OIV va OITS: sog‘lom hayot uchun ogohlik!
Har bir inson uchun uning va oila a’zolari hamda yaqinlarining sog‘lig‘i ulkan boylikdir. Ana shu boylikni asrab-avaylash uchun odam tibbiy savodxonligini mudom oshirib borishi kerak.
Arzimas loqaydlik va e’tiborsizlik inson umriga zavol yetkazishi mumkin.
Aziz yurtdoshlar! O‘zimizning va atrofimizdagi insonlar salomatligiga beparvo bo‘lmaylik. Chunki, zararli illatlar va turli yuqumli xastaliklarning oldini olish har bir fuqaroning mas’uliyatli va insoniy burchidir. Dunyoda tirikligimizni ta’minlovchi, hayot atalmish aziz ne’matni asrashda muhim omil salomatligimizga zahmat yetkazuvchi turli yuqumli kasalliklar va ularning yuqish yo‘llari haqida ma’lumotga ega bo‘lish shart va zarur. Tibbiy ma’lumotga ega bo‘lish ogohlikka chorlaydi. Ogoh odam esa o‘zi va atrofdagilarni muhofaza etish chora-tadbirlarini qo‘llay oladi.
Unutmang! Barcha illatlar bexabarlik va tibbiy savodxonlikning yetishmasligi sababli avj oladi. Quyida biz OIV va OITS haqida qisqacha ma’lumot bermoqchimiz.
Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) – odamning surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligini qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi.
OIV infeksiyasi – odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan surunkali yuqumli immunitet tanqisligi kasalligi.
OIVni yuqtirib olganlar – odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar.
Orttirrilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) – OIVni odamning immun tizimini shikastlanishi natijasida kelib chiqadigan kasallik, OIV infeksiyasini so‘nggi bosqichi.
OIV infeksiyasi – faqat odamlarda uchraydigan surunkali yuqumli kasallikdir.Kasallikning manbai uni yuqtirib olgan odamdir. Virus odam organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. OIV infeksiyasining kechishi bir necha davrdan iborat. Bu infeksiyaning yashirin davri bir necha oydan 5-10 yil va undan ortiq bo‘lishi mumkin. Bu davrda virusni yuqtirib olgan shaxslar ko‘rinishidan sog‘lom bo‘lib, ularda kasallikning hech qanday belgilari kuzatilmaydi. Aynan shu davr ancha xavfli hisoblanib, OIVni yuqtirib olgan shaxslar o‘zlari bilmagan holda kasallikni boshqalarga yuqtirishi mumkin. OIV infeksiyasida o‘z me’yorida ishlab turgan immun tizimi (kasalliklarga qarshi kurashish xususiyati) yillar davomida virusning tajovuzini bosib turadi. Virus organizmda tinimsiz ko‘payib, asta-sekin immunitet tizimini mutlaqo izdan chiqaradi. Agar tegishli davolash choralari ko‘rilmasa orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS) rivojlanadi. Bu davrda organizm turli xil yuqumli kasalliklarga juda beriluvchan bo‘lib qoladi.
OIV INFEKSIYASI UCH XIL YO’L BILAN YUQADI:
Parenteral – teri va shilliq qavatlar butunligini buzilishi bilan amalga oshiriladigan muolajalar: OIV infeksiyasi bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va qon mahsulotlari bemorlarga quyilganda, a’zo va to‘qimalar ko‘chirib o‘tkazilganda, nosteril tibbiy va notibbiy asboblardan foydalanilganda (qon qoldiqlari mavjud bo‘lgan ustara va tish shyotkalari umumiy ishlatilganda, tatiurovka, kosmetika muolajalarida, bir martalik shpritslar qayta ishlatilganda, stomatologik, xirurgik, ginekologik tibbiy asboblar yetarlicha zararsizlantirilmasa ham kasallikni yuqtirib olish mumkin).
Jinsiy yo‘l – betartib jinsiy hayot kechiruvchi shaxslar orasida ko‘proq uchraydi.
Vertikal – OIVni yuqtirib olgan homiladorlardan homilaga yoki chaqaloqqa: homiladorlik davrida (agar yo‘ldosh jarohatlangan bo‘lsa), tug‘ruq jarayonida va chaqaloq tug‘ilgandan so‘ng ko‘krak suti bilan emizganda.
OIV quyidagi hollarda yuqmaydi:
Jarohatlanmagan teri va shilliq qavatlar orqali kasallik yuqmaydi. Shuning uchun bemor bilan bitta idishdan ovqat yeyish, u bilan gaplashish, qo‘l berib ko‘rishish, quchoqlashish, umumiy cho‘milish havzalari, hojatxonadan foydalanish xavfli emas. Kasallikni qon so‘ruvchi hasharotlar (chivin, bit, kana va boshqa) orqali yuqishi isbotlanmagan.
Kasallikning qanday belgilari mavjud?
Xususan, OIV infeksiyasiga xos belgilar mavjud emas. Ayrim bemorlarda kasallik yuqqanidan keyin 8-10 hafta o‘tgach birlamchi o‘tkir klinik ko‘rinish davri rivojlanishi mumkin. Bu davrda bemorda grippga xos belgilar kuzatiladi. Bunda kamquvvatlik, ishtahaning pasayishi, ko‘p terlash, tana haroratining ko‘tarilishi, limfa bezlari, jigar, taloqning kattalashuvi kuzatiladi. Kasallikning avj olish davrida bemor gepatit, sil, nafas yo‘llari va me’da-ichak tizimini zararlovchi turli kasalliklarga beriluvchan bo‘lib qoladi.
Bu davrda bemorga yuqqan qo‘shimcha kasalliklarning belgilari namoyon bo‘ladi. Bo‘g‘imlardagi og‘riq, bemor terisida har xil toshmalar paydo bo‘lishi, yo‘tal, uzoq muddat davomida ich ketishi kabi belgilar kuzatilishi mumkin. Yuqorida ta’riflangan belgilarning qaysi kasallikka tegishli ekani faqat shifokor tomonidan aniqlanishi mumkin.
Quyidagi omillar ushbu kasallikni dunyo bo‘yicha keng tarqalishini to‘xtatishga imkon bermayapti:
Qonida OIV infeksiyasi mavjud bemor umrining oxirigacha virusni yuqtirish xavfini saqlab qolishi;
Virusni genetik o‘zgaruvchanligi (mutatsiya) dunyo bo‘yicha kasallikni oldini olishga qodir va samarali vaksinani (em dorini) yo‘qligi;
Kasallikni chaqiruvchi virusga samarali ta’sir etuvchi dori vositalarining hozircha topilmaganligi;
Kasallik asosan xulq-atvori buzuq shaxslar orasida tarqalishiga jahonda ehtimol kengroq bo‘lib, ular ko‘proq xastalikni yuqtirishga moyilligi va bu shaxslar bilan samarali ishlash imkoni qiyinligi.
OIV infeksiyasi bo‘yicha hozirgi kunda jahonda epidemiologik vaziyat quyidagicha:
Hozirgi kunga qadar dunyo bo‘yicha 34.2 mln.kishi OIV infeksiyasi yuqqanligi sababli ro‘yxatga olingan. Bu kasallikka har yili 2.5 mln kishi chalinib, 1.7 mln kishi vafot etmoqda. Dunyo bo‘yicha har kuni 7 ming nafar kishi OIV infeksiyasini o‘ziga yuqtirib olyapti.
Oxirgi yillarda OIV infeksiyasining jinsiy aloqa yo‘li bilan yuqish salmog‘i oshib bormoqda. Buning asosiy sabablaridan biri mehnat migrantlari omili hisoblanadi. Keyingi yillarda chet davlatlarda uzoq vaqt bo‘lib, O‘zbekistonga qaytgan viloyatimiz fuqarolari orasida OIV infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ko‘payib bormoqda. Ushbu holat mehnat migrantlarining OIV infeksiyasi profilaktikasi yo‘nalishida xabardorlik darajalari talab darajasida emasligidan dalolat berib turibdi.
Afsuski, ba’zi ota-onalar farzandlarining nikohgacha tibbiy ko‘rikdan o‘tishiga jiddiy e’tibor berishmaydi:
Sog‘lom oila-kelajak poydevori ekanligi sir emas. Shu sababdan nikohlanuvchi shaxslar yashash joyidagi psixiatr, narkolog, teri-tanosil kasalliklari, ftiziatr kabi mutaxassislar tomonidan tibbiy ko‘rikdan o‘tish jarayonida OIV infeksiyasiga ham tekshiriladi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tish har bir yoshning sog‘lom oila qurishiga asos soladi.
Agar Sizda OIV infeksiyasi yuqqan bo‘lishi mumkin degan gumon bo‘lsa, laboratoriya tekshiruvidan o‘ting.
Agar Sizda OIV infeksiyasini yuqtirib olish xavfini tug‘dirgan omillar kuzatilgan bo‘lsa, o‘zingizni ushbu kasallikni yuqtirib olgan yoki olmaganingizni aniqlash hamda yaqinlaringiz, oila a’zolaringizga kasallik yuqishini oldini olish maqsadida viloyat OITSga qarshi kurash markaziga murojaat etishingiz mumkin. Kasallikning yuqqanligini erta aniqlash, o‘z sog‘ligingizni imkon qadar uzoq muddatda yaxshi saqlashga yordam beradi. OITSga qarshi kurash markazida OIV infeksiyasi mavjud yoki yo‘qligini aniqlash maqsadida laboratoriya tekshiruvidan o‘tish, OIV/OITS masalalari bo‘yicha malakali mutaxassislardan tegishli maslahat olish mumkin. OITSga qarshi kurash markazida murojaat etgan shaxslarning ismi-sharifi sir saqlangan holda, ixtiyoriy ravishda, bepul laboratoriya tekshiruvidan o‘tish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Shifokorlar tomonidan OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxslarning ismi-shariflari sir saqlanishi kafolatlanadi.
OIV infeksiyasi yuqishi xavfini qanday kamaytirish mumkin?
Er-xotinlar bir-biriga vafodor bo‘lishlari shart. Faqat shaxsiy ustara, tish shetkalari va boshqa shaxsiy gigiyena vositalaridan foydalanish zarur. Muolajalar olish zaruriyati tug‘ilganda steril, bir marta ishlatiladigan tibbiy shpritslar va asboblardan foydalanish darkor. Nikohlanuvchilarni 100 foiz to‘ydan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va OIV infeksiyasiga tekshirishni tashkil etish shart.
Chet davlatlarga uzoq muddatga ishlagani ketuvchi migrantlarning yaqinlariga ular qaytib kelgandan so‘ng OIV va boshqa kasalliklarni turmush o‘rtog‘iga yuqishini oldini olish tadbirlari bo‘yicha tegishli maslahatlar berish, ularni o‘zini tekshirishga undash, OIVga tekshirish natijalari chiqqunga qadar himoyalangan aloqada bo‘lish kerakligi haqida shifokor – mutaxassislar keng targ‘ibot ishlarini olib borishlari kerak.
Ashur TO‘XTAYEV,
tibbiyot fanlar nomzodi, Buxoro viloyat OITSga qarshi kurash markazi bosh shifokori