«Quloqchin»li KITOB

yoxud ba’zi yoshlarning «telefonparast»ligidan ham mutolaaga mehr uyg‘otish maqsadida foydalanish mumkin

Afsuski, bu yoshlarning aksariyati smartfonning xotira kartasi imkoniyatlaridan faqatgina MP-3 formatda qo‘shiq tinglash yoxud klip ko‘rish, surat va videolavhalarni saqlab qo‘yish uchungina foydalanishadi. Bu ta’bir joiz bo‘lsa, atomning kuchini o‘tin yorishga sarflash bilan barobardir.

Vaholanki, o‘sha mittigina «chip»da butun boshli kutubxonaning kitobini (elektron variantini) saqlash mumkin. Ilm-fan etagini tutgan, mutolaaning hayotdagi ahamiyatini teran ang­lagan yoshlarimiz uchun qo‘llaridagi mo‘jazgina smartfon shunchaki ko‘ngilxushlik vositasi emas, balki kerak bo‘lganida darslik, qo‘llanma, spravochnik, lug‘at, ensik­lopediya, test to‘plamlari, ko‘rgazmali qurol, globus, xarita… – xullas ongu tafakkurini boyitish manbaiga aylana oladi.

Endi bir tasavvur qiling. Xonadoningizda tomorqa yumushlari bilan mashg‘ulsiz. Aytaylik, yer ag‘daryapsiz. Yoxud uy ta’mirlayapsiz. G‘isht ter­yapsiz, bo‘yoq bilan ishlayapsiz. Yo dalada paxta ter­yapsiz. Yoki poyezdda yo‘l tanobini tortib ket­yapsiz… Shunday sharoitda yumushingizdan chalg‘imasdan turib, mutolaa bilan shug‘ullanishingiz mumkinmi? Albatta, mumkin. Ham ishingiz to‘xtab qolmaydi, ham o‘zingiz yoqtirgan kitob bilan yo‘l-yo‘lakay tanishaverasiz.  Eng muhimi, vaqtingiz tejaladi.

Hatto ketmon chopib turib ham  istasangiz – Navoiy yo Qodiriy, istasangiz – Tols­toy yoxud Xemingueyni bemalol «xatm» etishingiz mumkin. Yoki sport bilan shug‘ullana turib, test sinovlariga tayyorgarlik ko‘rish imkoniga ega bo‘lasiz. Bu, ayniqsa, o‘qiganidan ko‘ra eshitgani tez yodida qoladiganlar uchun koni foyda. 

Sir emas, bugungi kunda ko‘pgina yoshlarning zamonaviy qurilmalar (smartfonlar, planshetlar)ga ruju qo‘yishi kitobga bo‘lgan mehri pasayib borishiga sabab bo‘lmoqda. Yangi kitoblar narxining biroz qimmatligi ham yuqorida aytib o‘tilgan muammo sabablaridan biridir.

– «Xalaqit bergan odamning o‘zi yordam beradi bizga», degan ibora bor mashhur filmlarimizdan birida, – deydi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali talabasi Sohibjon Norqobilov. – Ya’ni tengdoshlarimizning «telefonparast»ligidan ham mutolaaga mehr uyg‘otish maqsadida foydalanishimiz mumkin. Fikrimcha, darslik, qo‘llanma yoki badiiy bo‘lsin – barcha turdagi kitoblarni audio shaklga o‘tkazish va ularni o‘quvchi-yoshlarga tarqatish kitobxonlar auditoriyasi kengayishiga olib keladi.

Bu borada bir loyihaga qo‘l urdim. Kelgusida qishloq guzarida tashkil etiladigan  shaxsiy kitob do‘konim qoshida «Kitob eshitamiz» multimedia-audio markazini tashkil qilish maqsadida izlanishlar olib boryapman. Hozircha fondda mavjud kitob­larning audiovariantlarini tashkil qilish va flesh-xotiralarga joylashtirib, savdoga chiqarish niyatidaman.

Yana o‘qing:  ADABIYOT – ma’naviyat ko‘zgusi

Sohibjon taklif etayotgan loyihaning o‘ziga xosligi shundaki, audiokitoblarning bir nechtasi zamonaviy qurilmalarning flesh-xotiralariga maxsus algoritmlar yordamida shifrlanib, joylashtiriladi. Ko‘chirish va ko‘paytirish imkoniyatlari cheklanadi, natijada tinglovchilar faqat kitobni eshitishlari mumkin. Ustiga boshqa audioyozuvlar, masalan, musiqa yoki kliplarni yozish imkoni yo‘q.

Darvoqe, audiokitobdan foydalanadigan kitobxonlarni, ko‘pincha, bitta muammo qiyin vaziyatga solib qo‘yadi. Bosma kitobni o‘qiyotganlar to‘xtab qolgan sahifalariga xatcho‘p qo‘yib yoki shunchaki qo‘polgina tarzda sahifani buklab qo‘yib, keyin yana mutolaani o‘sha joydan davom ettirishlari mumkin. Audiokitoblarda esa kelib qolgan joyingizni izlab ovora bo‘lasiz yoki yana boshidan ting­lashingizga to‘g‘ri keladi. Qahramonimiz bu muammoga ham barham berishni maqsad qilgan. U taklif etayotgan  audiokitoblarda to‘xtab qolingan joyni osongina topish imkoni mavjud bo‘ladi.

Yana bir muammo. Internet orqali yuklab olish taklif etilayotgan audiokitoblarning ayrimlari mahoratli suxandonlar, aktyor va aktrisalar tomonidan ifodali, obrazli, aniq-tiniq va ravon tarzda o‘qilgan. Ayniqsa, taniqli suxandon Qodir Maxsumov tomonidan musiqa fonida o‘qilgan mumtoz g‘azallar yoki Afzal Rafiqov, ­Boir­­ Xolmirzayev, Dilmurod Uzoqov singari mashhur san’atkorlarimiz ijrosidagi ovozli kitoblar yoxud mashhur asarlar asosida sahnalashtirilgan  radiospektakllar kishini beixtiyor mutolaaning sehrli olamiga yetaklaydi. Biroq internetda shunday «audiokitob»lar ham borki, uni yaratganlar go‘yo ko‘chadan birinchi uchragan tasodifiy odamni ushlab olib, mikrofon oldiga o‘tqazib qo‘yishgandek. Bechora «suxandon» goh gapini yo‘qotib qo‘yadi, goh yo‘talib yo tomoq qirib qoladi, goh shevaga o‘tib ketadi. Albatta, bunday sifatsiz mahsulot xaridorini topishi qiyin. Shu bois ham bu borada «chumchuq so‘ysa ham, qassob so‘ysin» qabilida ish tutgan ma’qul.

«Kitob eshitamiz» loyihasi doirasida kamida 5-6 nafar yoshning ish bilan ta’minlanishiga erishish ko‘zda tutilmoqda. Har bir ishchining o‘ziga biriktirilgan vazifasi mavjud. Ya’ni ish boshqaruvchi, asar (matn) tanlovchi muharrir, ovoz operatori, suxandon, kompyuter montaji ustasi, audiokitob qadog‘i dizayneri kabi ishchilarga tegishli vazifalar taqsimlangan. Matnlar esa albatta tegishli nashriyotlar tomonidan chop etilgan kitoblardan olinadi.  Bu borada mualliflik huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik asosida tegishli shartnomalar imzolanadi. Audiomahsulot xuddi kinofilm disklari singari qadoqlanadi. Qadoq usti, ya’ni audiokitob «muqova»si asar qahramonlarining suratlari bilan bezatiladi. Bu mahsulotni bemalol yaqinlaringizga sovg‘a ham qilishingiz mumkin.

Dasturiy mahsulot, ­ya’ni audio-kitoblar barcha o‘quvchi-yoshlar va qiziquvchilar ommasiga mo‘ljallangan bo‘lib, undan istalgan vaqtda (dam olish, jismoniy mehnat, sport bilan shug‘ullanish paytida) va istalgan joyda (masalan, transportda) foydalanish mumkin.

Yana o‘qing:  SALOMATLIK YO’LIDAGI OGOHLIK

– Hozirgi kunda bir dona badiiy kitobning narxi taxminan 20-30 ming, 1 Giga baytli flesh-xotiraning narxi 15-20 ming so‘m atrofida turadi, – deydi Sohibjon. – Unga esa kamida 20 ta audiokitobni joylashtirish mumkin. ­Ya’ni 20 000 so‘mga bitta kitob olgan qayoqdayu, shu pulga 20 ta audiokitob olgan qayoqda?! Bu foydalanuvchilarning mablag‘larini va vaqtlarini tejashlariga olib keladi.

Yana bir muhim jihati shundaki, ushbu loyiha orqali tayyorlanadigan audiokitoblarni ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlarga bepul tarqatish rejalashtirilgan. Demak, loyiha amalga oshishini kuzatib boramiz…

Nuriddin EGAMOV

Chitayte takje:

Dobavit kommentariy

Vash adres email ne budet opublikovan. Obyazatelni’e polya pomecheni’ *

Soobsh’it ob opechatke

Tekst, kotori’y budet otpravlen nashim redaktoram: