Osmondagi qushlar uyasi

Uzoqdan qushlarning tanish ovozi eshitiladi. Keyin bu ovoz asta yaqinlashadi. Qushlar galasi osmonni to‘ldiradi. Bolalar deraza oynalariga yopishib, chapak chaladi.

Ularni kuzatadi: qushlar goh aylana bo‘lib qanot qoqadi. Goho bir-birlariga yo‘l berayotganga o‘xshaydi. Qarab tursangiz, ochilib yopilayotgan gul shaklini oladi. Bir zumda tizilishib parvozida davom etadi. Bolalar esa qushlardan ko‘zini uzmay onasini savolga tutadi:

– Qushlar raqsga tushadimi?

– Shunaqa bo‘lsa kerak, – ona miyig‘ida jilmayib qo‘yadi.

– Unda qushlar qo‘shiqsiz o‘ynaydimi-a?…

– O‘zi qo‘shiq aytib, o‘zi o‘ynaydi.

– Unda kim chapak chaladi?

– Shamol, bo‘lsa kerak-da.

– Bizlar ham qarsak chalsak bo‘ladimi?

– Albatta, – ona derazaning oynasini asta yopadi. – Sal nariroq turinglar, shamollab qolasizlar.

– Qushlar shamollab qolmaydimi?

– Ular o‘rganib ketishgan, osmon o‘zlarining uyi-da, bolam.

– Osmonda qushlarning uyasi bormi?

– Uyiga uchadigan yo‘l bor, arg‘imchoq solib uchaveradi.

– Arg‘imchoq biznikiga o‘xshamaganmi, nimaga ko‘rinmaydi?

– Ularning arg‘imchog‘i o‘zi bilan bolam.

– Men qushlarning arg‘imchog‘iniyam, o‘ziniyam yaxshi ko‘raman. Ular haqida ertak eshitgim kelyapti.

– Ertakni-ku bilaman. Ammo senga o‘zim ko‘rgan, bilgan voqyeani aytib beraqolay.

– Bo‘pti…

– Qushlar judayam aqlli bo‘ladi. Yaxshilikni, mehrni unutmaydi. Yoshligimizda tog‘ang oppoq kabutarlar boqardi. Biz ularni paypoqli kabutarlar derdik. Hovlimizning bir chekkasidagi ajratilgan yerga don separdik. Ular darrov paydo bo‘lardi. Uchib kelardi-da, parvo qilmay donlashga tushardi. Ba’zan tog‘angning qo‘lidagi donni yeb, keyin yelkasiga chiqib g‘urillardi.

– Erkalanarkan-da, rahmat aytganimidi, bu. – Qizaloq shoshgancha savolida davom etadi. – Bizlar ham rahmat aytamiz-ku…

– Ha… Qaldirg‘ochlar esa bola ochgan uyasini hech qachon unutmaskan.

– Laylak, turna, oqqush haqida eshitgansan-a?

– Eshitganman ozgina… Lekin sizga o‘xshab o‘zimning ko‘zlarim bilan ko‘rgim kelyapti. Ular ertakdan ham yaxshi ekan.

– Unda har kuni tabiatni kuzat. Ko‘rganlaringni yozib borish uchun daftar tut.

Qizaloq sevinib ketdi. Sumkasidan yangi daftar oldi. Muqova ustidagi birinchi qatorga “Tabiat kundaligi”, deb yozib qo‘ydi. Quloqlari ostida qushlarning arg‘imchoq solib uchayotgan ovozi jarangladi.

D. SHOMALIKOVA

Яна ўқинг:  Эл саломатлиги фидойилари

Читайте также:

Добавить комментарий

Ваш адрес email не будет опубликован. Обязательные поля помечены *

Сообщить об опечатке

Текст, который будет отправлен нашим редакторам: