Yaxshi loyihalar hayotga
Poytaxtimizda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Tadbirkor ayollar” uyushmasi, Savdo-sanoat palatasi va “Mikrokreditbank” hamkorligida ayollarni tadbirkorlikka jalb qilish, hamda hayotiy va xalqchil loyihalarini keng tatbiq etish maqsadida “Tadbirkor ayolning eng yaxshi loyihasi” tanlovining respublika bosqichi g‘oliblarini mukofotlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.
Tadbirda so‘z olganlar “Obod turmush yili” davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib, mamlakatimizda o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan tajribali ayollarning loyihalarini hayotga keng tatbiq etish borasida joylarda olib borilayotgan ishlar haqida o‘z mulohazalarini bildirdilar.
Xususiy tadbirkorlik hamda kichik biznesga ixtisoslashgan korxonalarda rahbarlik qilayotgan xotin-qizlar faoliyatini rivojlantirish orqali ayollar uchun ish o‘rinlari yaratish, qishloq xotin-qizlari o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirishda to‘sqinlik qiluvchi ijtimoiy muammolarni aniqlash va bartaraf etish yo‘lidagi izlanishlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Ushbu tanlovga Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar bosqichlarida o‘z loyihalari bilan ishtirok etgan 1000 nafardan ziyod tadbirkor ayol orasidan 43 nafarining “Ishlab chiqarish sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Servis sohasidagi eng yaxshi loyiha”, “Qishloq joylarga mo‘ljallangan eng yaxshi loyiha” yo‘nalishlarini qamrab olgan loyihasi tavsiya etildi va g‘oliblar diplom va sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar xotin-qizlar qo‘mitalari raislari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faollari, diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchilar, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Muhabbat XO‘JAMURODOVA