Sharafli yo‘l ehtiyoji

…Bolaligimdan uyimizdagi barcha narsalar dadamning irodasiga bog‘liq yoki undan kelib chiqqan holda bo‘lishini ko‘rib o‘sganman. Biz, farzandlar biror ehtiyojimiz bo‘lsa, buni to‘g‘ridan-to‘g‘ri dadamga aytmas, onam orqali bildirar va javobni ham onamdan eshitardik. Tengdoshlarimning ham ko‘pchiligi shunday ulg‘ayishgan. Otalar bizga qo‘l yetmas, sirli va haybatli qo‘rg‘on tuyulardi. Oiladagi masalalar imkon qadar bilvosita hal qilinardi. Otaga yuzma-yuz bo‘lishdan hayiqar, uyalar va bunga yo‘l qo‘ymaslikka urinar edik. Hozir esa…

O‘g‘illarning tap tortmay otaga sapchiyotgani, qizlarning turmush qurish yo shu kabi ichki masalada so‘z ochayotgani, otalardan ruxsat so‘rash shart bo‘lmay borayotganiga guvohmiz. Oilada otaning mavqei shu darajada pasaydiki, unga faqat pul topib kelish, orzu-havas­larni amalga oshirish vositasi, deb qaralmoqda. Otaning oiladagi tarbiyachilik o‘rni deyarli yo‘qolib bo‘ldi. Farzand tarbiyasida ishtirok etmagan odam esa uning hayotida ham ishtirok etmaydi!

Xo‘sh, nima o‘zgardi? Nima otalar va farzandlar, xususan, otalar va qizlar orasidagi pardani ko‘tarib tashladi? Qanday sabab otani qo‘l yetmas taxtdan tushirib, obro‘sizlantiryapti? Hatto bachkanalashtir­yapti? Qanchalar siyqasi chiqqan bo‘lmasin, javob yana o‘sha: ommaviy axborot vositalarining barcha turlari (ular orasida televideniye oliy o‘rinda) shunga olib keldi. Aslida televideniye juda yaxshi va foydali ixtiro. U tufayli inson DUNYo va unga tegishli barcha narsadan boxabar bo‘ladi. Dunyoqarashi kengayadi va o‘zini tashqaridagilar bilan taqqoslab, rivojlanishga urinadi (taraqqiyotning richagi taqqos zotan). Va televideniyening xarob qiluvchi kuchi, tengsiz qudrati ham shu taqqosda hisoblanadi. Bunda tasvirlar, ulardagi manzara, tanlangan ranglar, tasvirlarning muntazam harakatlanishi kabi omillar hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Inson miyasi istalgan turdagi axborotni 8 soniya davomida tahlil qilib, kerak-nokerak, muhim-ahamiyatsizga ajratadi. Tas­virlarning harakatlanib turishi evaziga telenamoyishlar ko‘pincha kerak va muhim axborotlar kategoriyasidan joy oladi. Ya’ni inson miyasi uni qabul qilish (idrok etish emas!) uchun ochiladi. Shu tarzda tahlilga emas, qabulga sozlangan tafakkur namoyishni (hatto yoqmayotgan, tanqid yog‘dirayotgan bo‘lsangiz ham) yaxlit axborot sifatida zaxiraga yozib oladi. Asta-sekin vaziyatga ko‘ra bu axborotdan (qahramonlarning libosi, gap-so‘zi, ovqatlanishi, fikrlash tarzidan) foydalana boshlaydi. Qarabsizki, o‘zimiz yoqtirmagan kinoqahramonning ovqati yoki libosi rangiga mayl bildira boshlaymiz. Ayniqsa, davriylik xususiyatiga ega teleseriallar bu jihatdan soat mexanizmli bombaga o‘xshaydi. Endi o‘zbek filmlarining barchasidagi ayol obrazlarga e’tibor bering – asabiy, birovga gal bermay shang‘illaydigan, erni bir tiyinga olmaydigan, bolalariga bachkana hazil qiladigan, kelin yo qaynonasini tavakkaliga turtkilaydigan va hakozo. Undagi er obrazlari ham mijg‘ov, ayolsiz hech narsani hal qila olmaydigan, qizi bilan (!) sovchilar yo yigit haqida so‘zlashadigan, xullas, o‘zbek bo‘lmagan odamlar. Necha o‘n yillar mobaynida jamiyatga taqdim etib kelingan bunday filmlar mevasini ahli ayoliga tor-tanqis, qomatni bo‘rttiradigan libos olib berayotgan erkaklar, onasini muhokama qilishga yo‘l qo‘yayotgan o‘g‘illar (qizlar hech qachon eriga onasini yomonlatmaydi), ota-ona bilan o‘rnidan turmay gaplashayotgan farzandlar, maydagap bo‘lib borayotgan nozik yigitlaru erkaklashib ketayotgan qo‘pol qizlar shaklida tatiy boshladik.

Albatta, oilada berilgan tarbiya muhim, aslida yo‘q tarbiyani hech narsa buzolmaydi, deyishingiz mumkin. Ammo yuqorida soat mexanizmi haqida bejiz so‘z yuritmadik. Bunday film (serial, ko‘rsatuv)lar markazida inson erki, shaxsiyati birinchi o‘rinda turadi. Axloqiy, diniy, ijtimoiy, milliy mezonlar emas, shaxsiy xohish asosida yashash g‘oyasini ilgari surgani uchun bu tomoshalar yoqimlidir. Ko‘pincha ularning mohiyati «hayot seniki, uni xohlaganingday tasarruf et» shiori tashkil etadi. Bu esa hali shakllanib ulgurmagan, moddiy, ma’naviy, estetik, axloqiy qadriyatlarni egallamagan, yomondan yaxshini, bema’ni, xunuk narsalardan go‘zallikni ajrata bilmaydiganlarga halokatli ta’sir qiladi. Bundaylar inson erki, shaxsiy hududni tom ma’noda tushunib, madaniyatsizlashadi. Deylik, o‘zbek hamisha boshqalarga qulay bo‘lishiga intilib yashagan. Aytayotgan gapi, qilayotgan ishi, kiyadigan libosi atrofdagilarga qanday ta’sir qilishini, ular ko‘nglini og‘ritmasligi, hamiyatiga tegmasligini o‘ylagan. Yoshi ulug‘larning barchasiga salom be­rish, joy bo‘shatish, yukini ko‘tarish, nasihatini eshitib, tanbehini qabul qilish kabi amallar bilan ehtirom ko‘rsatgan. Zamonaviy jamiyat esa bularni tan olmaydi. Dastlab begonalar, keyinchalik o‘z yaqinlari bilan hisoblashmay, demakki, butun jamiyat amal qilib kelayotgan ko‘zga ko‘rinmas ijtimoiy-axloqiy mezonlarga rioya etmay boshlaydi. Transport vositalaridagi o‘rindiqqa yelimlangan yoshlaru jamoat joylaridagi muhabbat shinavandalarining ildizi mana shunda. Huquqiy jihatdan ular haq. Ammo o‘zbekda yozilmagan, yurakka o‘yilgan qonunlar bo‘ladi. Ularning nomi oqibat, ayash, shafqat, insof, rostlik, oriyat… Ularga amal qilingani uchun xalqimiz 1930 yillardagi dahshatli qahatchilikni, 1940 yillardagi umidsizlikni, 1950 yillardagi ilojsizlikni nomus bilan yenga oldi. Biri ikkinchisining qo‘ltig‘iga kirdi, yeb o‘tirgan yarimta nonini beva qo‘shnisi bilan bo‘lishdi, ko‘chada qolgan go‘daklarni o‘zining chalaqursoq bolalariga qo‘shib boqdi. Shunday kunlarda ham ota-onalar qariyalar uyiga tashlab ketilmadi, ayollar tirikchilik dardida uydan ko‘chaga chiqib ketmadi, jigarlar uy talashmadi, oylab pul olib kelmagan oilaboshiga ayol qo‘lini paxsa qilib «erkakmisiz, boqing» demadi. Biz shunday xalq edik. Biz shunday baland edik. Chunki oilaboshilar qo‘l yetmas masofada turardi. Otalar bolalar tarbiyasida «otangga aytib beraman» yoki «otang bilib qolsa…» degan shaklda ishtirok etardi. Shu bois bolalar va ota orasida parda bor edi. Bolalar o‘zlarini otasiga loyiq tutishga intilar, noto‘g‘ri ish qilmaslikka urinardi. Qizlar-ku oila nomusi – otasi sha’ni himoyachisi hisoblanardi. Qizlar bilan otalarning orasidagi parda, sirlilik qizlarga turmushga chiqqanda ham asqotar, alohida pand-nasihatlaru o‘gitlarsiz umr yo‘ldoshi hurmatini onasi kabi joyiga qo‘yardi. Aslida tarbiyada jonli ibratdan samarali vosita yo‘q. Har bir farzand ota-onasi aytganini emas, ularning qilganini qiladi. Muammolar ildizi ham shu jihatda ko‘rinadi. Ya’ni tarbiya bilan ota-­ona shug‘ullanmay qo‘ydi, bu muhim yumush televizorga qolib ketdi. TV tarbiyalagan va tarbiyalashda davom etayotgan butun boshli avlod paydo bo‘ldi. Televideniye jamiyatni qamray boshlagani, ko‘rsatuvlari rang-baranglashgani, telekanallar soni ortgani sari bu tarbiya halokatli tus ola boshladi.

Vaziyatni o‘nglash mumkinmi? Albatta mumkin va shart! Faqat onalar farzandining moddiy ahvoli uchun paxsa qilgan qo‘lini farzand insoniyligi uchun ko‘ksiga qo‘yishi kerak. Ota obro‘sini farzand oldida tushiravermay, «otang bilib qolsa» usulidan foydalanishi, axloq pardasini tiklashi kerak. Otalar ayoli bilan tenglashib, dahanaki jang qilmasdan, oila mas’uliyati faqat pul topishgina emasligini anglashi kerak. Bu qiyin. Baqirishga o‘rgangan ovoz darrov muloyim tortmaydi, farzand muammosini yechib o‘rganmagan odam qochib ketgisi yo pul berib qutulgisi keladi. O‘zlikka qaytish qiyin zotan. Ammo sharafli va to‘g‘ridir.

Muhayyo YO’LDOSH

Yana o‘qing:  Bola tarbiyasini kimga ishonmoq kerak?

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: