Nafas yo‘llari kasalliklari va koronavirus

Alomatlar qanday farqlanadi?

Kuz-qish fasli tomoq, burun va quloqda shikoyatlar ko‘payadigan mavsum hisoblanadi. Koronavirus xavfi bois ko‘pchilik tomoq og‘rig‘ini ham koronavirus alomati, deb shubha qilishmoqda. Odatdagi tomoq og‘rig‘i bilan koronavirus o‘rtasida qanday farqli belgilar bor? Quyida shu va shunga o‘xshash bir qator savollarga javob izlaymiz.

Ta’kidlash joizki, kuz va qish fasllari LOR xastaliklarining o‘tkir rivojlanishi yoki surunkali shakllarining xuruj qilish davri hisoblanadi. Ma’lumki, koronavirus infeksiyasining asosiy kirish darvozasi sifatida yuqori nafas yo‘llari qaralmoqda. Shu bois burunning achishishi, tomoqdagi noxushlik hissi, hid bilishning pasayishi kuzatilganda odamlar koronavirusga shubha qilishmoqda. Ma’lum bir jihatdan bunda asos bor. Chunki epidemiologik vaziyat shuni taqozo qilmoqda.


Bemorlarda uchraydigan o‘tkir respirator shamollash, faringit, angina va rinitlar ham shunga o‘xshash namoyon bo‘ladi. Biroq qiyosiy ajratuvchi belgilarni sinchiklab farqlash mumkin. O‘tkir virusli infeksiyalar, anginalar va faringitlar, odatda, yuqori tana harorati bilan boshlanadi. Angina va faringitlarda tomoqda og‘riq, ko‘rilganda esa kuchli qizarish alomatlari bo‘ladi, koronavirusda esa biroz noxushlik va yengil qirilish bo‘ladi, yallig‘lanishning alomatlari kam namoyon bo‘ladi.

Virusli o‘tkir tumovlarda burundan nafas olish qiyinlashadi, ajralma keladi va biroz hid bilish pasayadi (giposmiya), koronovirusda esa burun yo‘llarida ajralma bo‘lmasdan turib hid bilish yo‘qoladi (anosmiya). Biroq, hurmatli shifokorlarimiz LOR a’zolari kasalliklari bilan koronavirusning birgalikda kelish ehtimoli mavjudligini unutmasliklari kerak bo‘ladi.

Gaymoritga kelsak, avvalo, uning qanday sabablar oqibatida yuzaga kelishi, dastlabki belgilari, davolash usullari va oldini olishga to‘xtalsak…
Gaymorit – burun yondosh bo‘shliqlari kasalliklari orasida eng ko‘p uchraydi. Gaymoritning rivojlanishiga bir nech­ta omillar sabab bo‘ladi. Insonning mahalliy yoki umumiy sovqotishi, immunitetning pasayishi, burunning ichki o‘zgarishlari, gaymor bo‘shlig‘ining tish­lar bilan bog‘liqligi va uning tabiiy teshigining yaxshi faoliyat ko‘rsatmasligi kabi holatlar shular jumlasidan. Gaymorit o‘tkir yoki surunkali, bir yoki ikki tomonlama bo‘lishi mumkin. Gaymoritning o‘tkir va surunkali turlarini, ayniqsa, bolalarda farqlash qiyin hisoblanadi. Chunki bola, ko‘pincha, o‘z xastaligini yashiradi va shikoyat qilmaydi. Nurli tekshirishlarda gaymor bo‘shlig‘ida kista, polip yoki odontogen hosilalar ko‘rinsa, bu holat surunkali hisoblanadi.

Odatda, yallig‘langan bo‘shliq sohasida mahalliy og‘riq, burundan nafas olish qiyinligi, bosh og‘rishi, harorat ko‘tarilishi kuzatiladi. Asoratlanmagan o‘tkir va surunkali gaymoritlar dori vositalari va muolajalar (antibiotiklar, yallig‘lanishga karshi dorilar, burunni yuvish, bo‘shliqni punksiya qilish, fizioterapevtik muolajalar) bilan davolanadi.
Gaymoritlarning profilaktikasi immun holatni ko‘tarish, organizmni chiniqtirish, tishlar kariyesini o‘z vaqtida davolash, burun ichi patologiyasini o‘z vaqtida bartaraf etishni o‘z ichiga oladi.
Gaymoritlarning asoratlangan, polipli, kistali, xolesteatomali, odontogen turlarida jarrohlik amaliyoti o‘tkaziladi.
Jarrohlik amaliyoti gaymor yoki yuqori jag‘ bo‘shlig‘ini tozalash va uning tabiiy teshigi faoliyatini yaxshilashga qaratiladi. Operatsiyadan keyingi davr­da bemor o‘zini ehtiyot qilmasa, shifokorning tavsiyalarini to‘liq bajarmasa, mazkur kasallik qayta rivojlanishi mumkin.

Yana o‘qing:  Bolalarda o‘tkir appenditsit kasalligi

Shu o‘rinda quloqdagi shovqin, yallig‘lanish, eshitish sifati pasayishining sabablari nimada, quloqni uy sharoitida tozalasa bo‘ladimi, umuman, quloqdagi shovqin qanday kasallikdan darak beradi, shamollash oqibatida ham bu holat yuzaga kelishi mumkinmi, degan savollar tug‘iladi.
Quloqdagi shovqin quloq kasalliklari oqibatida, quloqdan tashqi a’zolar xastaliklari sababli bo‘ladi. Agarda tashqi, o‘rta va ichki quloqning xastalik­lari mavjud bo‘lsa, ular shovqinning sababi deb qaraladi. Biroq bu holatda shovqin bilan bir qatorda, insonda eshitishning turlicha pasayishi kuzatiladi.
Quloqdan tashqarida – bu miyadagi patologik jarayonlar (yallig‘lanish, xatarsiz va xatarli o‘smalar), bo‘yin tomirlaridagi va umurtqa pog‘onasida o‘zgarishlar, qonning tarkibiy o‘zgarishlari (qandli diabet va boshqalar), ichki ­a’zolar xastaliklari ham shovqinlarning sababi hisoblanadi. Ayrim bemorlarda quloq kasalliklari va undan tashqari omillar birgalikda shovqinni keltirib chiqaradi. Quloqda shovqin paydo bo‘lsa, bemorlar mukammal tekshiruvlardan o‘tishlari lozim bo‘ladi.

Bolalarda otit – quloq yallig‘lanishi ko‘p kuzatilishi, ota-onalar farzand tarbiyasida quloq kasalliklariga duch kelmaslik uchun nimalarga ahamiyat qaratishini aytib o‘tsak.
Otit – bu quloqning yallig‘lanishi hisoblanadi va ayniqsa, erta yoshdagi bolalarda o‘rta quloqning yallig‘lanishi ko‘p uchraydi. O‘tkir otitlarda quloqda kuchli og‘riq bo‘ladi. Mazkur holatda nog‘ora pardaning tagida suyuqlik yig‘iladi va kuchli bosim oqibatida og‘riq bo‘ladi. Quloq majmuasi miyaga taalluqli hisoblangan chakka suyagi ichida joylashgan bo‘lib, og‘riq nafaqat quloqda, balki bosh sohasida ham bo‘ladi. Shu bois quloq kasalliklarining miyaga asorat berish ehtimoli xavfli hisoblanadi.

Quloq kasalliklarining oldini olishga, birinchi navbatda, burun va uning yondosh bo‘shliqlari, dimog‘ va tomoq xastaliklarini davolash kiradi. Shu bilan birga, ota-ona farzandining immunitetini ko‘tarishi, qulog‘iga suv kirishining oldini olish va jarohatlardan asrashi lozim bo‘ladi.
Eshitish sifati pasayishi, ertalab burun bitishi va quloqdagi kuchli og‘riqqa asosan, nimalar sabab bo‘ladi, uy sha­roitida quloqni tozalash salomatlikka putur yetkazmaydimi, degan savollarga javob bersak.
Eshitishning turlicha pasayishi dunyo aholisining 6 foizida uchraydi. Eshitish pasayishlari nasliy, tug‘ma va orttirilgan hamda o‘tkir va surunkali turlarga ajratiladi. Eshitishning zaifligi sabablari turlicha: tug‘ma nuqsonlar, o‘rta quloqning o‘tkir va surunkali yallig‘lanishlari, sek­retor otit, virusli kasalliklar, otoskleroz, Menyer xastaligi, sensonevral eshitish xastaligi, boshqa a’zolardagi o‘zgarishlar, toksik dorilarni qabul qilish (gentamitsin, kanamitsin, neomitsin, monomitsin va boshqalar), shovqin va vibratsiyalarning uzoq muddatli ta’siri, qon tarkibidagi o‘zgarishlar kabi holatlarni qamrab oladi.
Inson ertalab turganida burun bitishining asosiy sababi burun bushlig‘idagi vena va limfa tomirlarining uyqu mobaynida dimlanishi va qisman ajralma yig‘ilishi hisoblanadi. Quloqdagi kuchli og‘riq esa yallig‘lanish va jarohatlarning belgisi hisoblanadi.

Qulog‘i quruq (simpatotonik) va nam (vagotonik) insonlar bo‘ladi. Tashqi eshituv yulidagi maxsus bezlar kuloq chirkini ajratadi va bu chirk himoya vazifasini bajaradi. Tashqi eshituv yo‘lida chirk yig‘ilsa, uni kunora uy sharoitida biroz tozalash mumkin. Biroq chirk tiqin (probka) shaklida bo‘lsa, uni LOR shifokori yuvishi lozim bo‘ladi. Kun davomida quloqni tez-tez tozalash oqibatida tashqi eshituv yo‘lini jarohatlash mumkin.

Shavkat OMONOV,

Yana o‘qing:  Ochlik foydalimi?

tibbiyot fanlari doktori, professor

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: