“Sizga kimyoterapiya tavsiya etiladi…”
Hozirgi vaqtda onkologiya xastaliklari insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda.
Rivojlangan davlatlar aholisi o‘rtasida o‘tkazilgan ijtimoiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, odamlarda eng ko‘p qo‘rquv onkologik xastaliklarga nisbatan yuqori bo‘lishini ko‘rsatdi. Lekin onkologiya fani va amaliyoti bugungi kunga kelib shu darajada taraqqiy etdiki, endi ushbu kasallikka chalinganlarning aksariyati batamom sog‘ayib ketish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Ayniqsa, bemorda ushbu xastalik dastlabki bosqichda aniqlanganda davolash ijobiy natija berayotir.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, zamonaviy onkologiya amaliyotida uchta asosiy davolash usuli qo‘llaniladi: jarrohlik, nur bilan davolash (nur terapiya) va o‘smaga qarshi dori vositalar bilan davolash usuli. Ularni ko‘pincha qo‘shib qo‘llash amaliyotda keng tarqalgan.
Bugungi kunda o‘smaga qarshi bemorlarga turli kimyoviy dori-darmonlar, gormonlar qo‘llanilmoqda. An’anaga ko‘ra tibbiyot adabiyotlarida, ommaviy axborot vositalarida va xalq orasida dori-darmon bilan davolash usuli “kimyoterapiya” so‘zi bilan ataladi. Lekin ko‘pchilik odamlar ongida bunday davolash usuliga nisbatan salbiy munosabat shakllangan. “Sizga kimyoterapiya tavsiya etiladi…”, degan so‘zlardan so‘ng aksariyat bemorlarda ikkilanish holati paydo bo‘ladi. Shu bois onkolog-kimyoterapevtlar bemor va uning yaqinlariga oddiy tilda kimyoterapiya haqida to‘liq ma’lumot berishlari zarur.
Hozirgi kunda Respublika Onkologiya ilmiy markazida jarrohlik amaliyotidan oldin ko‘plab bemorlarda kimyoterapiya usuli qo‘llanilayotgani bois davolash jarayonlari ancha yengil kechmoqda. Jarrohlik amaliyotiga ko‘rsatmalar bo‘lgan ba’zi kasalliklarning birinchi bosqichida dori-darmon bilan o‘smaga qarshi davolash usuli (2-4, 6 kursgacha) o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – subklinik (tashhislash usullar yordamida aniqlanmaydigan), aniqlangan metastazlar va birlamchi o‘choqda joylashgan o‘sma hujayralarining ko‘payishi va tarqalishini to‘xtatishdir. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha markazimizga davlat granti ajratilgan bo‘lib, ayni paytda yetuk mutaxassislar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
Operatsiyadan oldin kimyoterapiya usuli qo‘llanilgan va qo‘llanilmagan bemorlarning xastalikdan xalos bo‘lish holatlari baholanganda, kimyoterapiya olgan bemorlarda retsidivsiz, ya’ni kasallik qaytalanmasligi kuzatilgan.
Onkologiya bemorlarini davolashda qo‘shma va kompleks davolash rejalariga jarrohlik usulidan tashqari, mahalliy davolash usullaridan biri nur terapiya ham kiritilgan. Bemorlarga davo usullari bir vaqtda, ketma-ket qo‘llanilishi mumkin. Ba’zi bemorlarda asosiy davolash usuli nur terapiya bo‘lgan holatlarda kimyopreparatlar fonida nurlanish o‘tkaziladi. Sababi dori vositalar modifikator xususiyatiga ega bo‘lgani uchun nurni davolash samarasini oshirib beradilar.
Jarrohlik amaliyoti, shuningdek, nur terapiyasiga qarshi ko‘rsatmalar bo‘lganda yoki bu usullar bemorni yaxshi bo‘lishi uchun qo‘llash maqsadga muvofiq bo‘lmaganda, o‘smaga qarshi dori-darmon bilan davolash yagona samarali usuldir.
Kimyoterapiya olayotgan kishilarda davolash ishlari samarali bo‘lishi uchun nafaqat kimyoviy dori vositalari, balki birgalikda olib borilayotgan farmakoterapiya, simptomatikterapiya kasallikni belgilariga qarab davolashning ham ahamiyati yuqoridir. Bu guruhga xastalik bois namoyon bo‘lgan, bemor ahvolini og‘irlashtiradigan holatlar yoki davolash sababli rivojlangan nojo‘ya ta’sirlarni bartaraf qiluvchi va kamaytiruvchi dori vositalar, hayot uchun zaruriy, shu bilan birga ichki a’zolar faoliyatini tiklab va saqlab turuvchi preparatlar kiritilgan. Avvallari bemorlarda kuzatilgan kimyopreparatlarning zaharli ta’sirini endilikda o‘smaga qarshi zamonaviy dori preparatlarini qo‘llash va simptomatik terapiyani to‘g‘ri o‘tkazish bilan oldini olsa bo‘ladi. Bu bilan xasta insonlarda nojo‘ya ta’sir belgilari rivojlanmaydi.
Kimyoterapiya samarasi bemordagi o‘sma xujayralarining to‘g‘ridan to‘g‘ri kimyoviy preparatlar turg‘unligiga bog‘liq. Bu o‘z navbatida, o‘smaning biologik (molekulyar, gen, retseptor, immunogisto (kimyoviy) xususiyatlari bilan o‘lchanadi. Ikkita bir xil xavfli o‘sma tashhisi qo‘yilgan bemorga tavsiya qilingan preparatlar ularga turlicha ta’sir etishi mumkin. Buning sababi o‘sma hujayralarini bir-biriga o‘xshamaydigan o‘ziga xos biologik xususiyatlaridir.
Tekshirish natijalariga ko‘ra bemorga xavfli o‘sma tashhisi qo‘yilgandan so‘ng o‘smani biologik xususiyatlari aniqlanib, unga qarshi bioterapiyani tavsiya qilish mumkin. Bioterapiya o‘z ichiga target (avastin, gerseptin, mabtera, glivek, neksavar va boshqalar), gormonal (tamoksifen, zolodeks, femara, egestrozol va boshqalar), immunoterapiya (interferonlar, sitokinlar, interleykinlar) kiritadi. Kimyoterapiya bilan birgalikda o‘tkazilgan bioterapiya usullari dori darmon bilan davolash usuli samarasini oshirib, bemorlarni tez oyoqqa turishiga ko‘maklashadi.
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan o‘sma kasalliklariga qarshi kurashish usullarini yangi bosqichga olib chiqish uchun ko‘plab amaliy ishlar qilinmoqda. Barcha viloyat onkologiya dispanserlarida kimyoterapiya bo‘limlari to‘liq ta’mirlanib, zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, ayni paytda Respublika Onkologiya ilmiy markazi klinikasida birinchi va nisbatan yangi tashkil qilingan ikkinchi kimyoterapiya bo‘limlari, bolalar kimyoterapiya bo‘limi faoliyat ko‘rsatmoqda. Yaqin kelajakda bemorlarga ambulator kimyoterapiya xizmatini tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, dispanserda faoliyat yuritayotgan kimyoterapevt mutaxassislariga ROIM kimyoterapiya bo‘limlarida yetuk mutaxassislar tomonidan amaliy va nazariy bilim berishning yo‘lga qo‘yilganligi soha rivojiga qo‘yilgan yana bir muhim qadam bo‘ldi. Bundan tashqari o‘smaga qarshi dori vositalari bilan davolash usuli samarasini yaxshilash maqsadida markazda bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Onkologiya amaliyoti uchun juda muhim bo‘lgan yutuq – markazda kolxitsin asosida bir qator yangi va samarali xavfli o‘smalarga qarshi preparatlar yaratilib, tajriba sinovlardan o‘tkazilib bemorlarda ishlatishga ruxsat olish arafasida.
Bu qilinayotgan sa’y-harakatlarning bari xalqimiz salomatligini mustahkamlash, millat genofondini yaxshilash, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishdan iboratdir.
Doniyor PO‘LATOV,
Respublika Onkologiya ilmiy markazi I va II kimyoterapiya bo‘limi ilmiy rahbari, tibbiyot fanlari doktori