Ertak aytishni bilasizmi?

Shoir Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” dostoni kirish qismidagi misralarni bilmaydigan o‘zbek o‘quvchisini topish qiyin. Shoir o‘zi ta’kidlaganidek, bolaligida “uzun tunlar yotib jim” eshitgan ertaklari kelgusida yetuk shoir bo‘lishiga katta zamin yaratdi. “Oygul bilan Baxtiyor”, “Simurg‘”, “Zaynab va Omon” singari dostonlarida xalq og‘zaki ijodi, bolalikdan quloqqa singgan ertaklar ohangi sezilib turadi.

Aslida ham kitobga mehr ertak eshitishdan boshlanadi. Bola hali kitob o‘qiy olmaydigan paytida ham ertak eshitishga juda qiziqadi. Hatto qaysi ertak qaysi kitobdaligini ham yaxshi biladi. Misol uchun, olti yoshli nabi- ram kitoblar orasidan Muhammad Yusufning she’rlar to‘plamini adashmay topib keladi va “Qizg‘aldoq” she’ri bor sahifani ochib, “Momojon, iltimos shu she’rni o‘qib bering” deb turib oladi. Bu murg‘ak yurakda kitobga, she’rga nisbatan havas uyg‘onganini ko‘rib benihoya sevinaman.

Kitobni majburlab o‘qitish mumkin emas. Takror-takror “Kitob o‘qish kerak – kitob o‘qish kerak” deyavergan bilan bola kitobxon bo‘lib qolmaydi. Bu jarayonni bolalikdan boshlash kerak. Ko‘p kitob o‘qib baxt topgan insonlar hayotidan misollar keltirish, a’lochi bolalarni rag‘batlantirish singari turli usullar orqali bola qalbiga yo‘l topish kerak.

Bolaligimda ertak eshitishni yaxshi ko‘rardim. Sofiya ammam yarim tungacha aytgan er- tak va matallarning ayrimlari hamon yodimdan chiqmagan. Men ertaklarda eshitgan olam nihoyatda nurli, g‘oyat maftunkor edi. U olam sehri-la uxlab, tushlarimda davomini ko‘rardim. Kunduzlari esa odamlar orasidan ertak qahramonlarini izlardim. Onam mayda-chuyda solib qo‘yadigan sandiq – Tohir daryoga oqizilgan sandiq, qo‘shnimizning doim arazlab o‘tiradigan dangasa qizi aynan Qimmatning o‘zginasi edi, ba’zi kampirlar hazillashib uni “Qimmat” deb chaqirishardi ham. “Uch og‘ayni botirlar” ertagidagi Kenja botir o‘zimning akam edi. U halol, rostgo‘y, hech kimdan yordamini ayamaydigan mard yigit edi.

…Yillar o‘tdi, ertak nimayu, kitob nima ekanligini ajrata boshladim. Men sevgan ertaklar ana shu kitoblar qatiga yashiringaniga ishondim. Endi tunlari ammam va onamga yalinmasdim. Yettinchi lampaning xira yorug‘ida muk tushib kitob o‘qirdim. Ularning ayrimlari eski, titilib ketgan bo‘lsa-da, bag‘rimga bosardim, tunlar yostig‘imning tagiga qo‘yib yotardim. Uning hidlari ham men uchun yoqimli edi.

“Bo‘lgan voqealar”, “Yetti qarg‘a” nomli ertak kitoblarni, Oybekning “Bolalik” qissasini, Hamid Olimjonning “Oygul bilan Baxtiyor” dostonini o‘qigandagi taassurotlarimni hamon eslayman.

Yoshim ulg‘ayib sevimli maskanim – kutubxonalarga qatnab, kitob saralaydigan bo‘ldim. Endi ertaklar olami emas, katta hayot, muhabbat mavzusidagi kitoblar meni o‘ziga tortardi. Esimda, Habib No‘mon degan yozuvchining “Yoshlikdan bergan ko‘ngil” degan kitobining muqovasi ham, o‘zi ham nihoyatda chiroyli edi. U muhabbat mavzusida o‘qigan ilk kitobim bo‘lib, takror-takror mutolaa qilganman.

Yana o‘qing:  Bori elga yaxshilik qilg‘ilki, mundin yaxshi yo‘q...

O‘qigan kitoblarimni yig‘ardim. Paxsa devorli eski uyimizda jovon yo‘qligi sabab ularni sandiqqa solib qo‘yardim. Sandiq ichida mening shaxsiy kutubxonam vujudga kelgandi. Bebaho boyligimni ana shu tariqa to‘play boshladim.

Haqiqatan ham, kitobdan ortiq boylik, kitobdan yaqin do‘st, kitobdan o‘tadigan yo‘l bosh lovchi bo‘lmas ekan. U nurli manzillarga, orzuning oppoq yo‘llariga yetaklab borarkan. Chekka bir qishloqda, oddiy dehqon qizini nufuzli oliygohga yetaklagan, a’lochi talabalar safida imtiyozli diplom olishga musharraf qilgan, Xalq o‘qituvchisi degan ulug‘ unvon olib bergan – ana shu kitoblardir. Men ulardan umrbod minnatdorman. Dunyoni tanitgani, baxt eshiklarini ko‘rsatgani uchun. U bergan sururni, lazzatni boshqa hech narsa bera olmaydi. Buni faqat uni sevishdek baxtga muyassar insongina tushunadi, his qiladi.

…Bugun ertak eshitayotgan bola ertaga Chingiz Aytmatovni, Abdulla Qodiriyni, Abdulla Oripovni, Shukur Xolmirzayevni o‘qiydi. Ertaklar orqali o‘z olamini topadi. Farzandlarimizga, nabiralarimizga ertak aytib berishdan charchamaylik.

Darvoqe, ertak aytishni bilasizmi?

Bo‘ston RAHMONOVA

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: