BAYROQ

18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i qabul qilingan kun

Yurtim bayrog‘ini vasf etar chog‘i,
Ko‘ngillar suv ichar, so‘zlarim — qayroq.
Tog‘laru bog‘larning dingdir qulog‘i,
Qo‘l silkir quyosh ham — eng ko‘hna bayroq…

Ko‘pirib-toshadi tomirlarda qon,
Uyg‘onib Alpomish otiga minar.
Nafasim bo‘g‘zimga tiqilar shu on,
Eng qattol dushmanim — mudroqlik sinar…

Bayroq bo‘lgim kelar bayroqqa boqib,
Bayroq bo‘lishgan-ku To‘maris, Shiroq.
Ozodlik darsiga qo‘ng‘iroq qoqib,
Jaloliddin kelar qo‘lida chiroq…

Qancha-qancha yurt bor bu olam aro,
Bayrog‘i bo‘lmasa barchasi bekor.
G‘aflatda yotmagay ozod fuqaro,
Chin bayroq uxlamas — hilpirar bedor…

Yurtim bayrog‘ini vasf etar chog‘i,
So‘nggi so‘zim budir: bayroq — muallim.
Paxta chanog‘iyu bug‘doy boshog‘i,
Shunday bo‘lsin deya boqib turar jim…

… Birdan potrab ketar tegramda qushlar,
Xonishlari tutar moviy osmonni.
Dunyo qo‘llarimdan mahkamroq ushlar,
Unga bayroq qilgum O‘zbekistonni!

Muhammad VALI

Vam mojet takje ponravitsya...

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: