Kimlar grippga qarshi bepul emlanadi?

Emlanganlar pnevmoniyadan ham himoyalanadimi?

Hozirda aksariyat insonlar butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasini yengil o‘tkazish uchun ham o‘zlarini mavsumiy grippga qarshi emlatishga harakat qilishmoqda. Xo‘sh, grippga qarshi emlash haqida nimalarni bilishimiz zarur? Bu haqda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bosh mutaxassisi Dilorom TURSUNOVA bilan suhbatlashdik.

– Aytingchi, grippga qarshi vaksinaning ahamiyati nimada va emlash jarayoni qachondan bosh­lanadi?

– Kuz-qish faslida respirator infeksiyali kasalliklar ko‘p uchraydi. Ulardan butun dunyoda keng tarqalgani esa mavsumiy gripp hisoblanadi. Gripp – yuqumli kasalliklar sirasiga kirgani uchun bu mavsumda xavflilik darajasi ortadi. Statistik tadqiqotlarga ko‘ra, emlashdan so‘ng kasallikka chalinish xavfi 70-90 foizga kamayadi.
Vaksina markazlarida allaqachon grippga qarshi emlash ishlari boshlab yuborilgan. Aksariyat insonlar butun dunyoga xavf solib turgan koronavirus infeksiyasini yengil o‘tkazish uchun ham mavsumiy gripp uchun emlatishni ixtiyor etishgan. Yurtimizda ham gripp­ga qarshi emlatayotganlar yildan yilga ko‘payib bormoqda.


– Grippga qarshi emlash necha yoshdan va kimlarga belgilanadi? Homilador ayollar, chaqaloq va keksa yoshli insonlar ham bu tibbiy xizmatdan foydalanishi mumkinmi?


– Vazirlar Mahkamasining «Gripp yuqtirish va uning og‘ir asoratlarini boshidan o‘tkazish xavfi yuqori bo‘lgan aholi o‘rtasida grippning oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami grippga qarshi vaksinalar bilan bepul, davlat budjeti tomonidan emlanadi. Jumladan, «Muruvvat» va «Saxovat» uylarida yashovchilar, mehribonlik va go‘­daklar uylarining tarbiya­lanuvchilari bepul emlanadi. Aholining boshqa vakillari esa o‘z hisobidan, tashkilot xodimlari esa o‘sha idora mab­lag‘laridan xususiy emlash markazlari orqali vaksina olishlari mumkin.


Homilador ayollar, nafas olish organlari va yurak-qon tomir tizimlarining ma’lum surunkali kasalliklariga chalingan katta yoshlilar, 60 yoshdan oshgan shaxs­lar va 6 oylikdan 59 oylikkacha bo‘lgan bolalar ham bemalol mavsumiy grippga qarshi emlanishi mumkin.

Umuman olganda, grippga qarshi vaksinasiya qilishga qarshi ko‘rsatmalar yo‘q, ya’ni­­­ bu emlash turi hammaga qilinishi mumkin. Ammo shunga qaramay, albatta, shifokor bilan maslahatlashib, organizmning o‘ziga xos xususiyatlarini o‘rgangan holda vaksina olish lozim.

– Aytishlaricha, grippga qarshi vaksina pnevmoniyadan ham himoya qilarkan…

– Gripp o‘z vaqtida samarali davolanmasa, organizmda asoratlar qoldirishi mumkin. Pnevmoniya – grippning eng kuchli salbiy ta’sirlaridan biri hisoblanadi. Grippga qarshi emlanganlar bevosita pnevmoniyadan ham himoya­langan bo‘ladi.
Vaksina olganlar grippga 100 foiz chalinmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi. Ammo grippga qarshi vaksina yo‘riqnomasida 98 foiz himoya qilishi ko‘rsatilgan.

– Grippga qarshi vaksinani qayerdan olish mumkin va qayerda ishlab chiqarilgan vaksinalarni tanlagan ma’qul?

– Vaksina dorixonada sotilmaydi. Maxsus tashkil qilingan emlash markazlariga borgan holatda emlashni amalga oshirish mumkin. Yurtimizga turli davlatlarda ishlab chiqilgan vaksinalar olib kelinadi. Samaradorligi eng yuqori bo‘lgan vaksinalar Niderlandiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqariladi. Vaksina qabul qilayotganda har bir fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra turli davlatda ishlab chiqilgan vaksinadan birini tanlaydi.

– Vaksinadan keyin qancha vaqtda organizmda grippga qarshi immunitet paydo bo‘ladi?


– Hamma vaksinalarniki kabi mavsumiy grippga qarshi vaksina ham organizmda 15 kun ichida mikroblarga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Ta’sir kuchi 1 yilga yetadi. Emlashdan oldin shifokor tomonidan albatta emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko‘ra vaksinasiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Ya’ni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog‘lom bo‘lishi kerak. Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta’sirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

Yana o‘qing:  Xavfsiz o‘smalar

Dilrabo MURATALIYEVA

suhbatlashdi.

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: