Aqliy va jismoniy rivojlanish

bu uchun eng maqbul taomnoma qanday bo‘ladi?

Sog‘lom farzand oila quvonchi, ota-onaning baxti, hayot davomchisidir. Shu bois har bir oilada bola parvarishiga, uning sog‘lom taomlanishiga alohida e’tibor qaratiladi. ushbu maqolada maktab o‘quvchilari, ular qanday taomlanishi haqida fikr yuritamiz. Axir, ta’lim olish jarayonida ham aqliy, ham jismoniy mehnat talab etiladi. Demak, o‘quvchi taomnomasi ham shunga muvofiq tashkil etilishi lozim.

«Ishtahasi yo‘q, oshqozonidan xavotirdaman!»


Me’da-ichak kasalliklarining yuzaga kelish xavfi bolaning 6-7 yoshida bir muncha yuqori sanaladi. Odatiy kun tartibining o‘zgarishi, aqliy mehnat yuklamasining ortishi, o‘z vaqtida va to‘g‘ri ovqatlanmaslik – oshqozon faoliyati buzilishini keltirib chiqaradi. Har bir maktab o‘quvchisining sog‘ligiga ­e’tibor qaratish lozim. Bolaning umumiy ahvoli qanday: tirnoqlari sinuvchan ko‘rinishda emasmi, terisida rangparlik alomatlari sezilmayaptimi? Ehtimol tishlarida kariyes boshlangandir?. Tashqi belgilar – bola qanday taomlanishidan darak beradi! «Hech ishtahasi yo‘q», deya shikoyat qiluvchi onalardan «Farzandingiz dudlangan, marinadlangan, achchiq, sho‘r, konserva mahsulotlari hamda yarim tayyor yeguliklarni tez-tez iste’mol qiladimi?» deya so‘rash lozim. Ta’m bilish retseptorlarini «shoshirib» qo‘yuvchi ushbu ro‘yxat bolada ishtahasizlikni paydo qiluvchi asosiy omildir. Mahsulotlar tarkibidagi kimyoviy moddalar va ko‘p foizli uglevod vaqtincha to‘qlik hissini yuzaga keltiradi, ammo organizm o‘ziga kerakli ozuqani olmaydi. Uglevodli taom va yeguliklarni muntazam iste’mol qilish esa semirishga moyillikni yuzaga keltiradi.

Nonushta, tushlik, kechki ovqat


Hayotining dastlabki uch yilida bola o‘zining kundalik ovqatini kun davomida teng miqdorda iste’mol qilib boradi. So‘ng asta-sekinlik bilan 6-7 marta ovqatlanishdan 5 martaga, ke­yin esa 4 martalik tartibga o‘tiladi.
Maktab yoshida kundalik taomlanish shunday taqsimlanadiki, bunda tushlik hajmi jihatdan ko‘proq va quvvat qiymati yuqoriroq bo‘ladi. Ammo mazkur tartibga o‘tish sekin-asta bajarilgani ma’qul. Aks holda, bola oshqozoniga og‘irlik tushishi mumkin.
Nonushta: bola organizmi uchun kerak bo‘lgan bir kunlik energetik qiymatning 25 foizini tashkil etadi. Nonushta sabzavotli salatlar va issiq ovqatdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Bunda – bo‘tqa, kartoshka va sabzavotli aralashmalar, qaynatilgan tuxum, tvorog, sut, sutli qahva, sutli kakao bo‘lishi mumkin.
Tushlik: rivojlanayotgan bola organizmi uchun kerakli bo‘lgan bir kunlik energetik qiymatning 30-35 foizini tashkil etadi. Tushlikda sho‘rva, go‘shtli yoki baliqli ovqat (garniri bilan) va biror xil shirinlik (kremli bo‘lmasligi kerak) iste’mol qilgan ma’qul.
Tolmachoy: bu mahal bolaning suyuqlikka bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qondirilishi lozim. Negaki tushlikdan so‘ng bola ko‘proq chanqaydi. Ikkinchi tushlikka bir kunlik energetik qiymatning 15–20 foizi to‘g‘ri keladi. U suyuqliklar, meva, shirinlik yoki pishiriqlar, kulcha kabi yeguliklardan iborat bo‘lmog‘i kerak.
Kechki taomlanish: to‘g‘ri tuzilgan taom­noma asosini tashkil etuvchi qism ham aynan shu. Kechki ovqatlanish bir kunlik energetik qiymatning 20 foizini tashkil qiladi. Bunda taomning yengil hazm bo‘lishiga e’tibor qaratish lozim. Kechki taom uchun tvorogli, sab­zavotli, yormali, bug‘da yoki qaynatib pishirilgan issiq ovqat, sut, kisel, qatiq tavsiya etiladi.
Iste’mol mahsulotlari bolaning yoshidan kelib chiqib taqsimlansa, organizm kerakli ozuqa manbaiga ega bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Me’da yarasi yuqumli

«Qancha ko‘p yesa, shuncha yaxshimi?»


Yo‘q! Oshqozonni qiynab qo‘ymaslik uchun taom va yeguliklar miqdori, albatta, me’yorda bo‘lishi shart. Qolaversa, har bir taomning iste’mol qilinish qoidasi bor. Misol uchun, xamirli taomlarni non bilan birga tanovul qilish tavsiya etilmaydi. Yengil hazm bo‘lishi uchun qatiq yoki yog‘siz smetanadan foydalanilgani ma’qul. Quyuq taomlar sabzavotli va qatiqli salat, ko‘katlar bilan birgalikda yeyiladi. Suyuq ovqatga qo‘shimcha ravishda go‘shtli pirog yoki shu kabi uyda tayyorlangan pishiriqni kiritish mumkin.

Bola taomlanishdan bosh tortayapti? Diqqat qiling:
– taom tortiladigan idishlar yorqin rangda va qiziqarli bezaklardan iborat bo‘lsa, bolada ko‘z orqali axborotni qabul qilish sezgisi faollashadi;
– ovqat ustini bolaning yoshiga moslab bezatishga odatlaning, hatto oddiygina ko‘katlardan foydalansangiz ham har kunlik ko‘rinishidan ajralib tursin;
– ovqatlanish orasidagi kichik tanovullarni kamaytiring. Bola och qolsa, meva yoki shakarsiz pechenye yeyishi mumkin;
– taomlanish istagi yo‘qmi, majburlamang.

Gigiyena ham muhim!


Maktab yoshidagi bola jismonan chiniqqan bo‘lishi uchun to‘g‘ri tuzilgan taomnoma naqadar muhim ekanligini bildingiz. Xo‘sh, gigiyena qoidalari-chi, nimalarni bilish lozim?
– bola ovqatlanishga o‘tirishdan oldin, albatta, qo‘llarini sovunlab yuvishi kerak;
– maktabda yurganida esa antiseptik gel bilan qo‘llarga ishlov berish yoxud nam salfetka bilan artish lozim;
– bola uchun ajratilgan termos idishchasi bo‘lishi kerak. Kun davomida suyuqlik qabul qilish organizmni suvsizlanishdan asraydi.

Miya faoliyatini yaxshilaydigan mahsulotlar


Ko‘kpiyoz – asab tizimiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, aqliy faoliyatdan keyingi zo‘riqishni yengillashtiradi. Qonni suyultirish xususiyati esa bosh miyani kislorod bilan oziqlantirish imkonini beradi. Tushlik yoki kechki ovqatda bir-ikki band ko‘kpiyoz iste’mol qilish kifoya;
Sabzi – bosh miya oziqlanishi uchun muhim bo‘lgan sabzavotlardan biri. Xom sabzini xohlang butunligicha yoki qirg‘ichdan chiqarib bolalar taomnomasiga kiritish mumkin. Agar qirg‘ichdan chiqarilgan sabzi olma bilan aralashtirilsa, foydasi ikki barobar ortadi. Muntazam sabzi iste’mol qilish xotirani yaxshilaydi.
Anjir – san’at turlariga doir to‘garaklarga a’zo bo‘lgan bolalar anjir mevasini tez-tez tanovul qilishlari kerak. Negaki ushbu meva qonni suyultirib, miyaning kislorod bilan oziqlanishini yaxshilaydi.
Limon – S vitaminiga boy bo‘lgan sitrus meva mavsum almashinuvi jarayonida ayni muddaodir. Qolaversa, imtihon oldi kunlari bolalarni limon choy bilan siylash xotira imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Karam, qizil lavlagi, ismaloq – asabiy, injiq va tajang bolalar taom­nomasida bo‘lishi shart! V vitaminiga boyligi sabab karam va lavlagili salat asab tizimini tinchlantiradi.
Do‘lana – ko‘rish qobiliyatini yaxshilaydi, yurak mushaklarini mustahkamlaydi. Mavsumida undan ko‘p va xo‘p iste’mol qilish lozim.
Petrushka – moddalar almashinuvini yaxshilaydi, immunitetni mus­tahkamlab, ko‘zni o‘tkir qiladi. To‘g‘ralgan petrushkani salatga aralashtirib, tuzsiz iste’mol qilgan ma’qul.

Yana o‘qing:  O‘zbek ixtirochilari diabetik non mahsuloti tayyorlash usulini ishlab chiqdi

Guli ShAYXOVA,

tibbiyot fanlari doktori,

professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: