Jamg‘arma faoliyatidan (2013-47)
Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamg‘armaning mintaqaviy filiali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi va Xalq ta’limi vazirliklari hamkorligida Nukus shahridagi 1-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida umumta’lim maktabi o‘quvchilari o‘rtasida “Orasta qizlar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlariga jamg‘armaning esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Endokrinologiya dispanseridagi bemor bolalarga dori-darmonlar va sanitariya-gigiyena vositalari topshirildi.
Buxoro viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali viloyat Adliya va Xalq ta’limi boshqarmalari, “Kamolot” YOIH va “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi bo‘limlari bilan hamkorlikda uch yo‘nalishda “Konstitutsiya – baxtimiz poydevori” ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi o‘tkazildi. Ko‘rik-tanlov g‘olib va sovrindorlariga jamg‘armaning esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, viloyat Endokrinologiya dispanserida ro‘yxatda turuvchi jami 101 nafar bemor bolaga dori-darmonlar va sanitariya-gigiyena vositalari tarqatildi.
Navoiy viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali Navoiy davlat pedagogika instituti bilan hamkorlikda kasb-hunar kollejlari nopedagog kadrlarini qayta tayyorlash fakultetining 62 nafar 3-bosqich talabalari o‘rtasida “Giyohvandlikning oldini olish” va “Reproduktiv salomatlik” mavzularida davra suhbati tashkil etildi.
Jizzax viloyati jamg‘armaning mintaqaviy filiali tomonidan viloyat Endokrinologiya dispanserida ro‘yxatda turuvchi 85 nafar bemor bolaga sovg‘alar topshirildi. Shuningdek, jamg‘armaning tibbiy-ijtimoiy patronaj brigadasi tomonidan G‘allaorol tumani Guliston qishloq fuqarolar yig‘inidagi Selqand qishloq vrachlik punktida jami 181 nafar aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
Toshkent shahar Olmazor tumani jamg‘armaning tayanch maskani tomonidan tuman Xotin-qizlar qo‘mitasi va Reproduktiv salomatlik markazi hamkorligida 106-sonli maktab-internatida o‘smir qizlar o‘rtasida “Sog‘lom turmush tarzini shakllantirish”, “O‘smir qizlar gigiyenasi” va “Balog‘at davrida o‘smir qizlar reproduktiv salomatligi”mavzularida seminar-trening o‘tkazildi.
Abbosjon ERGASHEV,
“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya jamg‘armasi bosh mutaxassisi