Onamdan yuqqan “dard”
Onamning bir “kasal”i bor. Kitob o‘qishni yaxshi ko‘radi. Gazeta va jurnallar-ku joni dili. Biz farzandlariga ham bu odat yuqqan. Endilikda nevaralari, evaralarini ham yoniga olib biror nima o‘qib o‘tiradi.
Har safar Samarqandga otlanar ekanman, jurnallar va kitoblar bilan sumkamni to‘ldiraman. Bilaman, bu olib borganlarim yanagi borganimcha onamning qo‘lida besh-olti, akalarim va opalarim qo‘llarida bir-ikki marta aylanib chiqadi. Ularning o‘z kitoblari ham o‘zaro shunaqa aylanib yuradi. Telegram ijtimoiy tarmog‘iga ulangan qarindoshlarimni bir guruhga jamlaganmiz. Ota-onamning rasmini tepaga qo‘yib olganmiz. Har kuni omonlashib turamiz.
Qarindoshlarning biri Rossiya, biri Turkiya, biri Amerika deganday rizqini terib yuribdi. Lekin yaxshi an’anamiz bor. Har kim yangi o‘qigan kitobi haqida yozadi. Boshqalar fikrini aytadi. Bu kichkina avlodga kitobni topib o‘qish uchun rag‘bat ekanini yaxshi bilamiz. Katta akam pensiyaga chiqqanidan beri kitob targ‘ib qiladi.
Ayniqsa, onam uyga kim kelsa, o‘qigan narsalarini gapirib beradi (g‘iybat qilishni bilmasa shu-da). Ayniqsa, men olib borgan kitob va jurnallarni avaylab asraydi (Yanagi kelganimda qaytarib olib ketaman, deb qo‘yaman-da). Nevaralarini oldiga olib o‘qib beradi. Onam ularga dars qildirib, lotin yozuviniyam yaxshi o‘zlashtirib olgan. Bemalol o‘qiydi.
Xullas, onam yoshligidan kitobga o‘zgacha muhabbatli. Buni barcha farzandlariga o‘rgatdi. Serial ko‘radiganlarga, undagi voqealarni muhokama qiladiganlarga indamay qo‘ya qoladi. O‘zi hech qachon serial ko‘rmaydi.