MUZLATILGAN SUV
Uning foydasi yoki ziyoni haqida nimalarni bilamiz?
Hozirda iste’mol qiladigan suvimiz ekologik nomutanosibliklar bois ifloslanib, uning tarkibida erigan holda zararli va zaharli moddalar: qator og‘ir metallar tuzi, turli organik birikmalar va boshqa shunga o‘xshash organizm uchun xavfli bo‘lgan moddalar bo‘lishi mumkin. Bunday suvni iste’mol qilish kishilar hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, bo‘g‘imlarda, qon tomirlarining devorlarida hamda hazm a’zolarining shilliq qavatida cho‘kmalar hosil qiladi. Bu esa qator kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Xususan, kundalik ishlatadigan ichimlik suvimizning asosiy qismida vodorod atomi o‘rnini deyteriy egallagan. Ma’lumki, deyteriy og‘ir element hisoblanadi. Agar iste’moldagi suvda bu element yuqori bo‘lsa, organizmga kuchli zahar sifatida ta’sir ko‘rsatadi. Tabiiyki, bunday suvning vujudda o‘zlashtirilishi ancha og‘ir kechadi. Soha mutaxassislarining oldida turgan muammolardan biri ham ichimlik suvini har xil qo‘shimcha zaharli moddalardan tozalashdir.
Bugungi kunda suvni tozalashning turli texnologik usullari hayotga joriy etilgan. Biz aytmoqchi bo‘lgan usul uy sharoitida, juda qulay va oson bajariladi. Buning uchun suvni kerakli darajada muzlatib, so‘ng qayta eritish kifoya. Bu o‘tkazilgan ilmiy kuzatishlar davomida aniqlangan. Shu usul orqali iste’mol uchun yaroqli, shifobaxsh suv olish mumkin. Bunda dastlab odatdagi ichimlik suvi 1-2 daqiqa davomida qaynatiladi. Shundan so‘ng qaynatgichning og‘zi yopilgan holda uning harorati 20-25 darajaga tushguncha sovuq suvda ushlab turiladi. Suv og‘zi keng, tubi tor idishlarga, masalan, piyola yoki stakanlarga solinib, sovutgich muzxonasiga qo‘yiladi va to‘la muzlaganidan keyin u olinib, xona haroratida eritiladi. Idishda yong‘oq kattaligidek muz qolganda suvdan ajratilib olib tashlanadi. Undan foydalanish mumkin emas, chunki bu muz tarkibida yuqorida qayd qilganimiz, zararli moddalar to‘plangan bo‘ladi. Shunday qilib, eritib olingan suv keraksiz moddalardan tozalandi va uni iste’mol qilish mumkin. Bu suvning foydalilik xususiyatlari kamida 8 soat saqlanadi.
Kishi bir sutka davomida o‘z tana og‘irligining 1 foiziga teng bo‘lgan (masalan, tana vazni 50 kilogramm bo‘lgan odamda 500 gramm) miqdorda eritib olingan suvni kuniga 3-4 marta ovqatdan yarim soat oldin 30-40 kun davomida ichib borsa, kuzatilgan qator kasalliklar yengillashadi. Bu jarayon 8-9 oy davom ettirilganida esa yanada yaxshiroq natijalarga erishish, hatto kasalliklardan butunlay qutulish mumkin. Ya’ni yurak urishi va nafas olishning tezlashishi, oshqozon ichak yo‘llari kasalliklari, qon bosimi ko‘tarilishi yoki pasayishi, jigar, asab tizimi kasalliklari, organizmda yog‘ almashinuvi va boshqalarga davo topish mumkin. Darvoqe, ushbu suvni birdaniga ichmasdan, bo‘lib-bo‘lib, ya’ni ho‘plab ichilsa yanada foydali bo‘ladi. Maslahatimiz, sog‘lom odamlar ham yuqorida aytilgan me’yor miqdorining teng yarmini ichib yurishsa, o‘zlarini kasalliklardan himoyalaydi.
O‘lkamizda yetishtiriladigan meva-chevalar hamda poliz mahsulotlari tarkibidagi suv yoki ulardan tayyorlangan sharbat ham muzlatilganida qayd qilingan toza suv kristallari singari struktura tuzilishiga ega bo‘ladi. Shuning uchun yoz paytlarida va umuman kishi chanqaganida toza holda meva-chevalar va sabzavotlardan yoki ularning sharbatidan iste’mol qilishsa, salomatliklari uchun koni foyda bo‘ladi.
Ba’zilar iste’molda distillangan suv ishlatishini aytishadi. Bu to‘g‘ri emas. Chunki distillangan suv tayyorlashda, u uzoq vaqt yuqori haroratda qaynatilib, bug‘ holiga keltirilganidan keyin sovitiladi. Ushbu jarayon davomida suv tozalanadi va undagi ayrim shifobaxsh xususiyatlar ham yo‘qoladi. Bu suvdan turli dori-darmonlar, har xil eritmalar tayyorlashda foydalanish mumkin. Ammo iste’molda ko‘p ishlatish tavsiya etilmaydi.
Muhimi, uy sharoitida ham toza ichimlik suvi tayyorlashimiz mumkin ekan. Bu juda oddiy va oson usulki, sizu bizning sog‘ va uzoq umr ko‘rishimiz uchun xizmat qiladi.
Sh.QURBONOVA,
biolog