Yuz bilan yuzlashishni xohlaysizmi?

Unda sport bilan shug‘ullaning

UZOQ UMR KO‘RISHNING ASOSIY SIRI

“Sport – sog‘liq garovi”, degan ibora qulog‘imizga tez-tez chalinadi. Ammo doim ham uning asl mohiyatini tushunib yetavermaymiz. Agarda insonning uzoq umr ko‘rishida sportning nechog‘li muhim ahamiyat kasb etishini bilganimizda edi…

Olimlar insonning qancha umr ko‘rishiga turli omillarni sabab qilib ko‘rsatadilar. Ya’ni, 50 foiz turmush tarziga, 20 foiz irsiyatga, 20-22 foiz atrof-muhit (ekologiya)ga, 8-10 foizigina tibbiyotga bog‘liq ekan.

Anglaganingizdek, uzoq umr ko‘rishning asosiy siri to‘g‘ri, sog‘lom hayot tarzini yarata olishdadir. Jahon Sog‘liqni Saqlash Tashkilotining tasniflashicha, odamlarning yoshlik davri 44 yoshgacha, o‘rtacha yosh 45-59, keksalik davri 60-74, qarilik davri 75-89, 90 yosh va undan ko‘pi uzoq umr ko‘ruvchilar hisoblanadi.

Uyingiz to‘rida, dasturxon boshida xonadoningizni nurga to‘ldirib o‘tirgan bobo va buvilarning borligi qanday baxt. Ularning duosini olishni, ko‘nglini ko‘tarishni xohlaymiz, albatta. Ich-ichimizdan shu yoshga kirib yurish bizga ham nasib etsin, deya niyat qilamiz. Xo‘sh, uzoq umr ko‘rishning siri nimada? Gerontologlar – odam umri davomiyligini o‘rganuvchi olimlarning aytishicha, inson 150, hatto 200 yil umr ko‘rish ham mumkin ekan. Mashhur alloma Abu Ali ibn Sinoning tibbiyotga oid asarlarida ham shunga o‘xshash fikrlar bor.

RUHIYATINGIZ BALAND BO‘LSA…

Mutaxassislar sportning inson sog‘lig‘iga ijobiy ta’siri haqida inkor etib bo‘lmaydigan dalillarni keltirishadi. Yoshligidan mehnatda chiniqqan, davralarni to‘ldirib kurash tushadigan, chaqqon, serharakat kishilar qarilik chog‘ida ham boshqalardan ajralib turadi. Bu ularning tetik, teran fikrida ham aks etadi. Shuningdek, sport bilan muntazam shug‘ullanuvchilarning ruhiyati baland bo‘lishi fanda isbotlangan.

Hayotda tushkunlikka tushsa aksariyat insonlar yoki oilasidagi turli xil dilxiraliklardan xafa bo‘lsa, farzandlari, yaqinlarini o‘ylab xavotirlansa, darrov xastalanib qoladi.

Ruhshunoslar bunday paytda inson o‘ziga yoqadigan mashg‘ulotlardan musiqa tinglash, rasm chizish bilan shug‘ullanishni maslahat beradi. Zamonaviy psixologiyada inson kayfiyatini ko‘taruvchi, irodasini mustahkamlovchi vosita sifatida sport mashg‘ulotlariga alohida urg‘u beriladi.

– Sport bilan doimiy shug‘ullanuvchilarning sog‘lom bo‘lishi barchaga ma’lum, – deydi shifokor Bolta Erkayev. – Eng asosiysi, ularning ruhiyati sog‘lom, organizmi chiniqqan bo‘ladi. Ertalab yugurish, yengil mashqlarni bajarish organizmda qon aylanishini yaxshilaydi. Bu esa sizga kun bo‘yi tetiklik baxsh etadi, natijada kayfiyatingiz ham ko‘tarinki bo‘ladi.

Yana o‘qing:  Mas’uliyat, sinchkovlik va bilim

JISM FUBORINI TOZALOVCHI VOSITA

Sport – sog‘lom millat tarbiyachisidir. Mamlakatimizda sog‘lom avlodni tarbiyalashga qaratilayotgan e’tibor zamirida butun bir millat, yurt taqdiri yotadi. Ayniqsa, xotin-qizlarning ham jismonan, ham manan yetuk bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

– Qizlarni yoshligidan sport mashg‘ulotlariga jalb qilish muhim ahamiyatga ega, – deydi Bolta Erkayev. – Ayniqsa, o‘smir qizlar sportning badiiy gimnastika, tennis, voleybol, basketbol kabi turlari bilan muntazam shug‘ullanishi sog‘lig‘i uchun foydalidir. Qiz bola – bo‘lajak ona. U jismonan baquvvat, sog‘lom bo‘lsagina, sog‘lom avlodni dunyoga keltira oladi.

Sport nafaqat sog‘liq uchun foydali, balki u insonga estetik zavq ulashishi bilan ham ahamiyatlidir. Gippokrat “yomg‘ir daraxt barglaridagi changu g‘uborni yuvgani singari gimnastika jism g‘uborini tozalaydi”, deydi. Darhaqiqat, badiiy gimnastikachi qizlarning nafis harakatlari tomoshabinlarga zavq ulashadi.

TaraQQiyot kushandasiga aylanmay desangiz…

Texnika taraqqiy etgan sari inson hayotida qulayliklar ortib boraveradi. Xonadoningizda kir yuvish mashinasi, changyutgich singari qator maishiy-texnika asboblarining borligi bir tomondan vaqtingizni tejasa, ikkinchi jihati, siz ortiqcha energiya sarf qilishdan qutulasiz. Televizorni yoqish, kanalini o‘zgartirish uchun o‘rningizdan turib, murvatini burashga hojat yo‘q. O‘tirgan joyingizda bemalol uni boshqaraverasiz. Internet orqali istagan narsangizni xarid qilishingiz, do‘stlaringiz bilan ko‘rishib, suhbatlashishingiz mumkin. Hatto yaqin yillarda inson ertalab uyqudan turib ob-havoning qandayligini bilish uchun deraza tomon emas, internet stoliga qarab yurishi ehtimoli kuchli ekan. Olimlar tomonidan aytilgan mazkur fikr va yuqoridagi holatlardan kelib chiqib deyish mumkinki, vaqt o‘tgan sari insonning sport mashg‘ulotlariga ehtiyoji tobora ortib boraveradi.

Shunday ekan, sport bilan shug‘ullanish imkoniyatidan foydalaning, yuguring, sayr qiling. Toki jismingiz sog‘, ruhiyatingiz tetik bo‘lsin!

Mohigul QOSIMOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: