u yoqdan bu yoqqa 30 soniya davomida harakatlantirsak, xotiramiz 10 foizga yaxshilanadi. Bu usul miyamizning ikkala yarim shari bir-biri bilan uyg‘unlikda ishlashiga imkoniyat yaratadi.
Piyoda yurishga odatlaning
Ertalab ishga borishda yoki ishdan qaytishda, umuman olganda, imkon topilsa, manzilga asta-sekin piyoda yurib borish organizmga o‘zgacha kuch-quvvat baxsh etar ekan, hatto ba’zi kasalliklarga ham davo bo‘larkan. Shoshmasdan, dam olib, dam olib yurish qandli diabet bilan xastalanganlarga qondagi qand miqdorini boshqarish imkonini berishi tadqiqotda isbotlangan. Bu bir maromda, to‘xtamasdan yurishga solishtirganda ancha samarali ekan.
Tanaffus bilan yuguring
So‘nggi paytlarda mutaxassislar badantarbiya mashqlari orasida yugurishning organizmga ko‘proq foyda keltirishi haqida ta’kidlamoqdalar. Ya’ni, 5-10 daqiqa chin ishtiyoq bilan yugurgan odam organizmi shunchaki yugurishga odatlangan 1 soatlab yuguradigan odam organizmidan ko‘proq rohatlanar ekan. Har kuni 10 daqiqa ishtiyoq bilan yugurish bilan haftasiga 9 soat yugurishning foydasi bir xil.
Umurtqangizni asrang
Shamshoddek qaddi-qomat salomatlik va go‘zallikning muhim belgisidir. Keksayganda ham qaddi-qomatimiz raso bo‘lishi umrimizga umr qo‘shadi. Bunga erishish uchun umurtqa pog‘onasi kasalliklari, xususan, osteoxondrozning oldini olish maqsadga muvofiq. Quyidagi tavsiyalar ayni shu maqsadga qaratilgan:
• bir joyda uzoq vaqt muqim o‘tirishdan saqlaning va ish oralig‘ida o‘n-o‘n besh daqiqa dam olib, harakatli yengil mashqlarni bajarib turing;
• agar uzoq yo‘lga ketayotganda transportda tik turishga to‘g‘ri kelsa, qorin mushaklarini taranglashtiring, shunda umurtqa pog‘onasiga og‘irlik tushmaydi;
• dam olayotganingizda ham uzoq vaqt gavdangizni egib o‘tirmang va uni tik tutib o‘tirishga harakat qiling;
• tunda uxlaydigan to‘shagingiz biroz qattiqroq bo‘lgani ma’qul;
• belni yelvizakdan, sovuq va zaxdan asrang.
Ushbu tavsiyalarga amal qilish ko‘p vaqt va ortiqcha xarajatlarni talab qilmaydi. Shunchaki biroz xafsala qilsangiz kifoya: go‘zallik va sog‘lomlik hamrohingiz bo‘ladi.
Zuhra TOSHEVA tayyorladi