MENINGIT NIMA?

Meningit – miya pardalarining o‘tkir yallig‘lanishi bilan kechadigan yuqumli kasallik. Meningitning og‘ir turlari bolalik davrida ko‘p kuzatiladi. Katta yoshdagilarda meningit kam uchraydi va biroz yengil kechadi.

Sabablari. Meningit yuqumli kasallik bo‘lib, u turli viruslar va bakteriyalar sababli rivojlanadi.
Belgilari. Bolaning tana harorati to‘satdan 40 gradusgacha oshadi, boshi og‘riydi, ketma-ket qusadi va boshi orqaga qayrilib yotib qoladi. Bir oz vaqt o‘tmay bola hushini yo‘qota boshlaydi, ba’zida tanaga toshmalar toshadi, tutqanoq xurujlari kuzatiladi.
Yordam qanday ko‘rsatiladi? Zudlik bilan «Tez yordam» chaqiriladi va bola shifoxonaga olib boriladi. Bemorni uyda qoldirish mutlaqo mumkin emas. Bemor yotgan uy dezinfeksiya qilinishi va oila a’zolari vrach nazoratiga olinishi kerak.

Davolash qanday olib boriladi? Meningitni davolash yuqumli kasalliklar shifoxonasida olib boriladi. Agar bemor o‘z vaqtida shifoxonaga olib borilsa, u 10 kun ichida tuzalib ketadi. Bemor komaga tushgan holatlarda davolash muddati cho‘zilib ketishi va asoratlar qolishi mumkin.
Shu yerda bitta muammoni aytib o‘tmoqchi edik. Ba’zi ota-onalar orqa miyani punksiya qilib, miya suyuqligini tekshirishga to‘sqinlik qilishadi. Vrach bu tekshiruvni bolaning ota-onasi ruxsatisiz tibbiy ko‘rsatmalarga binoan bemalol o‘tkazishi lozim. Chunki meningitda miya suyuqligini olib tekshirish miyaning ichki bosimi oshib ketishining oldini oladi va bemor komaga tushmaydi. Hatto komada yotgan bemor hushiga keladi, miya ortiqcha yiringli suyuqlikdan ozod bo‘ladi va uning o‘rniga toza suyuqlik ishlab chiqariladi.

Meningit asorati qanday? Aksariyat hollarda hech qanday asorat qolmaydi. Biroq davolash kech boshlangan holatlar yoki meningitning og‘ir turlarida turli asoratlar qolishi mumkin. Bunday bolalarda surunkali bosh og‘riqlar, o‘ta injiqlik va jizzakilik, miya ichki bosimining surunkali tarzda oshib borishi, xotira buzilishlari, parishonxotirlik kabi asoratlar vujudga kelish xavfi bor. Juda kam holatlarda eshitish pasayishi, tutqanoq xurujlari va aqliy rivojlanishdan orqada qolish rivojlanadi. Bunday bolalar nevropatolog nazoratida bo‘lishlari lozim. Davolash qay tartibda olib borilishini nevropatolog individual tarzda hal qiladi.

Zarifboy IBODULLAYEV,

tibbiyot fanlari doktori, professor

Yana o‘qing:  Kuydirgi xastaligi haqida bilasizmi?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: