Terapevtik kasalliklarning dolzarb muammolari
Poytaxtimizda 26-27 noyabr kunlari O‘zbekiston terapevtlarining VI s’yezdi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reablitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi OAJ va “O‘zbekiston terapevtalar assotsiatsiyasi” hamkorligida o‘tkazilgan ushbu s’yezd “Terapevtik kasalliklarning dolzarb muammolari”ga bag‘ishlanadi.
Ikki kun davom etgan bu anjuman Toshkent Vrachlar malakasini oshirish instituti va Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reablitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining majlislar zalida o‘tkazildi.
Nufuzli tadbirda MDH davlatlari hamda O‘zbekistonning barcha hududlaridan taniqli olimlar, mutaxassis-shifokorlar ishtirok etishdi. S’yezdda quyidagi masalalar ko‘rib chiqildi: ya’ni, terapevtik kasalliklarda fundamental izlanishlar, ichki a’zolar kasalliklari diagnostikasi va yangi texnologiyalar, terapiyada shoshilinch holatlarni oldini olish va davolashda yangi texnologiyalarning qo‘llanishi, umumiy amaliyot shifokori faoliyatida terapevtik kasalliklar, ushbu sohada zamonaviy diagnostik va davolash standartlarini amaliyotga tatbiq etish. Kelajakda terapiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va nufuzli anjumanlarda yosh mutaxassislar ishtirokini ko‘paytirish, bu yo‘nalishda tashxis qo‘yish va davolashni jahon andozalari darajasida yuksaltirishga katta e’tibor qaratish ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, s’yezd yakunida ichki a’zolar kasaliklariga tashxis qo‘yish va davolash dasturlari bo‘yicha xalqaro tavsiyalarni ishlab chiqish va jahon tibbiyotida tatbiq etish rejalashtirilgan.
Gulchehra ShIRINOVA