Olov – tilsiz yov
Bolalarni e’tiborsiz qoldirish hech qachon yaxshi oqibatlarga olib kelmaydi. Vaholanki, jajji go‘dak esini tanigan sari kattalarga taqlid qilib, favqulodda kutilmagan hodisalarni sodir etadi. Ayniqsa, tamaki chekiladigan oilalarda ulg‘ayayotgan bolalar 3-4 yoshidan birinchi chekish sabog‘ini ola boshlaydi. Tabiiyki, gugurt o‘ynashga ham ehtiyoj va qiziqish paydo bo‘ladi.
Bu ham mayli, o‘smir bolalarda qurib-qaqshab yotgan shox-shabba, quruq o‘t, axlat uyumlarini yoqishga moyillik kuchli bo‘ladi. Bemavrid yoqilgan gulxanlarni nazoratsiz qoldirish ko‘pgina yong‘inlarga, ko‘ngilsiz oqibatlarga sabab bo‘ladi. Sodir bo‘lgan yong‘inlar esa fuqarolarga moddiy va ma’naviy zarar keltiradi. Eng achinarlisi, insonlarning hayoti xavf ostida qoladi.
Xo‘sh, bunga kim aybdor? Albatta, fuqarolarning o‘zi. Chunki, YOXB xodimlari tomonidan olib borilayotgan tushintirish ishlariga qaramay, fuqarolar yong‘in xavfsizligi qoidalariga beparvolik, loqaydlik bilan qarashyapti, begonalar u yoqda tursin, hatto o‘z farzandlarining olov bilan o‘ynashiga ham e’tibor berishmaydi.
Hayotimiz, farzandlarimiz istiqboli, mol-mulkimiz o‘t balosidan xatarsiz bo‘lsin desangiz, yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qiling. Gaz va isitish uskunalaridan to‘g‘ri foydalaning, elektr uskunalarni qarovsiz qoldirmang, gaz plitalari ustida kir quritmang, uyda yosh bolalarni yolg‘iz qoldirmang va ularni gugurt o‘ynashlariga yo‘l qo‘ymang.
Rustam ISHPO‘LATOV,
Shayxontohur tumani IIB YOXB inspektori, serjant