Ruhiyat tarozisining ikki pallasi

Keyingi yillarda turli falajliklar, qo‘l-oyoqlarning ixtiyorsiz harakatlanishi va shunga o‘xshash kasalliklar jahonda tobora ko‘p uchramoqda. Xususan, nevroz dunyo xalqlari o‘rtasida ko‘payganining guvohi bo‘lib turibmiz.

Ma’lumki, bosh miya faoliyati ichki a’zolarga ta’sir etib turadi. Ayniqsa, iztirob chekkan, g‘am-qayg‘uga moyil kishilar doimo yurak bezovtalanishi va uning atrofida og‘riq paydo bo‘lishidan shikoyat qilishadi.

Asab tolalari yurak, jigar, o‘pka, me’da kabi bir qancha a’zolarning asab tolalari bilan o‘zaro aloqada bo‘lib ularning ish faoliyatini me’yorda ishlab turishini ta’minlaydi. Bundan tashqari bosh miya ichki a’zolar ishini tashqi muhitga ham moslashtirib boradi. Insonning turmushi yaxshi bo‘lsa, ya’ni u tinchlik-osoyishtalikda yashasa, asab markazi bo‘lmish bosh miya o‘z ishini yaxshi bajaradi va insonning ruhiy muvozanati buzilmaydi.

Odatda bosh miya o‘z faoliyatini qo‘zg‘alish va tormozlanish holatlari orqali bajaradi. Bu ikki holat doimo bir-biri bilan o‘rtacha muvozanatda bo‘ladi. Bordi-yu, odam ishda yoki uyda notinch bo‘lsa, kutilmaganda boshiga kulfat tushsa, bunday vaqtlarda bosh miyada muvozanat buziladi. Natijada inson organizmida noxush holatlarni seza boshlaydi. Asab tizimida jiddiy o‘zgarishlar vujudga keladi. Asabiylashish, salga jahl chiqishi, uyquning buzilishi, xotirani pasayishi, tez charchash, hamda yurak sohasida og‘riq paydo bo‘ladi.

Insonning tevarak-atrofidan ta’sir etadigan har bir stress(ruhiy zo‘riqish) unga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Natijada immunitet pasayib organizmning kasalliklarga qarshi kurashish qobiliyati susayadi. Ana shunday paytda kishi kasal bo‘lib qolishi mumkin. Yomon so‘z asabni qo‘zg‘atadi. Bir og‘iz noo‘rin so‘z ta’sirchan kishilarning asab tizimini buzadi. Natijada odam o‘zini dar­hol yomon his etadi. Faqat uning yuragi bezovta bo‘libgina qolmay, oyoq-qo‘llari bo‘shashadi. Xotirasi susayadi, aytadigan so‘zini darrov esidan chiqarib qo‘yadi. Shu bilan birga, ichki a’zolar faoliyati buziladi, qonda qand miqdori oshib, og‘iz quriydi, darmonsizlik paydo bo‘ladi, shunga o‘xshash bir qancha o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bu xildagi o‘zgarishlar ba’zan tezda o‘tib ketsa ham, lekin asab tizimida o‘z izini qoldiradi.

Agar bunday salbiy o‘zgarishlar tez-tez takrorlanaversa, ichki a’zolar faoliyati buziladi, natijada kishining boshi yostiqqa tegadi. Shuni unutmaslik kerakki, kishi tash­qi muhitdagi yomon ta’sirga qanchalik sezgir bo‘lsa organizmning infeksiyalarga va yuqumli kaslliklarga nisbatan chidamliligi shunchalik pasayib ketadi. Natijada kishi har xil kasalliklarga tez chalinadigan bo‘lib qoladi, ya’ni uning immun tizimi shikastlanadi.

Odam hadeb asabiylashaversa, kayfiyati tez-tez buziladigan, shovqin-suronni, shodlikni, o‘yin-kulgini yoqtirmaydigan, loqayd bo‘lib qoladi, uyda va ishda tinchlik-osoyish­talik bo‘lishini istaydi.

Tushkun insonlar ko‘pincha hech kim bilan gaplashmasdan, yolg‘iz o‘zi o‘tirib dam olgisi keladi. Bunday alomatlar ko‘pincha asab tizimining muvozanati buzilganligini ko‘rsatadi.

Yana o‘qing:  Noto‘g‘ri ovqatlanish teri kasalliklarini keltirib chiqaradi

Xo‘sh, asabning buzilishiga nimalar sabab bo‘lishi mumkin? Buning sabablari qisqacha quyidagilardan iborat: bo‘lar-bo‘lmas narsalardan xafa bo‘lish, vaqtida dam olmaslik, o‘z turmushidan yoki ish faoliyatidan ko‘ngli to‘lmasligi, oilada bo‘ladigan kelishmovchiliklar, noxush kayfiyat va hokazolar.

Bunday ko‘ngilsiz hollarning oldini olish uchun har bir inson avvalo oilada, ishxonada va ko‘cha-ko‘yda samimiy, xushmuomala bo‘lishi kerak. Shuningdek, mehnat va dam olishni to‘g‘ri tashkil qilish, o‘z vaqtida ovqatlanish, tiniqib uxlash, yoshlik davridan boshlab badanni chiniqtirish lozim. Aqliy mehnat kishilari muntazam ravishda jismoniy ish bilan shug‘ullanib turishlari zarur. Erta bilan turib badantarbiya qilish, sport bilan shug‘ullanish ham asabni mustahkamlab, irodani kuchaytiradi. Ruhiy salomatlikni asrash uchun quyidagilarni tavsiya etamiz:

Kishi sabr-toqatli, mehnatsevar, odob-axloqli, irodali bo‘lishi kerak. Insonda ana shu xususiyatlar qanchalik yaxshi rivojlangan bo‘lsa, u o‘z ruhiy muvozanatini shunchalik saqlay oladi. Bu xususiyatlar esa kasalliklarni oldini olishda muhimdir.

Uyda, ishda, jamoada sog‘lom ruhiy muhitni yaratish, bir-biriga yaxshilik istagi va o‘zgalarga quvonch baxsh etish inson umrini uzaytiradi. O‘ksinish, xafagarchilikni tez yoddan chiqarish, kek saqlamaslik va ehtiroslarni tiya bilish asab tizimini mustahkamlaydi. Bir vaqtning o‘zida ham kulish ham yig‘lashni bolalardan o‘rganish zarur. Hissiyotlarni chiniqtirish va tarbiyalash kerak. Asabiylashish tufayli paydo bo‘lgan adrenalinni (energiya) mushaklarga berish lozim, shunda asab tolalari va qon tomirlar himoyalanadi. Yoqimli musiqa salbiy hissiyotlarni bosishda va charchoqni yo‘qotishda katta ahamiyatga ega. Musiqa va she’riyat insonning so‘z orqali ifodalay olmagan nozik tuyg‘ularini o‘zida aks etadi va tanga orom bag‘ishlaydi. Yoqimli musiqa eshitib dam oling. Bu albatta sizdagi charchoq va ruhiy zo‘riqish (stress)ni yengishda yordam beradi. Ijobiy hissiyotlar, ya’ni haqiqiy kulgu va jilmayish bosh miya qon tomirlari orqali o‘tadigan qon miqdorini oshirib, miya to‘qimasining kislorod bilan ta’minlanishini yaxshilaydi.

Samimiy kulgu miyani chiqindilardan tozalab, ruhiyatni tetik qiladi va yengillashtiradi, kayfiyatni ko‘taradi. Har bir inson hayotda qiyin vaziyatga tushib qolgan paytda, bunday vaziyatning ahamiyatini hayotining asosiy mazmuni bilan xayolan taqqoslab ko‘rishi lozim. Bu taqqoslash vaziyatni yumshatadi, o‘tkinchi bu holat keltiradigan zarar oldida hayotining asosiy mazmuni naqadar ulug‘ ekaniga ishonch hosil qiladi.

Ertalab odatdagidan o‘n daqiqa oldin turing. Ertaga kiyiladigan kiyimlar, zaruriy ish qog‘ozlari, hujjatlarni yotishdan oldin tayyorlab qo‘ying va hokazo.

Xotirangizga ishonmang, kundalik tuting va eng asosiy har kunlik ishlaringizni yozib boring. Bugungi ishni ertaga qo‘ymang, bu stressni, keltirib chiqaradi. Uyda hamma birday ishlashi va foydali mashg‘ulot bilan band bo‘lishi kerak, aksincha bo‘lsa bu sizni asabiylashtiradi. Muvaffaqiyatlaringizni doimo sanab, ko‘ring, bitta omadsizlikka 10 ta omadingizni naqd ekanini eslab ko‘ring.

Yana o‘qing:  Ko‘z nega yoshlanadi?

Suhbati zerikarli va doimo hayotdan noliydigan insonlardan yiroq bo‘ling. Jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullaning. Uyqu asabga orom beruvchi eng yaxshi vosita ekanligini doimo esda tuting. Har kuni 7-8 soat to‘yib uxlang. To‘g‘ri va sifatli ovqatlanish talablariga rioya qiling.

Shuningdek, o‘zgalarga doimo yaxshilik qilib yuring. Atrofingizdagilarga ham tez-tez yaxshi tilak bildirib turing. Bundan avvvalo o‘zingizning kayfiyatingiz ko‘tariladi va ezgulik qalbingizni nurga to‘ldiradi.

Lobar ZOKIROVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: