Tanganing orqa tomonini ham esdan chiqarmaylik
Inson salomatligiga barcha zamonlarda ham eng muhim vazifa sifatida qaralib kelingan. Chunki odamlar sog‘lom bo‘lsa, jamiyat sog‘lom bo‘ladi. Sog‘lom jamiyatdagina rivojlanish, o‘sish bo‘ladi. Albatta, sog‘lom bo‘lish avvalo insonning o‘ziga bog‘liq.
Mutaxassislarning e’tirof etishlaricha, aholi salomatligining atigi 10 foizi tibbiyot xodimlariga bog‘liq bo‘lsa, qolgan 90 foiziga profilaktika orqali erishilar ekan. Shu ma’noda, inson jismonan sog‘lom, ruhan tetik bo‘lishi uchun eng avvalo qarashlarini o‘zgartirishi shart. Xususan, sog‘ligimiz haqida o‘zimiz qayg‘urishimiz lozim. Ya’ni tibbiy madaniyatimizni oshirmas ekanmiz, davlatning ham, shifokorlarning ham bu boradagi sa’y-harakatlari besamar bo‘laveradi. Hakimlarimiz ta’kidlaganlaridek, bugun sog‘ligimiz haqida qayg‘urmasak, ertaga kasalligimiz haqida qayg‘uramiz.
Mamlakatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 6 noyabr kuni o‘tkazilgan sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi bo‘g‘inini takomillashtirish va aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirishga bag‘ishlangan videoselektorda bugungacha tibbiyot tizimida mavjud bo‘lgan mummolarning kelib chiqishida oilaviy poliklinikalardagi xizmat ko‘rsatishning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani asosiy sabab sifatida ko‘rsatildi. Natijada aholi to‘g‘ridan-to‘g‘ri markaziy poliklinika yoki shifokorlarga murojaat qilmoqda va tor doiradagi tibbiyot xodimlarining asosiy vaqti maslahat berish bilan o‘tmoqda.
Hududlardagi poliklinikalarda mutaxassislar deyarli yetishmaydi. Barcha uchun bir nafar shifokor va hamshira xizmat ko‘rsatadi. Hatto mutaxassisligi to‘g‘ri kelmasa-da, ayollar, erkaklar, eng qizig‘i, bolalar uchun ham bir shifokor maslahat beradi. Albatta, bu aholining noroziligi, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatining pasayishiga olib keladigan jiddiy muammodir. Yana bir jihat, markaziy poliklinikalarda ham haligacha odamlar turnaqator navbatda turadilar. Xususiylardagi kabi elektron navbat joriy qilinmas ekan, navbat kutish bilan bog‘liq muammo muammoligicha qolaveradi.
Bugungi kungacha mavjud muammolarning barchasiga tibbiyot tizimining quyi bo‘g‘inida aniq vakolat va majburiyatlarning belgilanmagani, faoliyati nazoratga olinmagani sabab bo‘lmoqda. Natijada birlamchi bo‘g‘in tomonidan oldini olish mumkin bo‘lgan ayrim kasalliklar tobora xuruj olmoqda.
Statistik ma’lumotlarga nazar tashlaydigan bo‘lsak, respublika bo‘yicha bir yilda 23 ming bemor gipertoniya, 7 ming nafari infarkt, 5 ming kishi qandli diabet va 3,6 ming shaxs insultdan vafot etgan. Bu esa birlamchi tibbiy xizmat, ya’ni kasallikning oldini olish, uni erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash choralari ko‘rilmaganidan dalolat beradi.
Afsuski, aksariyat hududlarda tibbiyotning quyi bo‘g‘ini emlash vaqtida yoki tibbiy ma’lumotnoma kerak bo‘lgandagina borligi bilinyapti, xolos. Biriktirilgan hududdagi aholining umumiy holati, kasalliklar turlari va soni bo‘yicha hech qanday ma’lumot yuritilmaydi. Eng yomoni, davlatga tegishli tibbiyot muassasalarida bepul xizmat ko‘rsatish qat’iy belgilangan bo‘lishiga qaramay, ochiqchasiga pullik xizmat ko‘rsatishga o‘tib olingan. Mana aholining noroziligini keltirib chiqaradigan, muammolar avj olishiga sabab bo‘ladigan, kasalliklar ko‘payishiga imkon beradigan omillar.
Albatta, tanganing faqatgina bir tomoniga ishlov berish bilan uning jilosini uzoq vaqt saqlab bo‘lmaydi. Shu jihatdan qaraganda, aholining tibbiy madaniyati haqida gapirishdan oldin tibbiy xizmat ko‘rsatish madaniyatini ham oshirish lozim bo‘ladi.
Nazir SOBIROV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati